Nizo qanday yuzaga keldi?

Chilonzor tumanining Al-Xorazmiy mahallasi profilaktika inspektori Laziz Abdukarimov nizoga qo‘y sotuvchilari ustidan tushgan shikoyat sabab bo‘lganini ta’kidladi.

Hayit kunlari qo‘ylar sotilgan joy.

– Bizga qo‘ylar sotilayotgan joyda ekilgan daraxtlar, yashil hududlarni sug‘orish, ko‘kalamzorlashtirish uchun mas’ul bo‘lgan shirkat rahbaridan ariza tushgandi. Arizachi qo‘ylar hududni payhon qilishayotgani, bahorda ekilgan ko‘chatlarning barglari va shoxlarini yeb, sindirib tashlayotganidan, qolaversa, qo‘ylar sotilayotgan joyning o‘zida so‘yilib, ichak-chavoqlari shu yerda qoldirib ketilayotganidan shikoyat qildi.

11 iyul kuni sherigim Bahrom aka Berdiyev bilan birga kelib tushgan murojaatdagi vajlarni o‘rganish maqsadida qo‘ylar sotilayotgan joyga bordik. Haqiqatan hudud iflos bo‘lib ketgani, ayrim xaridorlarning istagiga ko‘ra so‘yib berilgan qo‘ylarning qorin-ichaklari har joyga tashlab ketilgani, atrofda qo‘lansa hid borligi, hududda ekilgan daraxtlarning ayrimlari sinib yotgani, aksariyatining shox va barglari qo‘ylarga yem bo‘lganiga guvoh bo‘ldik.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Chilonzor tumani Poygoh ko‘chasi bo‘ylab ekilgan daraxtlar

Surishtiruvimiz davomida qo‘ychivonlar ustidan mahalla profilaktika inspektoriga shikoyat qilgan “Al Xorazmiy-Yassaviy” XUJMSh rahbari G‘ayrat Eshqulov bilan bog‘landik. U arz qilishiga nima sabab bo‘lganini quyidagicha izohladi:

– Chindan ham “uchastkavoy”imizga qo‘ysotarlar ustidan shikoyat qilganman. Chunki atrofni rasvo qilib yuborishdi. Qo‘ylar sotilayotgan hudud shirkatimizga qaraydi, bu yerning obodonligi uchun men javobgarman, hokimlik va boshqa mutasaddi idoralar buni mendan talab qilishadi. Qolaversa, bahorda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yo‘l bo‘ylab yoppasiga daraxt ekkandik, ayrim joylarni ko‘kalamzorlashtirgandik. Shu bois mehnatimizga achinganimdan hayitning ikkinchi kuni qo‘ychivonlarning yoniga borib, ulardan bu yerni toza va tartibli saqlashni so‘radim.

Qo‘ylar Qurbon hayitidan uch kun oldin keltirila boshlandi. Boshida qo‘ylar kam edi, shu bois atrof-muhitga u qadar katta zarar yetkazishmayotgandi. Hayit kunlari qo‘ylar nihoyatda ko‘payib ketdi. So‘yilgan qo‘ylarning ichak-chavoqlari tashlab ketilgan holatlarni ko‘rdim. Qo‘ysotarlarga o‘shalarni ko‘rsatganimda buni qassoblar qilishyapti, deyishdi. Bu ishni qassoblar qiladimi, sizlar qilasizlarmi, menga nima farqi bor, bu chiqindini kim tozalaydi, desam bir-birlariga solishdi. 10 iyul kuni “uchastkavoy”ga murojaat qilishga majbur bo‘ldim.