O‘zbekiston | 19:00 / 14.07.2022
10861
4 daqiqa o‘qiladi

Bugungi muzokaralar strategik sheriklikni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqadi - Shavkat Mirziyoyev

Davlatlararo muloqotni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish – bosh vazifa ekani ta’kidlandi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi.

Muzokaralarda tarixiy ildizlar va din birligi, tillar, madaniyat va an’analar mushtarakligi O‘zbekiston-Turkmaniston hamkorligining mustahkam asosi bo‘lib xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.

«Turkmaniston prezidentining davlat tashrifini xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari buzilmasligi, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga intilish bardavom ekanligining yorqin tasdig‘i sifatida qabul qilamiz», dedi O‘zbekiston rahbari.

Turkmaniston bilan hamkorlikni mustahkamlash O‘zbekiston tashqi siyosatining shubhasiz ustuvor yo‘nalishi ekani qayd etildi.

«Ishonchim komil, bugungi muzokaralar keng ko‘lamli hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi, birodar mamlakatlarimizning strategik sherikligini yanada mustahkamlaydi va sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqadi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mamlakatlarimiz savdodagi ijobiy sur’atni saqlab qolish va uning hajmini yaqin yillarda ikki barobar oshirish uchun barcha imkoniyatlarga ega ekani qayd etildi.

Bunga O‘zbekiston-Turkmaniston chegaraoldi savdo hududi va poytaxtlarimizda savdo uylarini ochish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar xizmat qiladi.

Tomonlar kimyo tarmog‘idagi aloqalar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini yuksak baholadilar. Avtomobilsozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik va farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligida kooperatsiyani kengaytirish rejalashtirilgan.

Shu maqsadda o‘rta muddatli Savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturi qabul qilinadi. Bundan tashqari, eng istiqbolli loyihalarni ilgari surish uchun qo‘shma loyiha ofisi tashkil etiladi.

Transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratildi. O‘tgan yilda yuk tashishlar hajmi 17 foizga ortib, bu tendensiya joriy yilda ham saqlanib qolmoqda. Tomonlar mintaqa mamlakatlarining noyob tranzit salohiyatidan samarali foydalanish uchun qulay sharoitlar yaratish, shu jumladan yuklarni tashish uchun o‘zaro imtiyoz va chegirmalar berishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Davlat rahbarlari suv-energetika sohasidagi hamkorlikka to‘xtalar ekan, Suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha hukumatlararo komissiya muvaffaqiyatli ishlayotganini ta’kidlashdi. O‘zbekiston prezidenti bugun mintaqa suv resurslaridan oqilona foydalanishga xizmat qiladigan tarixiy ahamiyatga ega Amudaryo bo‘yicha bitim imzolanishini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Shuningdek, O‘zbekiston energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan Turkmanistondan elektr energiyasi, gaz va neft mahsulotlarini xarid qilishdan manfaatdor.

Turkmaniston tomoni tovar ayirboshlashni diversifikatsiya qilish va oshirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirdi.

«Mamlakatlarimiz ulkan salohiyatga ega muayyan tarmoqlar orasida biz agrosanoat majmui, energetika, kimyo va neft-kimyo, mashinasozlik, to‘qimachilik va farmatsevtikani qayd etmoqchimiz. Biznes doiralari o‘rtasidagi sheriklikni kengaytirish uchun jiddiy imkoniyatlar bor. Keyingi yillarda chegaradosh hududlar o‘rtasidagi aloqalar faollashdi. O‘zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirish va kengaytirish niyatidamiz», dedi Turkmaniston prezidenti.

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari ikki mamlakat hukumatlariga erishilgan kelishuvlarning so‘zsiz ijrosini ta’minlash va ularning amalga oshirilishi yuzasidan har oy axborot berib borishni topshirdi.

Mavzuga oid