Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mudofaa vazirligi Afg‘onistondan yana hujum bo‘lgani haqidagi xabarlarni rad etdi
Mudofaa vazirligi Afg‘onistondan O‘zbekiston hududiga yana raketa hujumi uyushtirilgani haqidagi xabarga munosabat bildirdi.
O‘zbekiston mudofaa vazirligi Afg‘onistondan O‘zbekiston hududiga uchinchi marta raketa hujumi uyushtirilgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
«Ijtimoiy tarmoqlarda Afg‘onistondan O‘zbekiston hududiga uchinchi marta raketa hujumi uyushtirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur mazmunda tarqatilayotgan xabarlar yolg‘on bo‘lib, mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
O‘zbekiston-Afg‘oniston davlat chegarasi O‘zbekiston harbiylari tomonidan to‘liq nazorat qilingan, vaziyat barqaror.
Fuqarolarimizdan bu kabi yolg‘on xabarlarga ishonmasliklari va rasmiy manbalarga tayanishlarini so‘rab qolamiz», deyiladi vazirlik xabarida.
Bundan avvalroq Afg‘onistondagi nashrlarda O‘zbekiston hududi Afg‘oniston tomonidan uchinchi bor o‘qqa tutilgani haqida ma’lumot paydo bo‘lgandi. Afg‘onistonlik jurnalist Bilol Sarvariy baravar o‘t ochish reaktiv tizimidan 6-8 snaryad uchirilganini aytgandi. Uning «Tolibon»dagi manbasi bu Kobul va Toshkent o‘rtasidagi munosabatlarni sovuqlashtirishga qaratilgan navbatdagi provokatsiya ekani, tashkilotchilar qidirilayotganini bildirgan.

Afghanistan International Afg‘oniston muvaqqat hukumati tashqi ishlar vazirligiga tayanib, uchirilgan 8 snaryaddan faqat bittasi O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tganini ma’lum qilgan. Bu borada foto/videolar keltirilmagan.
5 iyul kuni Surxondaryo viloyati Termiz shahri hududiga Afg‘oniston hududidan beshta snaryad kelib tushgani xabar qilingandi, hujum natijasida to‘rt uy shikastlangan, qurbonlar bo‘lmagan. 17 iyul kuni toliblar bu hujumni uyushtirgan guruh a’zolari qo‘lga olingani haqida ma’lumot berdi.
Aprel oyida ham IShIDning Xuroson bo‘limi O‘zbekiston hududini raketalar orqali o‘qqa tutishga harakat qilgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi, ammo o‘shanda snaryadlar O‘zbekiston chegarasigacha yetib kelmagan.
Mavzuga oid
11:30
Afg‘oniston–Pokiston mojarosiga qaramay, Kobul koridorini qurish loyihasi davom etmoqda
17:54 / 10.06.2026
Pokiston Afg‘oniston bo‘ylab havo zarbalari berdi: 26 kishi halok bo‘lgan
17:37 / 09.06.2026
Afg‘onistonda davlat xizmatchilariga smartfondan foydalanish taqiqlandi
09:06 / 03.06.2026