Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Gretsiyada ukrainlarning o‘q-dori ortilgan yuk samolyoti quladi. Mahalliy aholidan uydan chiqmaslik so‘ralgan
Shanba kuni kechqurun Ukrainaning Antonov-12 transport samolyoti Serbiyadan Iordaniyaga harakatlanish chog‘ida Gretsiya shimoli-sharqidagi Kavala shahri yaqinida halokatga uchradi. Havo kemasi bortida 11 tonna miqdorida qurol-yarog‘ bo‘lgan. Halokat joyiga yaqin yashovchi odamlarga zaharli moddalar tarqalishi xavfi borligi tufayli uyda qolish tavsiya etilgan.
Antonov-12 - Ukrainadagi Meridian aviakompaniyasi samolyoti, ammo uning Ukrainadagi harbiy harakatlarga aloqadorligi borasida biror ma’lumot yo‘q.
Samolyot bortida ekipajning sakkiz a’zosi bo‘lgan, ularning barchasi halok bo‘lgan. Meridian kompaniyasi jurnalistlarga ular ukrainaliklar bo‘lganini tasdiqlagan.
Serbiya mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, samolyot Bangladeshga 11 tonna miqdoridagi qurol-yarog‘, jumladan piyodalarga qarshi minalar olib ketayotgan bo‘lgan.
Flightradar24 sayti ko‘rsatishicha, samolyot Serbiyaning Nish shahridan Iordaniya poytaxti Oman shahri tomon yo‘lga chiqqandi, samolyot Omanda yonilg‘i to‘ldirish uchun to‘xtatish nazarda tutilgandi. Xabar qilinishicha, uchuvchi dvigateldagi muammo tufayli Gretsiyaning Kavala shahridagi aeroportga shoshilinch qo‘nishga ruxsat so‘ragan, ammo ular uchish-qo‘nish yo‘lagiga yetib bora olmagan.
Mahalliy aholi mahalliy vaqt bilan soat 22:45 da osmonda samolyotni ko‘rishgan. Kadrlarda u havodaligidayoq yona boshlaganini ko‘rish mumkin.
Yakshanba kuni tongda avariya-qutqaruv xizmatlari halokat joyini ko‘zdan kechirish uchun dron uchirishgan. Gretsiya davlat televideniyesi xabar qilishicha, armiya, portlovchi moddalar bo‘yicha ekspertlar va Gretsiya atom energiyasi bo‘yicha komissiyasi xavfsiz deb hisoblanmaguncha, voqea joyida tekshiruv o‘tkaza olmaydi.
«Gap kuchli tutun va issiqlik, shuningdek biz hozircha aniqlay olmaganimiz oq modda haqida ketmoqda, shuning uchun maxsus guruh bizga bu nima ekani va biz voqea joyiga borishimiz mumkinligini aytishi kerak bo‘ladi», degan Gretsiya Shimoliy o‘t o‘chirish brigadasi general-leytenanti Marios Apostolidis.
Mahalliy rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, halokat joyiga darhol o‘t o‘chiruvchilar yetib borishgan, ammo ular portlashlar davom etgani tufayli olov manbayini o‘chira olishmagan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, halokatdan keyin ikki soat davomida portlash ovozlari eshitilib turgan. Halokat sodir bo‘lgan joyga eng yaqin aholi punktlarida yashovchilardan tuni bilan uylarining derazalarini ochmaslik, ko‘chaga chiqmaslik va niqob taqish so‘ralgan.
Mahalliy aholi vakili, samolyot qulashini kuzatib turgan Amiliya Tsaptanova u o‘zining uyiga kelib tushishi mumkin bo‘lganini aytgan. «U yerda juda ko‘p tutun bor edi, ta’riflab bo‘lmaydigan shovqin kelardi. U tog‘ ustidan uchib o‘tdi, ortga burildi va dalaga quladi», deya eslaydi u.
«Hammayoq alanga ichida qoldi, biz qo‘rqib ketdik. Ko‘plab mashinalar yetib keldi, ammo to‘xtovsiz portlashlar tufayli ular u yerga bora olishmadi», deya qo‘shimcha qilgan u.
Mavzuga oid
08:22 / 06.06.2026
Ukraina Gretsiyaga diplomatik izoh berdi
14:21 / 05.02.2026
Gretsiyaning Egey dengizidagi oroli yaqinida 15 nafar migrant halok bo‘ldi
12:24 / 16.01.2026
Gretsiya dron hujumlaridan so‘ng Qora dengizdagi xatarlar haqida ogohlantirdi
14:44 / 05.01.2026