Jamiyat | 12:06 / 17.07.2022
13090
6 daqiqa o‘qiladi

“Bemor o‘g‘lim uchun ham ota, ham onaman”: uch farzandni yolg‘iz o‘stirgan ota iztiroblari

Taqdirlariga bitilganini sabr bilan yengayotgan bu odamlarning matonatiga tan bermay iloj yo‘q. Tirikchilik o‘tkazishning o‘zi oson bo‘lmayotgan paytlarida ularga yana bir sinov – farzandlari chalingan og‘ir dard bilan kurashish tashvishi ham tushgan.

Tanamda jonim qolmadi...

“Bizni tekshiruvlar uchun Toshkentga yuborishdi. Tahlillar natijasida bolamda oqqon borligini eshitganimda tanamda jon qolmadi. Uni davolatishga sharoitim yetmaydi deb qo‘rqdim. Chunki turmush o‘rtog‘im oddiy qorovul bo‘lib ishlaydi.

To‘rt nafar farzandim bor. Uchovi qishloqda momosi bilan qolishgan, biz ancha vaqtdan beri shu yerda ijarada yashab davolanamiz. Qaynonamning nafaqa puligacha bizga yuborishadi. Farzandimdan ayrilishni xohlamayman”,- deya yig‘laydi termizlik Dilorom G‘ulomova.

Hamid Ro‘zimuhamatovga oid ma’lumotlar:

Humo: 9860 0803 9944 7053 onasi Dilorom G‘ulomova nomida

Manzil: Surxondaryo viloyati, Termiz shahri, Jomiy mahallasi, 35 uy.

Yolg‘iz bolam uchun musofirda sarsonman

Nurmuhammad 4 yildan beri dard bilan kurashadi. Yolg‘iz onaning yolg‘iz o‘g‘liga so‘nggi chora ilik ko‘chirish operatsiyasi tavsiya qilingan. Hozirda ona-bola xorijda operatsiya uchun tahlillar topshirishyapti. Lekin operatsiya uchun to‘lashga mablag‘lari yo‘qligi tufayli 3 oydan buyon o‘sha yerda chora axtarishadi.

Bemorning onasi yaxshi insonlardan umidvor ekanligini aytadi: “Bolam tuzalib, yorug‘ yuz bilan O‘zbekistonga qaytishga umid qilyapman. Nurmuhammad yolg‘iz farzandim, boshqa bolam yo‘q. Shu go‘dagim uchun shu musofir yurtlarda sabr bilan yuribman”.

Nurmuhammad Allanazarovga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0609 3799 2809 onasi Maftuna Sultonova nomida

Viza: 4187 8000 0070 8172 onasi Maftuna Sultonova nomida

Manzil: Namangan viloyati, Norin tumani, Yangi hayot ko‘chasi, 22 uy.

Onasiz o‘sayotgan yigitning dardi

23 yoshli Isroil bolalik chog‘larida avtofalokat tufayli onasidan judo bo‘lgan. Yillar davomida kemtik ko‘ngil bilan yashayotgan yigitga taqdirning navbatdagi zarbalari ham bor ekan. Bundan bir necha yil avval unda oqqon kasalligi aniqlangan.

 “O‘g‘limning kasalidan 2012 yilda xabar topganmiz. O‘shandan beri davolatishga harakat qilaman, lekin qo‘lim kaltalik qiladi. Qishloqda yashaymiz, muolajalar uchun imkonimiz yetmayapti. O‘g‘lim o‘z tengqurlaridan orqada qolib ketyapti. Ba’zida shundan juda xafa bo‘ladi”, - deydi bemorning otasi.

Uch farzandni ham ona, ham ota bo‘lib tarbiyalayotgan Shukur aka dalada oddiy suvchi bo‘lib ishlaydi.

Isroil og‘ir turmush sharoiti, onasizlik, kasallik sabab maktabning o‘rta ma’lumotiga ham ega emas. Shuning uchun bolalikdagi orzusi – haydovchilik guvohnomasi olish uchun o‘qiy olmaganidan o‘kinadi.

Isroil Tog‘aboyevga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0609 6397 4523 bemor Isroil Tog‘aboyev nomida

Manzil: Toshkent viloyati, Piskent tumani, “G‘ayrat” MFY, Do‘stlik-7.

Farzandning dard chekayotganini ko‘rish – azob

Qoraqalpog‘istondan kelgan qizaloqning beg‘ubor qiyofasida dard sezilmaydi. Ammo uning ota-onasi har lahzada hadik bilan yashashadi. Chunki bir yarim yashar Madinani ham mash’um xastalik chirmab olgan. Bemorning otasi maktabda o‘qituvchi, topayotgan maoshi bilan poytaxtda ijarada yashashga imkoniyati yo‘q.

“Sharoitimiz yo‘qligi uchun poytaxt atrofidan arzonroq ijara topib, shifoxonaga qatnab davolanyapmiz. Bu dunyoda ota-ona uchun kasal bolasining qiynalayotganini ko‘rishdan ortiq azob bo‘lmasa kerak”, deydi bemorning onasi Komila Berdiboyeva.

Madina Xudenovaga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0423 8447 8185 otasi Bahrom Safarov nomida

Yunionray: 6262 5700 8939 0811 onasi Komila Berdiboyeva nomida

Manzil: Qoraqalpog‘iston, Amudaryo tumani, Guldasta ko‘chasi, 2 uy.

Har lahzamiz qo‘rquvda o‘tyapti

“Bolamning ahvoli nihoyatda og‘ir edi. Shifokorlar juda kech olib kelganimizni aytishdi. Shifoxona eshigida sarg‘ayish, bolangiz tirik chiqmasligi ehtimolini his qilish dahshatli. Shukurki, bolamni qaytarib berdi.

Bizning har bir soniyamiz qo‘rquvda o‘tadi. 5 o‘g‘lim borligini aytib tasalli berishadi ba’zida. Farzand ko‘p bo‘lsa, uni davolatmaslik kerak degani emas-ku? ” - deydi Xurshidning onasi. Oilada 5 o‘g‘il farzandlar voyaga yetyapti, Xurshid ularning kenjasi. Navoiyning olis hududida istiqomat qiladigan oila bugun uning tuzalishi uchun barcha imkoniyatlarini ishga solishmoqda.

Xurshid Bo‘riboyevga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0609 5083 2288 onasi Amonova O‘rozgul nomida

Manzil: Navoiy viloyati, Xatirchi tumani, Langar qo‘rg‘oni, Navro‘z ko‘chasi, 46 uy.

Bu sinovlar faqat ularniki emas. Biz zamondoshlari ham bemor bolalari bilan shifoxonalarda, xorijda sarson ota-onalar bilan teng sinovdamiz. Imkoniyatimiz doirasida ular uchun moddiy yoki ma’naviy ko‘makni zimmamizdan soqit qilsak, shu insonlarning og‘irini yengillatgan bo‘lamiz.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.
Tasvirchi: Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid