Jahon | 19:01 / 12.07.2022
34116
7 daqiqa o‘qiladi

Ukraina rossiyaliklarning Xersondagi bazalariga hujum qilmoqda. Bu haqda nimalar ma’lum?

Ukraina hukumati dushanba kuni kechqurun rossiyalik harbiylarning Xerson oblasti Nova Kaxovka shahridagi qurol-yarog‘ omboriga zarba berilganini ma’lum qildi. Shahar urushning ilk kunidayoq RF armiyasi nazoratiga o‘tgan. Rossiya tomonidan tayinlangan «yangi hukumat» portlashlar mineral o‘g‘itlar saqlanadigan omborda bo‘lganini aytgan.

Foto: Sergey Bobilev / TASS

Nova Kaxovkaga qilingan hujum haqida Odessa oblasti ma’muriyati rahbari Sergey Bratchuk va Xerson oblasti rahbari maslahatchisi Sergey Xlan ma’lum qilgan.

Nova Kaxovka - Xerson oblastidagi rayon markazi hisoblanadi.

Bu Ukraina janubidagi rossiyalik kuchlar uchun strategik jihatdan muhim shahar bo‘lib, u bosqinning ilk kunidayoq egallab olingandi. Uning yonida Kaxova gidroelektrstansiyasi va Dnepr suvlarini Qrimga yetkazib beruvchi Shimoliy Qrim kanalining gidrotexnik inshootlari joylashgan. Rossiya qo‘shinlari shahardan front ortidagi baza va logistik markaz sifatida foydalanadi.

Hozirda hodisa haqida nimalar ma’lum?

Ukraina hukumati mamlakat qurolli kuchlari zarbalari rossiyaliklarning o‘q-dori saqlanuvchi omboriga berilganini ma’lum qilgan. Ukraina qurolli kuchlarining «Janub» operativ qo‘mondonligi rossiyaliklarning o‘q-dori ombori yo‘q qilingani haqida hisobot bergan.

Sergey Xlan feysbukdagi sahifasida shunday yozadi: «Nova Kaxovkada rossiyaliklarning yana bir o‘q-dori ombori hisobdan chiqdi. Tashishdi, tashishdi, g‘amlashdi, g‘amlashdi, g‘amlashdi va mana tunda mushakbozlik ko‘rishdi. Odamlarning derazalari to‘kilib tushgan, ammo baribir ular xursand bo‘lishmoqda, chunki bu shuni anglatadiki, Ukraina qurolli kuchlari shu yaqin atrofda».

Rossiya davlat nashrlari avvaliga o‘z manbalariga asoslangan holda Kaxova GES hududiga zarba berilganini xabar qilishdi. Ammo bir necha soat o‘tib Xerson oblastining Rossiya tomonidan tayinlangan harbiy-fuqarolik ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Kirill Stremousovga asoslangan holda GES haqidagi ma’lumot rad etildi.

Keyinroq «harbiy-fuqarolik ma’muriyati» Nova Kaxovkada kuchli portlash ro‘y bergani - selitra saqlanayotgan ombor portlatilganini xabar qildi. TASS agentligi xabarida aytilishicha, Ukraina qurolli kuchlarining Nova Kaxovkaga zarbalari «mineral o‘g‘itlar saqlangan omborda portlashlarga olib kelgan».

BBC News Ukraina hisoblashicha, bu so‘nggi ikki hafta ichida Ukrainaning bosib olingan hududlaridagi o‘q-dori omborlari va harbiy bazalariga ukrain harbiylari tomonidan yo‘llangan o‘n beshinchi zarba bo‘ldi.

Bu arsenallar Rossiya qo‘shinlarining front chizig‘idan ancha ichkarida joylashgandi va yaqingacha Ukraina qurolli kuchlari uchun yetib bo‘lmas nishonlar sanalardi. Bunga qadar ham ukrain harbiylari ba’zida raqibning qurol omborlari va boshqaruv punktlariga zarbalar yo‘llab turgan, ammo bu to‘g‘ridan to‘g‘ri front chizig‘ida ro‘y berar yoki diversiya harakatlari orqali amalga oshirilardi.

