Jahon | 07:35 / 13.07.2022
7190
3 daqiqa o‘qiladi

Reuters: Shri-Lanka prezidenti norozilik namoyishlari tufayli mamlakatdan qochib ketdi

Shri-Lanka migratsiya xizmati xodimi jurnalistlarga Gotabaya Rajapaksa rafiqasi va tansoqchilari bilan birga Maldiv orollariga uchib ketganini tasdiqladi.

Foto: AP

Shri-Lanka prezidenti Gotabaya Rajapaksa u yerda davom etayotgan ommaviy norozilik namoyishlari fonida 13 iyul, chorshanba kuni erta tongda harbiy-havo kuchlari samolyoti bortida mamlakatdan Maldiv orollariga qochib ketdi, deya xabar bermoqda Reuters immigratsiya xizmati xodimiga tayanib.

Jurnalistlarning so‘zlariga ko‘ra, Rajapaksaga turmush o‘rtog‘i va ikki tansoqchisi hamrohlik qilgan. Qayd etilishicha, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, migratsiya xizmati xodimlari davlat rahbarini mamlakatdan chiqib ketishiga to‘sqinlik qilish huquqiga ega emas. 

Maldiv orollari arxipelagi Hind okeanida, Shri-Lankadan 700 km g‘arbda joylashgan. Ma’lum qilinishicha, Shri-Lanka prezidenti Maldiv orollari poytaxti Male shahriga uchib ketgan. Shu bilan birga, hukumat doiralaridagi manbalar u yerdan u Osiyo mintaqasidagi boshqa davlatlardan biriga borishi ehtimoli borligini aytishmoqda, deya qayd etadi Reuters. 

Shri-Lankada davom etayotgan norozilik namoyishlari fonida 9 iyul kuni Rajapaksa «hokimiyatning tinch yo‘l bilan o‘tkazilishini ta’minlash» uchun 13 iyul kuni prezidentlikdan voz kechishini e’lon qildi. Avvalroq Shri-Lanka bosh vaziri Ranil Vikramasinge partiya yetakchilari iltimosiga ko‘ra o‘z lavozimini tark etishga tayyorligini aytgan edi. Bungacha mamlakat siyosiy partiyalari yetakchilari favqulodda yig‘ilishda prezident va bosh vazir iste’fosini talab qildi. 

Shri-Lankadagi ommaviy tartibsizliklar may oyida so‘nggi 70 yildagi eng yomon iqtisodiy inqiroz fonida boshlangan. 9 iyul kuni namoyishchilar mamlakatning eng yirik shahri Kolombodagi prezident qarorgohiga bostirib kirishga harakat qilishdi. 

Bundan uch kun oldin, 6 iyul kuni Rajapaksa Twitter’da Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan «juda samarali telefon muloqoti» o‘tkazganini yozgan edi. «O‘tmishdagi qiyinchiliklarni yengib o‘tishda hukumati Shri-Lankaga ko‘rsatgan yordami uchun unga minnatdorchilik bildirib, hozirgi iqtisodiy muammolarni hal qilish uchun undan Shri-Lankaga yonilg‘i import qilish uchun kredit so‘radim», dedi Shri-Lanka prezidenti. 

O‘z so‘zlari bilan aytganda, u Putinga «Aeroflot»ning Shri-Lankaga parvozlarini tiklashni taklif qildi, chunki «turizm, savdo va madaniyat kabi sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi». 

Mavzuga oid