Jahon | 15:22 / 16.07.2022
8950
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Afrika va Yaqin Sharqdagi oziq-ovqat xavfsizligi uchun 1 mlrd dollar ajratadi

Ukrainadagi urush tufayli qashshoq mamlakatlardagi ocharchilikka qarshi kurashish uchun mablag‘ ajratilishi haqida Jo Bayden Saudiya Arabistoniga tashrifi chog‘ida ma’lum qiladi.

Foto: AFP

AQSh prezidenti Jo Bayden Saudiya Arabistoniga tashrifi chog‘ida Ukrainadagi urush fonida mintaqada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlariga 1 milliard dollar ajratilishini e’lon qiladi. Bu haqda 16 iyul, shanba kuni dpa, AFP va Bloomberg agentliklari Oq uyning yuqori martabali mulozimiga tayanib xabar berdi.

Bayden bu haqda Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi (FKADHK) sammitida chiqish qilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, Bahrayn, Qatar, Kuvayt, Ummon, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) va Saudiya Arabistonini o‘z ichiga olgan FKADHK rahbarlari kelgusi ikki yil ichida AQSh boshchiligidagi «Global infratuzilma va investitsiya tashabbusi bo‘yicha hamkorlik» bilan bog‘liq loyihalarga 3 milliard dollar ajratadi. 

Xalqaro gumanitar tashkilotlar va davlat rahbarlari Ukrainadagi urush va Ukraina portlarida don olib boradigan kemalarning blokadasi qashshoq mamlakatlarda, birinchi navbatda, Shimoliy Afrikada ocharchilik muammosini yanada kuchaytirishi mumkinligi haqida bir necha bor ogohlantirgan. Jahon don eksportining qariyb 30 foizi Rossiya va Ukraina hissasiga to‘g‘ri keladi. Agar Ukrainadan bug‘doy eksporti tiklanmasa, Afrika «qit’ani beqarorlashtirishi mumkin bo‘lgan o‘ta jiddiy ocharchilik holatiga» tushib qoladi, deb ogohlantirdi Senegal prezidenti va Afrika ittifoqi prezidenti Maki Sal. 

Germaniyada bo‘lib o‘tgan «katta yettilik» (G7) sammitida davlatlar rahbarlari rivojlanayotgan mamlakatlar uchun umumiy qiymati 600 milliard dollar bo‘lgan besh yillik sarmoya dasturi ishga tushirilganini e’lon qildi. Uning maqsadi kambag‘al hududlarda «yuqori sifatli va barqaror infratuzilma» yaratishdir. «Ochig‘ini aytmoqchiman. Bu yordam yoki xayriya emas. Bular hammaga foyda keltiradigan sarmoyalar», - degandi Jo Bayden o‘shanda. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, dastur qabul qiluvchi mamlakatlarga «demokratik davlatlar bilan hamkorlik qilishning aniq afzalliklarini ko‘rish» imkonini beradi. Tahlilchilar va ommaviy axborot vositalari ta’kidlaganidek, loyihaning maqsadlaridan biri Xitoyning rivojlanayotgan mintaqalarda kuchayib borayotgan ta’siriga qarshi turishdir. 2013 yildan boshlab XXRning xuddi shunday loyihasi – «Bir kamar, bir yo‘l» ishlamoqda.

Qo‘shma Shtatlar zarur sarmoyaning uchdan bir qismi - 200 milliard dollarni o‘z zimmasiga olishga va’da berdi. Pul federal mablag‘lar, grantlar va xususiy investitsiyalar hisobidan ajratilishi rejalashtirilgan. Yevropa ittifoqi davlatlari taxminan 300 milliard dollar sarmoya ajratishi kerak, dedi Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen. Mablag‘lar, jumladan, Afrika va Osiyo mamlakatlarida muqobil energiya, tibbiyot va infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid