Sport | 19:30 / 19.07.2022
15964
25 daqiqa o‘qiladi

Kichik Shumaxer bilan taqdiri o‘xshash sharhlovchi

«Sharhlovchi» loyihasining 4-sonida serqirra ijodkor, «Everton» himoyachisi Maykl Kinning qiyofadoshi, otasiga munosib davomchi bo‘lishga intilayotgan Hasan Turdialiyev bilan suhbatlashdik.

.

«Sharhlovchi bo‘laman» degan niyatim yo‘q edi

– Shu sohaning ichida katta bo‘lganman, desam ham bo‘ladi. Dadam – Davlat Turdialiyev bu kasbning yetuk vakillaridan edi. Maktab va institutda o‘qib yurgan kezlarimda televideniyega borib yurardim, lekin u paytda «sharhlovchi bo‘laman» degan niyat yo‘q edi. Chunki dadam ham aytardi: «Yaxshi kasb. Ko‘cha-ko‘yda ko‘pchilik taniydi, ammo bizda bu soha rivojlanib ketmagan. Universal bo‘l». Madaniyat va san’at institutiga kirishimga sabab ham shu edi.

– Shu sohaning ichida katta bo‘lganman, desam ham bo‘ladi. Dadam – Davlat Turdialiyev bu kasbning yetuk vakillaridan edi. Maktab va institutda o‘qib yurgan kezlarimda televideniyega borib yurardim, lekin u paytda «sharhlovchi bo‘laman» degan niyat yo‘q edi. Chunki dadam ham aytardi: «Yaxshi kasb. Ko‘cha-ko‘yda ko‘pchilik taniydi, ammo bizda bu soha rivojlanib ketmagan. Universal bo‘l». Madaniyat va san’at institutiga kirishimga sabab ham shu edi.

  Ammo dadam kutilmaganda olamdan o‘tdilar. Hammasi tezda bo‘lib ketdi. O‘sha paytda tentirab qoldim. «Endi nima qilaman?» degan savol 24 soat miyamdan ketmadi. Nimadir qila olishimni bilardim, tanlov imkoniyati qolgandi. Dadamning hamkasblari, shogirdlari «Sport» telekanaliga kirishni maslahat berishdi. Shu o‘rinda Jamoliddin Bobojonov, Eldor Mustafoyev va Davron Fayziyevlarga rahmat aytmoqchiman. O‘sha paytda qo‘limdan keladigani shu edi. Institutni endi bitirgandim, teatrda oylik juda past edi. Ro‘zg‘or tashvishi sabab televideniyeni tanladim. «Xabarlar»da ishladim, turli ko‘rsatuvlarda boshlovchilik qildim, anonslar o‘qidim, dublyajlarda qatnashdim. Biatlon sharhlash orqali ko‘proq o‘sdim, deb o‘ylayman. Keyin futbolga o‘tdim. Boshida oddiy o‘yinlarni sharhladim, umuman vaziyat bo‘lmaydigan bahslar bo‘lardi.

  Futbol bu kasbning eng cho‘qqisi ekanligini tushunardim. «UzReport»ga o‘tishimga sabablardan biri ham shu bo‘ldi, chunki «Sport»da u payti translatsiyalar kam, sharhlovchilar ko‘p edi. O‘sish uchun ko‘prog‘ini xohlar ekansiz. Davron akaga istagimni aytdim, «Aytib ko‘raman» dedilar. Boshida ko‘zim yetmagandi. O‘sha vaqtda telekanal qishki olimpiada translatsiyasini sotib olgandi. Universalligim qo‘l keldi, o‘sha musobaqa orqali o‘zimni ko‘rsatib oldim. Shu orqali ishonchga kirdim.

