O‘zbekiston | 12:00 / 13.07.2022
12727
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada qoraqalpog‘istonlik migrantlar bilan uchrashuv o‘tkazildi

O‘zbekistonning Yekaterinburgdagi bosh konsulxonasi tomonidan Sverdlovsk viloyatidagi “Ural-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati rahbari o‘rinbosari, Beruniydan kelgan Dilorom Rajapova va Yekaterinburgdagi umumiy ovqatlanish tarmog‘ida mehnat qilayotgan bir guruh fuqarolar bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo”.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad 1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda sodir etilgan tartibsizliklar, mazkur voqealar ortida xorijdagi kimsalar turganini tushuntirish, O‘zbekiston prezidenti tomonidan hududni yanada rivojlantirish, qoraqalpog‘istonlik aholi turmush darajasini yuksaltirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etishdan iborat bo‘ldi.

Dilorom Rajapova ro‘y bergan tartibbuzarliklar g‘araz maqsadli kimsalar tomonidan amalga oshirilgani, bu yo‘lda ular qoraqalpoq yoshlarini chalg‘itishga uringani haqidagi o‘z fikrini bildirdi. O‘zbekiston ko‘p millatli davlat bo‘lib, turli millatga mansub fuqarolar tinch-totuv hayot kechirib kelayotgani, ular qonuniy haq-huquqlari birday ta’minlanayotgani ta’kidlandi.

Xo‘jaylidan kelgan Tanatar Bekniyazov O‘zbekiston prezidenti tomonidan Qoraqalpog‘istonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni ta’kidlab, bosh qomusga kiritish taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarda fuqarolar haq-huquqlari birinchi o‘ringa qo‘yilayotgani, xalq turmush sharoitini yanada yaxshilash, huquq va erkinliklarini qonuniy mustahkamlashga alohida qaratilganini qayd etdi.

Uchrashuvda joriy yil 20 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan o‘tkazgan uchrashuvdagi nutqi mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida ham so‘z yuritildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid