O‘zbekiston | 11:17 / 13.07.2022
7114
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Latviya Boltiqbo‘yi iqlim sharoiti uchun o‘zbek guruchining yangi navini yetishtiradi

O‘zbekistonning Rigadagi elchixonasi ko‘magida Toshkent davlat agrar universiteti (TDAU) prorektori Alisher Hasanov boshchiligidagi delegatsiyaning Latviyaga amaliy safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: Dunyo

Tashrif davomida Latviya tabiiy fanlar va texnologiyalar universiteti (LLU) rektori Irina Pilvere bilan muzokaralar olib borildi, Yelgava shahrida joylashgan oziq-ovqat texnologiyalari va veterinariya tibbiyotiga ixtisoslashgan laboratoriya infratuzilmasi bilan tanishuv tashkil etildi.

O‘zbekiston diplomatik missiyasi ma’lumotiga ko‘ra, muzokaralar yakunida Toshkent davlat agrar universiteti va Latviya tabiiy fanlar va texnologiyalar universiteti o‘rtasida 2022 yil 1 sentabrdan 2027 yil 30 iyungacha mo‘ljallangan ikki darajali ta’lim dasturi to‘g‘risida bitim imzolandi.

Hujjatda «Oziq-ovqat texnologiyasi» va «Oziq-ovqat mahsulotlari sifati va innovatsiyalari» mutaxassisliklari bo‘yicha bakalavriat ta’limini «2+2» formulasi bo‘yicha amalga oshirish, ya’ni talabalarning dastlabki 2 yil  TDAUda va qolgan 2 yilni LLU'da o‘qishi belgilandi. O‘qishni muvaffaqiyatli bitirganlarga Yevropa ittifoqida tan olingan diplom beriladi.

Latviya tomoni bilan muzokaralar yakunida LLU ilmiy-laboratoriya infratuzilmasidan foydalangan holda Latviya tabiiy-iqlim sharoitiga moslashtirilgan o‘zbek guruchining yangi navini yetishtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ushbu loyihani amalga oshirishda ikki mamlakat universitetlari mutaxassislari ishtirok etadi. LLU loyiha uchun yer uchastkasini ajratadi. Loyiha muvaffaqiyatli bo‘lsa, Latviyada o‘zbek guruchini ishlab chiqarishni sanoatlashtirish istiqbollari ishlab chiqiladi.

Mavzuga oid