Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berib, O‘zbekiston–Turkmaniston munosabatlari savdo, energetika, transport va gumanitar sohalarda yangi marralarga ko‘tarilayotganini qayd etdi. Tomonlar o‘zaro savdoni 2 milliard dollarga yetkazish, chegaraoldi savdo zonalari faoliyatini kengaytirish va mintaqaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qat’iy intilishini tasdiqladi.
Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu tarixiy davlat tashrifi qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlab, uni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi.
Muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, suv-energetika va madaniy-gumanitar sohalardagi birgalikdagi ishlarning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Savdo-iqtisodiy aloqalar va kooperatsiyani kengaytirish muhim yo‘nalish sifatida qayd etildi.
Keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasida tovar ayirboshlash qariyb ikki baravarga o‘sib, 1 milliard dollardan oshdi. Uning hajmini, avvalo, o‘zaro savdodagi mahsulotlar turini kengaytirish va yetkazib berish hajmini ko‘paytirish hisobidan 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Bu borada bugun ishga tushirilgan “Shovot–Toshhovuz” chegaraoldi savdo zonasi alohida o‘rin tutishi ta’kidlandi. Tomonlar ushbu tajribani boshqa chegaraoldi hududlarda, birinchi navbatda, “Olot–Farob” yo‘nalishida qo‘llash niyatida ekani bildirildi.
Mintaqaning transport jihatidan o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish maqsadida hukumatlarga avtomobil, temir yo‘l va dengiz orqali tashuvlarni rivojlantirish, Turkmanboshi xalqaro dengiz portidan birgalikda foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.
Energetika masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Elektr energiyasini yetkazib berish va tranzit bo‘yicha hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, ikki mamlakat hududida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasida qat’iy intilish borligi ta’kidlandi.

Tomonlar atrof-muhitni muhofaza qilish va suvdan oqilona foydalanish sohasida, jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi.

















