Bu qarashlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ayni kunlarda 50-60 daraja issiq harorat kuzatilyapti-yu, Gidrometeorologiya xizmati odamlarni xavotirga solmaslik uchun haroratni 5-6 daraja pastroq qilib ko‘rsatmoqda. Yoki hukumat shu orqali turli to‘lovlardan qochmoqda.

Xo‘sh, chindan ham Gidrometeorologiya xizmatining rasmiy ma’lumotlari haqiqiy haroratni pasaytirib ko‘rsatish orqali e’lon qilinadimi?

Kun.uz muxbiri xizmat mutaxassislariga yuzlanib, vaziyatga oydinlik kiritish va buni aniq holatda dalillab berishni so‘radi.

Gidrometxizmat boshqarma boshlig‘i Qahramon Zohidov savollarimizga javob berarkan, avvalo odamlar orasidagi bunday fikrlardan yaxshi xabardorligini aytadi.

“Biz hozir ochiq maydon, ochiq havoda turibmiz. Bu quyosh nurlarining to‘g‘ridan to‘g‘ri insonga ta’sir qilishi hisoblanadi. Bu insonlardan tashqari avtomobillarga ham to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiladi. Lekin havo haroratini o‘lchashning ham o‘z tasdiqlangan qoidalari bor. Ya’ni avtomobillarga o‘rnatilgan termometrlar havo haroratini tabiiy usulda o‘lchamaydi.

Havo haroratini to‘g‘ri o‘lchash uchun Selyaninov budkasi nomli quti ichida o‘rnatilgan termometr ko‘rsatkichlari ma’lumotiga asoslanish kerak”, – deydi mutaxassis.

U bizga Selyaninov budkasi nima ekani borasida ham bir qator ma’lumotlarni bo‘lishdi.

“150 yildirki havo harorati 2 metr yuqoriga o‘rnatilgan shu kabi taxtali quticha ichidagi termometr ko‘rsatkichlari yordamida o‘lchanadi.

Bu quticha, “psixrometrik budka” yoki “meteorologik budka” ham deyiladi.

Budka 1,75 metrli qo‘zg‘almas, mustahkam temir tayanchlari ustiga o‘rnatiladi. Budka ichida vertikal ko‘rinishdagi termometrlar havo harorati qiymatini ko‘rsatsa, gorizontal holatdagi termometrlar sutka davomida kuzatilgan maksimal va minimal havo harorati qiymatlarini qayd etadi”, – deydi Zohidov.