«San’at yo‘nalishida o‘qiganimdan afsuslanmayman»

– San’at sohasida o‘qiganimdan afsuslanmayman. Chunki institutgacha bo‘lgan Hasan bilan undan keyingisi o‘rtasida juda katta farq bor. U yerda yashirin qirralarimni kashf eta oldim. Bir gap bor: «San’at institutiga xalq artisti bo‘lib kirasan, yakunda hech kim bo‘lib chiqib ketasan». Menda aksincha bo‘ldi, ya’ni «xalq artisti» bo‘ldim demoqchi emasman, lekin o‘zimni taniy oldim.

  Kursdoshlarim ichida hozirgi kunda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan mashhurlar ham bor. Eng mashhurimiz – Yulduz Rajabova. Shuningdek, Ahror Alijonov va Mirkamol Qoraboyevni aytishim mumkin.

Foto: AP

Sharhlovchi kim?

– Sharhlovchi – tomoshabin uchun do‘st. Futbolni o‘zingiz ko‘rsangiz, zerikasiz. Sharhlovchi vositachi bo‘ladi, tushunmagan vaziyatlaringizga aniqlik kiritib beradi. Hech yo‘q so‘kib turishingiz uchun ham kerak.     

  Sharhlovchilik maktabi yo‘q. Bu yaxshi deb o‘ylayman. Chunki hamma har xil yo‘nalish bilan kirib keladi, rang-baranglik bo‘ladi.

  Sharhlovchida jurnalistlik bilan birga artistizm ham bo‘lishi kerak. Men dastlab artistizmni o‘rganganman, qolganlarda teskarisi. Artistizm bu faqat aktyorlik emas. Nutq va ovoz ham uning ichiga kiradi.

«Qornim ochib ketdi» (qiziq voqealar)

– «Sport»da ishlab yurgan paytim, sharhlar kassetaga yozilardi. Qandaydir texnik muammo bo‘lib qoldi, qaytadan yozishga to‘g‘ri keldi. Tushlik vaqti bo‘lib, qorin ochgandi. Shunda «tezroq bo‘laylik, qornim ochib ketdi-ku» deganim yozilib qolgan va efirga ketgan.

  Qovun tushirishlar boshida hamma sharhlovchida bo‘ladi. «Gol» ko‘rsatuvida gapirib turganimda, studiyada bomba portlagandek kuchli ovoz jarangladi. O‘shanda kulvorgandim.

  Bunday holatlar jonli efirda ko‘p bo‘ladi. Masalan, «Futbol studiyasi»da. «Nega kulib boshlaysizlar? » deb savol berishadi. Sirni ochay: Xayrulla aka va Bobur aka qitmirlik qilishadi, efir boshlanishi yoki tugashida kuldirib qo‘yishadi. Lekin jonli efirning gashti bor, unda kichik xatolar kechiriladi.

Ustozlar, ulardan o‘rganish kerak bo‘lgan jihatlar

– Asosiy ustozim sifatida dadamni bilaman. Aytgan gaplari sharhlovchilikka oid bo‘lganini ham tushunaman. «Nimadir qilsang, yuragingni ham qo‘sh. Yuragingni qo‘shmasang, o‘zing ham, qolganlar ham maza qilmaydi», – derdilar. Samimiy bo‘lish kerakligini ham ko‘p uqtirganlar.

Foto: Tribuna.uz

  Bir ustoz tanlaganman, desam ham xato bo‘ladi. Xayrulla aka, Davron aka va rus sharhlovchilaridan ham o‘rganganlarim bor.

 Kamchiliklarim? Sahna nutqida o‘rganganlarimni takrorlamay qo‘ydim. Dadam 90 daqiqa tempni bir xilda ushlardilar. Joyi keladi: sharh paytida pauza ushlab, dam olyapman. Aslida muxlisni qiziqtirib, tempni ushlab turishimiz kerak.  

 Davron aka o‘yin paytida zo‘r analiz qiladilar. Shu jihatni o‘rgana olmayapman. Analiz qilaman desam, o‘yin qolib ketyapti. Normani topishga qiynalyapman.

Eng yaxshi sherik?

