O‘zbekiston | 07:33 / 11.07.2022
2204
5 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryodagi ishsizlarni kasbga o‘qitish tajribasi barcha hududlarda joriy etiladi

Prezidentning “Zamonaviy kasbiy ko‘nikmaga ega malakali ishchi kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligining Qashqadaryo viloyati Koson tumanida joriy etilgan ishsizlarni kasbga o‘qitish tajribasini bosqichma-bosqich tuman va shaharlarda tashkil etish bo‘yicha taklifi ma’qullanadi.

Bunda:

a) 2022 yilda “Ishga marhamat” monomarkazlarini tashkil etish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufiga berilayotgan professional ta’lim muassasalari ro‘yxati;

  • 2022-2023 yillarda “Koson” tajribasini tuman va shaharlarda tashkil etish reja-grafigi tasdiqlanadi;
  • “Koson” tajribasi asosida “Ishga marhamat” monomarkazlari faoliyatini tashkil etish va takomillashtirishga oid “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanadi;
  • “Koson” tajribasi joriy etiladigan tuman va shaharlarda “Ishga marhamat” monomarkazlari tashkil etiladi;
  • “Ishga marhamat” monomarkazlari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufidagi kasb-hunarga o‘qitish markazlari negizida tashkil etiladi, kasb-hunarga o‘qitish markazlari mavjud bo‘lmagan tuman va shaharlarda esa boshqa ta’lim muassasalarida ijara asosida joylashtiriladi;
  • tashkil etilgan “Ishga marhamat” monomarkazlari mos ravishda Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahar monomarkazlari etib belgilanadi;
  • “Ishga marhamat” monomarkazlari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar monomarkazlari tomonidan amalga oshiriladi;
  • Toshkent shahridagi Yashnobod “Ishga marhamat” monomarkazi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi respublika “Ishga marhamat” monomarkazi sifatida qayta tashkil etiladi va barcha “Ishga marhamat” monomarkazlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi bosh muassasa etib belgilanadi;

b) respublika “Ishga marhamat” monomarkazida:

  • monomarkazlar tizimi faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tashkil etiladi;
  • direktorga Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri maslahatchisi maqomi beriladi;
  • xorijiy tajribani monomarkazlar faoliyatiga tatbiq etish bo‘yicha xorijiy mutaxassislardan direktor o‘rinbosari tayinlanadi, uning ish haqi Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan to‘lab beriladi, ish haqi miqdori Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan mustaqil belgilanadi;

v) “Ishga marhamat” monomarkazlari va ularning filiallarida:

  • ish faoliyati olti ish kuni rejimiga o‘tkaziladi, shuningdek, idora, tadbirkorlik sub’yektlari va fuqarolarning buyurtmasiga asosan kechki payt va dam olish kunlari ishlashiga ruxsat beriladi;
  • pulli o‘quv kurslar (xorijiy tillar, buxgalteriya, AKT va b.) hamda xizmatlar (tarjimonlik, dizayn, media xizmatlar va b.) ko‘rsatish kengaytiriladi, tushgan tushumlar o‘quv jarayonida yarim tayyor, tayyor mahsulotlarni (tovar, ish, xizmatlarni) ishlab chiqarish, xodimlar malakasini oshirish va ularni rag‘batlantirish uchun sarflanadi;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslar, ishsiz va boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar o‘quv faoliyati uchun zarur bo‘lgan, bir shartnoma bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdori ellik baravarigacha qiymatdagi ehtiyot qismlar, xomashyo, o‘quv qurollari va boshqa materiallarni xarid qilish to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzish orqali amalga oshiriladi, bunda tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridiga oid shartnomalar va ularga qo‘shimcha kelishuvlar “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” davlat unitar korxonasida ekspertizadan o‘tkazilmaydi;
  • texnik va texnologik jihatdan murakkab bo‘lgan, yuqori malaka talab etiladigan kasblar bo‘yicha o‘qish jarayonini 10 oygacha bo‘lgan muddatda o‘tkazishga ruxsat etiladi;
  • xorijga ketmoqchi bo‘lgan fuqarolarni chet tiliga o‘qitish xarajatlari bandlik maqomidan qat’i nazar “labor migration” dasturiy majmuasidan ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi tomonidan qoplab beriladi.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid