O‘zbekiston | 12:18 / 19.07.2022
36353
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘lim vodiysi»dan Antarktidagacha - dunyodagi eng issiq harorat qayerda kuzatilgan?

Ushbu haftada davom etishi kutilayotgan ekstremal issiq ob-havo sabab “Al-Jazira” nashri dunyoda eng issiq harorat qayd etilgan hududlar haqida ma’lumot berdi.

Kaliforniyadagi "O‘lim vodiysi" milliy bog‘i / Foto: Getty Images

Ma’lumotlarga ko‘ra, kuzatuvlar boshlangan vaqtdan buyon to hozirgacha dunyoning 22 mamlakatida Tselsiy bo‘yicha 50 daraja va undan yuqoriroq harorat qayd etilgan. Dunyodagi eng issiq harorat rasman 1913 yil AQShda kuzatilgan. Kaliforniyadagi «O‘lim vodiysi»da qayd etilgan harorat 56,7 daraja bo‘lgan.

Oradan 7 yil o‘tib, 1922 yil Liviya cho‘llarida 58 daraja harorat kuzatilgani haqidagi ma’lumot Butunjahon meteorologiya tashkiloti tomonidan xato ekani aytilgan.

Dunyoning turli qit’alarida rasman qayd etilgan eng yuqori haroratlar / Foto: “Al-Jazira”

Afrika qit’asi uchun eng yuqori harorat 1931 yil Tunisdagi Kebili shahrida kuzatilgan bo‘lib, 55 daraja issiqni tashkil qiladi. Osiyo qit’asida esa Eron bu borada «yetakchi»: 2017 yilda mamlakatning Axvaz shahrida 54 daraja issiq kuzatilgan.

Avstraliyadagi eng issiq harorat Udnatta shaharchasida 1960 yilda kuzatilgan – 50,7 daraja issiq. Janubiy Amerikada eng yuqori harorat rasman 1905 yilda Argentinadagi Rivadaviya shaharchasida qayd etilgan – 48,9 daraja issiq.

Yevropadagi anomal issiq ob-havoning rekord darajasi 2021 yil qayd etilgan. Italiyaning Sitsiliya orolida harorat 48,8 darajagacha ko‘tarilgan.

Eng sovuq materik – Antarktidadagi Seymur orolida esa 2020 yilda 20,7 daraja issiq qayd etilgan. BMT qoshidagi Butunjahon meteorologiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Antarktidada oxirgi 50 yilda harorat deyarli 3 daraja ko‘tarilgan.

Dunyo issiqroq bo‘lib bormoqda

NASA ma’lumotlariga ko‘ra, 1880 yildan buyon, ya’ni ob-havo harorati qayd etib borilayotgan zamonaviy davr boshlanganidan buyon oxirgi 8 yillik eng issig‘i bo‘lib qolmoqda. Olimlarning fikricha, global haroratning rekord darajadagi isishiga doir yillik ma’lumotlar Yer shari issiqroq bo‘lib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Foto: Climate.nasa.gov

Ushbu grafikda NASA va boshqa ilmiy muassasalar tomonidan 1880 yildan 2019 yilga qadar kuzatilgan yillik anomal haroratga doir ma’lumotlar aks etgan. Ularning barchasida o‘sishni ko‘rish mumkin.

NASA, shuningdek, 2021 yilda Yer sharining o‘rtacha harorati 19-asr oxirlaridagi o‘rtacha haroratdan 1,1 daraja issiqroq bo‘lganini qayd etgan.

Ayni vaqtda Osiyo, Yaqin sharq, Shimoliy Afrika va Yevropa mamlakatlari bo‘ylab ob-havo haroratining keskin ko‘tarilishi issiqdan o‘limlar va o‘rmon yong‘inlariga sabab bo‘lmoqda. Ispaniya va Portugaliyada jazirama qurbonlari soni 1000 nafardan oshib ketgan.

O‘tgan haftada Birlashgan qirollik Meteorologiya boshqarmasi Angliyaning katta qismida ilk bor ekstremal issiqning qizil darajali xavfini e’lon qildi. Shuningdek, yaqinda qo‘shni Turkmaniston ham hafta o‘rtalariga qadar ob-havoning «qizil» darajali xavfini e’lon qilgan edi.

«O‘zgidromet» ham haftaning birinchi yarmida O‘zbekiston bo‘ylab 38-43 daraja atrofida issiq, respublikaning janubi va cho‘l hududlarda esa 44-45 darajagacha issiq bo‘lishi haqida ma’lum qildi. Shuningdek, issiq tufayli poyezdlarning qatnov vaqtiga o‘zgartirishlar kiritilgan.

Mavzuga oid