– Aslida odam tanlamayman. Ammo ko‘proq o‘zimni Davron aka bilan erkinroq his qilaman. Xayrulla aka bilan bo‘lsa, sal chegaradan chiqib ketib qolamiz. Bobur aka bilan sharhda esa chegara yo‘q, desa ham bo‘ladi. Sharh qolib, hazil-huzul ko‘payib ketadi. O‘zim maza qilaman, lekin tomoshabinlar «bo‘ldiye» deb yuboradi-da ichida.

Ko‘p tanqid qilmasligi

– Sabablari bor. O‘tgan yili «Paxtakor» OChLda guruhda qolib ketganida, tanqid qildim. Lekin keyin o‘zimga yoqmadi. Dadam «Birovning xatosini to‘g‘rilay olishga ko‘zing yetsa, tanqid qil» degan ma’noda ko‘p gapirardilar.

  Yana bir marta qo‘ng‘iroq bo‘lgan. «Oqtepa» 0:6ga yutqazdi. «Bu jamoada himoya bormi?» deb gapirib yubordim. So‘ng o‘sha jamoa himoyachisidan telefon bo‘ldi: «Otam kurashmading, deb urishdi», – dedi. «0:6ga yutqazgan jamoani qanday qilib oqlayman? » deb javob berdim. Lekin uning gapidan so‘ng «oshirvordimmi?» deb o‘yladim. Chunki birovning ko‘ngliga ozor berishni yoqtirmaydigan insonman.

  Hayotda yaqinlarim bilan ko‘p hazillashaman, kinoyalardan ko‘p foydalanaman. Biroq sharhda o‘zimni tiyaman.

Foto: Tribuna.uz

«Eng yomon odatlarimdan biri…»

– Kolleksiya qilmasligim – yomon odatlarimdan biri. Institutda ko‘p rollar o‘ynadim, ko‘p spektakllarda qatnashdim, «Xalqlar do‘stligi» saroyida «Davr» guruhining konsertida raqsda chiqdim. Lekin birortasini saqlab qolmaganman. Na rasmi bor, na videosi...

 Hozir afsuslanaman. Saqlab qo‘yib, kelajakda bolalarimga ko‘rsatsam bo‘lardi. Sharhlarda ham shunaqa. Hozir o‘zimda sharhlagan bitta o‘yinim bor. Uni ham kursdoshim jo‘natgan – telegramdan u bilan yozishmalarimiz ichidan topaman. O‘chirib yuborgan bo‘lsa, u ham yo‘q (kuladi).    

«Futbol studiyasi» vaqti kamligi

– Ko‘pchilik aytadi. To‘g‘ri, ko‘paytirishimiz kerak. Hech bo‘lmasa, bir dastur 1,5 soat bo‘lishi kerak. Ba’zida mavzular ko‘p – ulgurmaymiz. Davron aka va Xayrulla akada bir odat bor: biror mavzuda uzoq tortishuv qilishadi. Shunchaki tahlildan ko‘ra, jonli bahsni ma’qul ko‘rishadi. Shuni deb boshqa mavzular qolib ketadi. Oxirgi payt «Muxlislarga o‘zinglar javob berasizlar» deb gapiradigan bo‘ldim.

«O‘sishga erishdim, ammo hamon dangasaman»

– Oldinlari qo‘rquv va bosim bo‘lardi. Shu tomondan o‘sishga erisha oldim. Rivojlanish bo‘lyapti, ammo bundan ko‘prog‘iga qodirman. Yalqovligim bor. Bu odat Xayrulla akadan tashqari barcha sharhlovchilarda bor. Qilishim kerak bo‘lgan narsalar ko‘p, sal hafsala bo‘lishi kerak.

«Otam qadrini vafotlaridan keyin bildim»

– G‘alati eshitilishi mumkin, ammo dadam qadrini keyinroq bildim. Hatto ularni shaxsan tanimaganlar kelib, hamdardlik bildirishdi. Erta vafot etishlarini o‘ylamasdim. Yakka o‘g‘il bo‘lganim uchun o‘shanda esankirab qoldim.

  Hozir do‘stlarim ota-onasidan nolishsa, «yeh» deb qo‘yaman. Chunki o‘zim ham vaqtida qadrlamaganman.

  «Formula-1»ning mashhur avtopoygachisi Mixael Shumaxer – kumirim. Hozir falaj holatida, tirik murda desa ham bo‘ladi. O‘g‘li Mik ham poygachi bo‘ldi va yaqinda bir gapini o‘qib qoldim: «Nega hayot bunday beshafqat? Endi gaplashishga umumiy mavzularimiz bo‘lganida…». Menda ham xuddi shunday holat. Hozir sharhlovchilik sohasini yaxshi bilaman, ammo gaplashishga dadam yo‘q.

  Dadam aytardi: «Kasbim tufayli oilamga ko‘p vaqt ajrata olmadim. O‘g‘illaring bo‘lsa, bittasini menga berasan, o‘zim tarbiyalayman. Senga ajrata olmagan vaqtimni unga beraman». Bunga rozi bo‘lgandim. Eng qizig‘i, dadam hatto mendan ko‘ra Davron akaga ko‘proq vaqt ajratganlar. Ba’zida bundan jahlim chiqardi, rashk qilardim.

«Turdialiyev» familiyasi bosimi

– Turdialiyev familiyasi bilan chiqqanimda, «Otasining ortidan kirib oldi-da» deb gapirganlar bo‘ldi. Yana Shumaxerni misol qilib keltirsam bo‘ladi. Uning o‘g‘lini «Formula-1»ga tez olishdi. Vaholanki, u hozirgi darajasiga «Formula-3», «Formula-2»ni yutib chiqdi. Odamlar esa familiyasiga urg‘u berishaveradi.

  To‘g‘ri, dadamning shogirdlari qo‘llab yuborishdi. Familiyam foyda bo‘ldi, ammo keyinchalik eplab ketish ham bor-ku? Agar uddalay olmaganimda, familiyamga qarab o‘tirishmasdi. «To‘g‘ri kelmas ekansan» deb tushuntirishardi.

  Boshida gap-so‘zlardan xafa bo‘lardim. Hozir bunga e’tibor bermayman. Chunki dadam «faqat sharhlovchi bo‘laman» degan maqsadda Toshkentga kelganlar. Shuning uchun bu tomondan ulardan o‘ta olmasam kerak.

«Dadam bilan sharhda aqllilik qilib yuborganman»

– Dadam bilan biatlon sharhlaganim esimda. Ishlari ko‘p bo‘lgani uchun ayrim bosqichlarni ko‘ra olmaganlar, men esa qoldirmay kuzatardim. Sharhda adashganlarida, «Unday emas» deb yuborganman. Menga qarab qo‘yganlarida ham tushunmaganman. Keyin bildimki, sharhlovchi yonidagi sherigining xatosini berkitib o‘tib ketishi, yumshoqroq aytishi kerak ekan. O‘shanda yosh bo‘lganimdan «aqllilik» qilib yuborganman.

Foto: Tribuna.uz

  1-2 marta bo‘lsa ham sharhga birga kirganimdan xursandman. Qizig‘i, «Yur, menga yordam berasan. Sen qoldirmay ko‘rasan-u» deya olib ketardilar. Ba’zida xohlamay borardim. Hozir eslasam, bekor qilgan ekanman, deyman.

«Dadam «MYu» muxlisi ekanliklarini sezib qolganman»

– Men biror jamoaga jonimni berib muxlislik qilmaganman. Kimgadir simpatiyam bo‘lishi mumkin. Dadam esa O‘zbekiston milliy jamoasiga muxlis edilar. Yutqazsa, uyga kayfiyatsiz qaytardilar. Asosan milliy jamoamizda sezardim.

  Yana bir holatda bilib qolganman. 2013 yili YeChL 1/8 finalida «Manchester Yunayted» va «Real» o‘ynagandi. «MYu» 1:0ga oldinda borayotganida, hakam Naniga qizil kartochka ko‘rsatgan. Qizil bermasa ham bo‘lardi. Shunda dadam kayfiyatsiz holda: «Real» qanday hisobda yutganini aytarsan» dedilar-da, ko‘rpani yopib uxladilar. Madrid klubi 2ta gol urib, keyingi bosqichga o‘tib ketdi. Shunda «MYu»ga befarq emasliklarini sezganman.

«Onam ota kasbni tanlashimga qarshilik qilmagan»

– Onam san’atni tanlaganimda ham, sharhlovchi bo‘lganimda ham umuman qarshilik qilmaganlar. Yaxshiyam, onam bor. Chunki biror video tayyorlasam, dastlab ularga ko‘rsataman. Kamchiliklarini ko‘rsatadilar. Monologlar tayyorlashimda rolga kirishni o‘rgatadilar. Doim meni qo‘llab-quvvatlab kelganlar.

«Oilamga doim vaqt ajrataman»

– Boshida ayolimning ko‘nikishi qiyin bo‘ldi, chunki ayni dam olish kunlari ishga ketardim. Shanba-yakshanbada o‘yinlar bo‘ladi. Hozir ko‘nikib qolgan.

  Men ham xafa qilib qo‘ymayman. Iltimos qilib, yakshanba kungi eng birinchi yoki oxirgi o‘yin sharhini olaman. Bolalarim hali yosh. Ularni aylantirib, keyin sharhga kelaman. Yoki teskarisi. Oilamga doim vaqt ajrataman.

Sharhlovchilikdan tashqari daromad

– Sharhdan tashqari, rejissyor Oybek Ortiqovga dastur tuzishda va sharhlar taqsimotida yordam beraman. Qolgan sharhlovchilarga nisbatan «UzReport»da ko‘proq bo‘laman.

  Ijtimoiy tarmoqlarga videolar tayyorlayman. Youtube`dan ozroq daromad keladi, telegram kanalimga reklama olib turaman. 

  Bu soha ancha rivojlandi. Daromadim hozir uchun yaxshi, lekin farzandlar katta bo‘layotganini inobatga olsak, baribir kelajakda qo‘shimcha ish qilmasam bo‘lmaydi. Dadam ham shu sabab AQShda 4 yil ishlab kelganlar. O‘shandan keyin uy va mashina oldik.

500 so‘m, Murod Rizayevning kanstovarida ishlagani, ilk maoshi

– Birinchi topgan pulim 500 so‘m bo‘lgan – Yunusobod bozorida qarindoshimiz bilan sabzi sotganmiz. U paytda hali maktabda o‘qirdim. Keyin litseyda o‘qib yurgan kezlarimda dadam Murod Rizayevning kanstovariga ishga kiritib qo‘ydilar. 2 oycha ishladim, pul qadrlashni o‘rgandim. So‘ng televideniyega o‘tdim. Ilk maoshim 380 ming so‘m atrofida chiqdi. «Voy, shu bilan oila boqamanmi?» deb qo‘rqib ketdim. Oyning o‘rtasidan kelganim uchun kamroq edi. Keyingi oydan 900 ming so‘m maosh ola boshladim. Ish ko‘paygani sari maosh ham ortib bordi.

«Sport»ga qaytish

– «Sport»dagilar men uchun begona emas. Barcha bo‘limdagilar bilan tanishman. Hammaga yordam berib ketaverardim. Barcha uchun «svoy» edim. Shuning uchun qaytishim muammo emas, lekin hozirgi ish joyimdan qoniqyapman.

  Takliflar? Yo‘q, hozircha jiddiy takliflar bo‘lmadi. Lekin o‘sha yerdagi tanishlar «Qaytsang, yaxshi bo‘lardi» deyishadi.

JCh-2022 translatsiyasi

– Moliyaviy tomonga borib taqaladi. Raqobat paydo bo‘ldi, hamma ko‘rib turibdi. Kim ko‘proq pul tiksa, tenderda o‘sha sotib oladi. Bu borada davlat telekanali bilan raqobatlashish qiyin.