Hujum oqibatlari haqida nimalar ma’lum?

Kaxovka rayonining Rossiya hukumati tomonidan tayinlangan «harbiy-fuqarolik ma’muriyati rahbari» Vladimir Leontev zarbalar oqibatida kamida yetti kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan.

«Hozirda biz tinch aholi vakillari orasida yetti qurbon bo‘lganini aytishimiz mumkin. Ammo vayrongarchilik ko‘lami shu qadar kengki, biz bu halokat oqibatlarini aniq baholay olmaymiz», degan Leontev «Interfaks»ga.

Nova Kaxovkadagi omborxonada ro‘y bergan portlash oqibatlari. Foto: Sergey Bobilev / TASS

U qurbonlar orasida bolalar ham borligini qo‘shimcha qilgan. «Biz xarobalar orasidan ikki yosh bolaning jasadini chiqarib oldik», deya qayd etgan ma’muriyat rahbari.

U «Rossiya-24» telekanali efirida ma’lumot berishicha, jabrlanganlar soni 80 nafardan oshgan.

Leontevning so‘zlariga ko‘ra, yuzlab fuqarolik obektlari shikastlangan.

«Men barchasini sanay olmayman - bu yuzlab obektlar. Cherkovdan tortib zavodlargacha. Zavod binosi, gidroelektrstansiya infratuzilmalariga xizmat ko‘rsatuvchi binolar, turar joylar, ulgurji savdo bazalari, do‘konlar, avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari. Odatiy shaharda bo‘ladigan binolarning barchasi shikastlangan» - degan u shahardagi hujumdan jabrlangan obektlar haqida.

Leontevning so‘zlariga ko‘ra, ukrain harbiylari Amerika tomonidan yetkazib berilgan HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari orqali zarba yo‘llagan.

 Rossiya tomoni zarbalar selitra omboriga kelib tushganini aytmoqda. Ukraina o‘q-dori saqlangan ombor nishonga olinganini ma’lum qilgan.
Ukraina qurolli kuchlarining Nova Kaxovkadagi qurol-yarog‘ omboriga hujumi oqibatlari aks etgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari paydo bo‘ldi

Avvalgi zarbalar

Nova Kaxovkaga yakshanba kuni yo‘llangan zarbalar oqibatida 150 nafardan ortiq rossiyalik harbiylar, jumladan general va besh zobit halok bo‘lgan. Odessa oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Bratchukning so‘zlariga ko‘ra, zarbalar Xerson oblastining egallab olingan qismidagi rossiyaliklar bazasiga yo‘llangan.

«HIMARS raketalari Xerson oblastidagi bazaga borib tushishidan keyin RF qurolli kuchlarining 22-armiya korpusi boshlig‘i (73954-harbiy qism, Simferopol), general-mayor Nasbulin halok bo‘ldi. Biz avvalroq o‘limi haqida xabar bergan polkovnik Kens ham o‘sha yerda bo‘lgan. Ulardan tashqari - 20-motoo‘qchilar diviziyasi komandiri (22220-harbiy qism, Volgograd) polkovnik Andrey Gorobets, 20-motoo‘qchilar diviziyasi shtabi operativ bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Koval, 20-motoo‘qchilar diviziyasi artilleriya qismi boshlig‘i polpolkovnik Gordeyev ham. 5 ofitser bilan qo‘shilganda jami qurbonlar soni 150 nafardan ortiq», deya sanagan Bratchuk.

Avvalroq Ukraina razvedka bosh boshqarmasi Xerson shahri yaqinidagi Nova Kaxovkadagi o‘q-dori omboriga berilgan zarba oqibatida 12 nafar yuqori martabali rossiyalik harbiylar halok bo‘lganini xabar qilgandi. Buning dalili sifatida ijtimoiy tarmoqlarda ikki rossiyalik harbiyning so‘zlashuvi yozib olingan audioyozuv joylashtirilgandi. Ammo bu yozuv qachon qilinganiga aniqlik kiritilmagan; unda montaj elementlari mavjud edi.

Mavzuga oid