IIBB yo‘l talashib qolgan ayrim haydovchilar o‘rtasidagi mojaro katta janjalga aylanib ketayotganini ma’lum qildi
Toshkent shahar IIBB poytaxtda yo‘l talashib qolgan haydovchilar o‘rtasida yuz bergan ayrim mojaroli holatlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, bir haydovchining beparvoligi, o‘zaro haqorat hamda tajovuzkor harakatlar katta janjalga aylanadi va bu oxir-oqibat jinoiy ish qo‘zg‘atilishiga olib keladi.
Ma’lum qilinishicha, Yashnobod tumani IIO FMBga kelib tushgan xabarga ko‘ra, Beshariq va Birlashgan ko‘chalari chorrahasida 20 yoshli A.K., 21 yoshli A.T. va 26 yoshli O.R. o‘zaro janjal oqibatida, haydovchi 32 yoshli R.X.ga tan jarohatlari yetkazgan, shundan so‘ng ular hodisa joyidan yashiringan.
Aynan yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmaslik haydovchilar o‘rtasidagi mojaroga sabab bo‘lgan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Xuddi shunday holat Sergeli tumanida ham sodir bo‘lgan. 32 yoshli I.X. 43 yoshli F.M.ni urib, tan jarohati yetkazgan. O‘zaro janjal haydovchilarning yo‘lni talashib qolgani oqibatida kelib chiqqan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksi 277-moddasi 2-qismi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
IIBB xabarida aytilishicha, yuqoridagi holatlar ikki kun farqi bilan sodir bo‘lgan.
“Hurmatli haydovchilar! Yo‘llarda bir-biringizga va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilariga nisbatan xushmuomala bo‘lishingizni so‘raymiz! Belgilangan tezlikka hamda yo‘l harakati qoidalariga rioya qiling!” deyiladi ma’lumotda.
Mavzuga oid
18:44 / 12.11.2024
Xitoyda avtomobil odamlar ustiga bostirib borishi oqibatida 35 kishi halok bo‘ldi
17:02 / 12.11.2024
Piskentda haydovchining ehtiyotsizligi oqibatida qariyb 16 ming tup olxo‘ri daraxti yonib ketdi
14:15 / 12.11.2024
BAA o‘zbekistonlik haydovchilarni ish bilan ta’minlashni rejalashtirmoqda
07:30 / 05.11.2024