  JCh-2022 translatsiyasi huquqini qo‘lga kiritamiz, deb turgandik. Lekin MTRK karrasiga ko‘proq pul berdi. Chempionlar Ligasida ham shunday bo‘ldi. Aynan qanchaligini bilmayman.

Kirakash: «Sen Realchisan» (tanqidlar)

– Taksiga chiqqanimda, kirakash «Sen Realchisan» degan. YeChL-2019 yarimfinalidagi «Liverpul» – «Barselona» (4:0) o‘yinidan keyin Kataloniya klubi muxlislari xafa bo‘lishgan. Ko‘p emotsiya berganman, sababi – birinchi o‘yinda «Barsa» 3:0 hisobida yutgan va javob bahsiga keraksizdek qarab. sharhni menga berishgan. Aslida «Ayaks» – «Tottenhem» o‘yinini sharhlashim kerak edi. Bundan jahlim chiqqandi. Voqealar rivoji emotsiyalarga sabab bo‘lgan. Ammo fanatlar «Sen «Barselona» yutqazgani uchun maza qilib sharhlading», deyishgan.

 Ba’zida «MYu»chilar yozib qolardi. Mourino davrida jamoa pragmatik o‘ynardi va shunda ko‘p tanqid qilardim, «MYu»ni yomon ko‘rasan», deyishardi. Lekin hozir aksini yozishadi: «Siz sharhlagan o‘yinlarda Ronaldu gol uryapti» deb.  

   Tanqidlarni oddiy qabul qiladigan bo‘lganman. Jahlim chiqishi mumkin, lekin tezda o‘tib ketadi. Kommentlarni o‘qib turaman, to‘g‘ri tanqidlarni olaman. Shaxsiyatga o‘tib, gap boshlaganlarga qarab o‘tirmayman.

Caption

Motivatsion videolar tayyorlashi, Ronalduga simpatiya

– Motivatsion videolarni dastlab pul uchun qilardim. Keyin qarasam, juda kam pul kelarkan. Pul maqsad bo‘lmasligi kerak ekan. O‘sha videolar tushkunlikka tushgan va ruhan siniqqan qaysidir futbolchiga yordam bersa, xursand bo‘laman. Nani va Evra haqidagi videolar ancha ta’sirli.

  Ko‘pchilik biladi – Ronalduga simpatiyam bor. O‘z vaqtida uning hayotidan motivatsiya olganman. Bu bilan Messini yomon ko‘raman, demoqchi emasman. Shunchaki Ronaldu ko‘proq motivatsiya beradi, chunki u tanqidlar ichida yuradi. Bizning sohamizda ham shunaqa. «Tanqidlardan maza qilaman» degan gapini eshitib, ilhomlanganman. Tanqid sindirishga emas, sizni oldinga undashga kuch bo‘lib xizmat qilishi kerak. 

  

O‘zbek futboliga qiziqmasligi, Maykl Kinga o‘xshashligi

– «Sport»da ishlab yurgan paytlarim qiziqardim. Lekin oxirgi paytda qiziqish yo‘qoldi. «Navbahor», «Paxtakor» va «Nasaf» ishtirokidagi katta o‘yinlarni ko‘rib turaman, ammo ko‘p emas. Shuning uchun Bobur aka ko‘p kesatadilar.

Foto: AP

  Maykl Kin bilan o‘xshashlik? Aytishadi. Lekin o‘zimga bu himoyachi yoqmaydi. Juda oddiy o‘ynaydi, ko‘p xato qiladi. Bu bilan yomon futbolchi demoqchi emasman, har holda APLda to‘p tepadi.

«DAN xodimi tanib, jarima solmagan»

– Sharhlovchilik ba’zida yordam berarkan. 3-4 bor mashinada qoida buzganimda, DAN xodimlari tanib qo‘yib yuborgan. Oxirgisi yaqinda bo‘ldi. Tog‘ga borgandik. Mumkin bo‘lmagan joydan qayrildim, ko‘prik tagida DAN xodimi turgan ekan. «Yozaman» dedi. Keyin tanib qoldi. Futbol muxlisi ekan. «Inter» – «Liverpul» o‘yinida kim yutishini so‘radi. «Liverpul» desam, qo‘yib yubordi.

