O‘zbekiston | 13:50 / 17.11.2025
2331
2 daqiqa o‘qiladi

Serdar Berdimuhamedov “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi

Ko‘ksaroy qarorgohida Serdar Berdimuhamedovga O‘zbekistonning oliy davlat mukofoti – “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni tantanali ravishda topshirildi. Mukofot qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va strategik sheriklikni mustahkamlashga qo‘shilgan katta shaxsiy hissa e’tirofi sifatida taqdim etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ko‘ksaroy qarorgohida Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovga O‘zbekiston Respublikasining oliy davlat mukofoti – “Oliy Darajali Do‘stlik” ordenini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbari nufuzli mukofotni topshirar ekan, ushbu qaror Turkmaniston prezidentining ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va strategik sheriklikni mustahkamlashdagi yutuqlariga nisbatan O‘zbekiston xalqining samimiy hurmati va e’tirofining namoyoni ekanini ta’kidladi.

– Siz otangiz, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning ishini munosib davom ettirmoqdasiz. Mamlakatingizda xalq farovonligini ta’minlash uchun ishonchli poydevor yaratayotgan keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda, – dedi davlat rahbari.

Joriy yilda Turkmanistonda “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” hamda mamlakat Betarafligining 30 yilligiga bag‘ishlangan yirik tadbirlar o‘tkazilayotgani alohida qayd etildi.

Serdar Berdimuhamedovning ko‘p qirrali O‘zbekiston – Turkmaniston munosabatlarini kengaytirishga qo‘shgan hissasi mamnuniyat bilan e’tirof etildi. Jumladan, savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlanmoqda, yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Ulkan loyiha – “Shovot–Toshhovuz” chegaraoldi savdo zonasi ishga tushirilgani ham sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishi ta’kidlandi.

Energetika, transport va logistika sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlik kengayib bormoqda. Mazkur mukofot ikki mamlakat o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik ramziga aylangani qayd etildi.

O‘z navbatida, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov O‘zbekiston yetakchisi va xalqiga bunday yuksak e’tirof uchun minnatdorlik bildirdi hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga intilish qat’iy ekanini ta’kidladi.

Mavzuga oid