Jamiyat | 20:00 / 25.07.2022
12155
8 daqiqa o‘qiladi

SSV: Andijondagi sog‘lomlashtirish aksiyasi davom etmoqda

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan hududlarda o‘tkazilayotgan sog‘lomlashtirish aksiyalari doirasida vazirlik markaziy apparati jamoasi, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari rahbarlari va shifokorlari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari olimlari, jami 150 nafardan iborat maxsus guruh Andijon viloyatiga keldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Xonobod shahrida sog‘lomlashtirish aksiyasi doirasida tashkil etilgan sayyor tibbiy qabulda nafaqat shu hudud, balki qo‘shni Qo‘rg‘ontepa, Jalaquduq tumanlari va Qorasuv shahri aholisi ham ishtirok etdi.

Shahar markazidagi madaniyat va istirohat bog‘ida yig‘ilgan keksa yoshdagi nuroniy otaxon va onaxonlar, yosh onalar, bolajonlar, qo‘yingki, yuzlab aholi poytaxtdan kelgan malakali shifokorlar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Sayyor qabul ishtirokchilari dastlab ro‘yxatga olinib, elektron tarzda tor soha mutaxassislari ko‘rigiga yo‘naltirildi. Shundan so‘ng bemorlik darajasiga ko‘ra tasniflanib, ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat hajmi tuman, viloyat va respublika miqyosida belgilab olindi.

Muammoli masalalar bilan kelgan fuqarolarni Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari qabul qilib, murojaatlariga tezkor yechim topish choralari ko‘rildi.

Murakkab jarrohlik amaliyotlari talab etiladigan, biroq davolanishga imkoni yo‘q aholi vakillariga shu joyning o‘zida davlat hisobidan davolanish uchun yo‘llanmalar rasmiylashtirildi.

Sayyor tibbiy qabulga onasi hamrohligida kelgan 41 yoshli og‘ir bemor Bahrom Ablazov Xonobod shahrida yashaydi. 3 nafar farzandi bor. Ushbu fuqaro 10 yildirki, og‘ir kasallik – tos-son bo‘g‘imi yemirilishi xastaligining azobini tortadi, bir necha yil avval tos-son bo‘g‘imining bir tomoni jarrohlik yo‘li bilan davolanadi. Ammo ikkinchi tomoniga kelganda oila biroz qiynalib qolgan. Qabulda vazirlik mutasaddilari uning murojaatiga quloq tutdi. Bemorga davlat hisobidan bepul protez qo‘yilib, davolanadigan bo‘ldi.

Akbarali Berdaliyev — Qo‘rg‘ontepa tumani Qorasadoq mahallasidan. 53 yoshli ushbu bemorni koksartroz xastaligi qiynaydi. Kasallik tufayli zo‘rg‘a oyoq bosadi. Kerakli muolajalarni olishga moddiy imkoniyati yo‘q. O‘tkazilgan sayyor tibbiy qabuldan u ham noumid qaytmadi. Bemorga shu yerda operatsiya qilish uchun bepul yo‘llanma berildi. Jarrohlik amaliyoti poytaxtdan kelgan eng mohir jarrohlar tomonidan bajariladigan bo‘ldi.

Yana bir bemor — Jamila Otaboyeva 55 yoshda. Ota-onasidan bolaligidayoq yolg‘iz qolgan bu ayolni bugun saraton, yuqori qon bosimi, qandli diabet kabi og‘ir xastaliklar qiynamoqda, yaqinda infarktni boshdan kechirgan. Aksiya davomida uning ham muammosi ijobiy hal etilib, davlat hisobidan bepul operatsiya qilinadigan bo‘ldi.

Nilufar Toshmatova — 44 yoshda. 3 nafar farzandi bor. Ikki yillik og‘ir dard — bachadon bo‘yni saratoni axiri uni to‘shakka mixladi. Shu vaqt ichida yaqinlarning shifo izlab bormagan joyi qolmadi. Ammo natija yo‘q. Shu sababli bugun sayyor tibbiy qabulga Nilufarning volidasi yordam ilinjida keldi. Onaning farzandi uchun qilgan murojaati javobsiz qolmadi. Bemor poytaxtdan kelgan malakali shifokorlar tomonidan tekshiruvdan o‘tkazilib, unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatildi. Nilufarga vazirlik tomonidan bepul nogironlik aravachasi ham topshirildi.