  Bunday voqealar ko‘p bo‘ladi. Yaqinda «Ippodrom» tomondan chiqayotib, belgini ko‘rmadim. Yo‘l bor ekan deb chiqsam, xodim turgan ekan. Kepkani bostirib olib, niqob va ko‘zoynak taqqan bo‘lishimga qaramay, ovozimdan tanib qoldi va «ketaver» dedi. Shuningdek, bankda ham tanib ichkariga tezroq kirgizib yuborishgan.

Muxlislar, Ahror ekspert

– Rasmga tushadigan, ijtimoiy tarmoqlardan yozadigan muxlislar bor. Ularning ko‘nglini og‘ritmaslikka harakat qilaman. Lekin hammaning ko‘nglini birdek olib bo‘lmas ekan. Bir marta javob qaytarib, keyingisida yozmasangiz, kibrga yo‘yishadi.

  Ahror ekspert? (H.Turdialiyevni «akam», «eng yaxshi sharhlovchi» deb aytgan maktab o‘quvchisi) «Ofsayd»ga kelganida ko‘risha olmadik. O‘sha paytda mehnat ta’tilida edim. Qarindoshlarim o‘zimga jo‘natib, «Kim edi?» deyishdi. Ota tomonim Farg‘ona, ona tomonim Navoiydan. Ikkala taraf ham narigi tomondan qarindosh deb o‘ylashibdi.

Eng katta orzu

– Hamma sharhlovchida eng katta orzu milliy jamoaning muhim turnir finalidagi o‘yinini sharhlash bo‘lsa kerak. O‘shanda bemalol barcha his-tuyg‘ularingizni chiqarsangiz bo‘ladi. To‘g‘ri, ungacha yetib borish ham bor.  

 Stadiondan turib sharhlasangiz, yanada gashti bo‘ladi. Ammo shu o‘rinda aytishni istardimki, bizning stadionlarda sharhlovchilarga yaratilgan sharoit, ajratilgan xonalar qoniqarli emas.

Foto: Tribuna.uz

Qisqa savol-javoblar

– Eng yaxshi futbolchi?

– Messi.

– Eng chiroyli 3ta gol?

– Ronalduning «Yuventus»ga va Beylning «Liverpul»ga qaychi uslubida urgan goli, uchinchisi – Jiruning «Kristal Pelas»ga chayon uslubida kiritgan to‘pi.

– Holand «Manchester Siti»ga mos keladimi?

– Menimcha, qiynaladi.

– Eng kuchli jamoa?

– Gvardiolaning «Barselona»si.

– Esda qolarli sensatsiya?

– «Lester»ning chempionligi.

– Ronaldu «MYu»da qolishi kerakmi?

– Qolgani ma’qul. Hamon uning atrofida o‘yin qursa bo‘ladi.

– Siz eng yoqtirmaydigan murabbiy?

– Unai Emeri. Uslubi yoqmaydi.

– JCh-2022 favoriti?

– Ispaniya.

– Eng kuchli himoyachi?

– Van Deyk.

– Kutilganini oqlamagan yulduz?

– Kaka.

– Lempard yo Jyerrard?

– Jyerrard.

Ramziy terma jamoa: Janluiji Buffon – Serxio Ramos, Virjil van Deyk, Dani Alves, Roberto Karlos – Patrik Viyeyra, Luka Modrich, Ronaldino – Muhammad Saloh, Kilian Mbappe, Luis Ronaldo.

Bosh murabbiy – Aleks Fergyuson.

A’zamjon Izzatillayev suhbatlashdi,

Operator – Azimjon Vohidov,

Montaj ustasi – Asadbek Kuryazov

Mavzuga oid