O‘zbekiston | 11:26 / 22.11.2025
105870
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 2025–2026 yillar qishi: dastlab iliq, keyin anomal sovuqlar kutilmoqda

Gidrometeorologiya xizmatining mavsumiy prognoziga ko‘ra, 2025–2026 yillar qish mavsumi O‘zbekistonda umumiy holatda ko‘p yillik me’yorlarga yaqin kechadi. Dekabr oyi nisbatan iliqroq bo‘lishi kutilsa, yanvar va fevral oylarining ayrim kunlarida, xususan mamlakatning shimoli-g‘arbida anomal sovuqlar qayd etilishi mumkin.

Foto: Kun.uz

Dekabr oyi normaga nisbatan biroz issiqroq bo‘lishi kutilmoqda. O‘rtacha oylik harorat me’yordan 1–1,5° yuqori bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Oyning birinchi o‘n kunligida havo asosan iliq bo‘ladi: kechasi 0…+5°, kunduzi +10…+15° atrofida. Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda harorat keskin o‘zgarib turadi: kechasi +2…+7° dan 0…–5° gacha, kunduzi esa +12…+17° dan +2…+7° gacha pasayishi mumkin. Oylik yog‘ingarchilik miqdori norma atrofida yoki undan kam bo‘lishi kutilmoqda.

Yanvar oyi umumiy holatda ko‘p yillik me’yorlarga yaqin, ayrim hududlarda esa biroz sovuqroq bo‘lishi mumkin. Birinchi va ikkinchi o‘n kunliklarda harorat katta diapazonda o‘zgarib turadi: kechasi +3…+8° dan –3…–8° gacha, kunduzi +10…+15° dan –2…+3° gacha tebranish ehtimoli bor. Uchinchi o‘n kunlikda esa anomal sovuqlar kutilmoqda: ko‘pchilik hududlarda kechasi –12…–17°, kunduzi –5…–10° gacha tushishi mumkin. Nukus va Urganch atroflarida esa kechasi harorat –20…–25° gacha pasayishi ehtimoldan xoli emas.

Fevral oyi, prognozlarga ko‘ra, ko‘p yillik normalarga yaqin kechadi. Birinchi o‘n kunlikda anomal sovuqlar davom etishi kutilmoqda: kechasi –5…–10°, kunduzi –3…+2°. Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda havo sezilarli iliydi: kechasi –2…–7° dan +3…+8° gacha, kunduzi esa 0…+5° dan +10…+15° gacha ko‘tarilishi mumkin. Janubiy hududlarda kunduzgi harorat ayrim kunlari +15…+20° gacha chiqishi ehtimoli bor. Yog‘ingarchilik miqdori, umuman olganda, me’yor doirasida bo‘lishi kutilmoqda.

Mutasaddilarning qayd etishicha, aholi va iqtisodiyot tarmoqlari shu kabi mavsumiy prognozlar asosida ehtimoliy sovuqlar hamda noqulay ob-havo sharoitlariga oldindan tayyorgarlik ko‘rishi muhim. Shu bilan birga, mazkur prognoz yakuniy xarakterga ega emasligi, ob-havo sharoitlariga ko‘ra unda o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.

Muhim ob-havo o‘zgarishlari va xavfli gidrometeorologik hodisalar haqida qo‘shimcha axborotlar aholiga o‘z vaqtida yetkazib boriladi.

Mavzuga oid