46 yoshli Iltifot Yusupova Xonobod shahridan. Uni necha yildan beri o‘t qopi xastaligi qiynaydi. So‘nggi paytlarda kasallik yanada zo‘rayib, bemor umumiy holatida salbiy o‘zgarishlar kuzatila boshladi. Kuchli bosh og‘rig‘i, oyoq uvishishi, ko‘ngil aynishi kabi asoratlar tufayli oddiy ro‘zg‘or yumushlarini bajarishga ham qiynalib qolgandi. Sayyor tibbiy qabul ushbu bemorning qalbida ham sog‘ayishga umid uyg‘otdi. Uning murojaati o‘rganilib, ertagayoq viloyatda davlat hisobidan laparoskopik usulda bepul operatsiya qilinadigan bo‘ldi.

Yana bir bemor Madina Abdurahimova — 8 yoshda. Bemor tez-tez sudoroga berishi sababli, shifoxonada doimiy muolaja olishga majbur. Sayyor tibbiy qabulda Madinaning davolanishi uchun Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasiga bepul yo‘llanma berildi.

Shuningdek, poytaxtdan kelgan mutaxassislar ishtirokidagi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar turli xavfli xastaliklar tufayli to‘shakka mixlanib qolgan fuqarolarni ham chetlab o‘tgani yo‘q.

86 yoshli Sodiqjon Umarov yurak kasalligi tufayli bir necha bor operatsiya qilingan. Qariyb uch yildirki, yurolmaydi. Sog‘lomlashtirish aksiyasi doirasida poytaxtdan kelgan shifokorlar ushbu bemor xonadoniga borib, uni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazgach, viloyatning o‘zida bepul davolashga qaror qildi. Shuningdek, unga bepul nogironlik aravachasi ham topshirildi.

Andijonlik yana bir bemor Marhabo Umaraliyeva 33 yildan beri poliartrit, qandli diabet xastaligidan azob chekadi. 2014 yil bemorda jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Biroq so‘nggi vaqtlarda kasallik qayta zo‘rayib, uning holati ancha og‘irlashdi. Mutaxassislar onaxon xonadonida bo‘lib, uni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgach, bemorga viloyat markazida davolanish uchun bepul yo‘llanma berildi.

Bundan tashqari, tadbir doirasida shu kunlarda viloyatdagi qator tibbiyot muassasalarida poytaxtdan kelgan malakali shifokorlar boshchiligida ko‘plab yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari ham bajarilmoqda. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filiali hamda viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bir qancha og‘ir bemorlarda murakkab operatsiyalar o‘tkazilyapti.

Baliqchi tumanida yashovchi 33 yoshli Gulmira Bobomirzayeva shunday bemorlardan. Kuchli bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, yuqori qon bosimi tufayli uning keyingi paytlardagi hayotiga sira havas qilib bo‘lmasdi. Shu bois bemorning otasi, 60 yoshli Nasim Mahmudov o‘z jigarbandiga bir buyragini berishga qaror qildi. Biroq ushbu amaliyot juda qimmat ekanligidan xabar topgach, ota chorasizlikdan nima qilishni, qayerdan najot kutishni bilolmay qoldi. Ana shunday paytda Andijonda boshlangan sog‘lomlashtirish aksiyasi Gulmira va uning yaqinlari joniga ora kirdi. Poytaxtdan kelgan yetakchi shifokorlar va mahalliy mutaxassislar ishtirokida otaning bir buyragi qiziga olib o‘tkazildi. To‘rt soat davom etgan operatsiya muvaffaqiyatli yakunlanib, bemor yana hayotga qaytdi. Hozir u va donor o‘zini ancha yaxshi his qilmoqda. Shifokorlarning aytishicha, bemor yaqin kunlarda yana sog‘lom hayotga qaytadi.

Asakalik 39 yoshli Akmal Zokirov uchun bu yil ancha og‘ir keldi. Jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bo‘lgan fuqaro joriy yil fevral oyida sport mashg‘ulotlari paytida hushidan ketgan. Tibbiy tekshiruvlardan so‘ng esa unda ham o‘tkir buyrak yetishmovchiligi aniqlangan. Shu kungacha dori-darmon bilan davolangan bemorda sog‘lomlashtirish aksiyasi doirasida buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti bajarildi. Donor uning turmush o‘rtog‘i bo‘lib, 37 yoshli Shohida Zokirova bir buyragini berdi.

Bir so‘z bilan aytganda, Andijonda bo‘lib o‘tayotgan sog‘lomlashtirish aksiyasi qanchadan qancha bemorlar hayotiga yorug‘lik, umidvor qalblarga esa ishonch olib kiryapti.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati

Mavzuga oid