O‘zbekiston | 07:39 / 27.07.2022
8539
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 19 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi

Rossiyada ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, qarovsiz, nazoratsiz qolib ketgan va yordamga muhtoj bo‘lgan 19 nafar bolalar tegishli mutasaddi idoralar hamkorligida O‘zbekistonga olib kelindi.

Foto: Ombudsman matbuot xizmati

Ombudsman xabariga ko‘ra, ishchi guruh tuzilib, ichki ishlar organlari, SSV, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi xodimlari hamkorligida o‘zga yurtda qarovsiz, nazoratsiz qolib, yordamga muhtoj voyaga yetmagan bolalarni vatanga olib kelish choralari ko‘rildi.

Ishchi guruh a’zolari Rossiyaning turli shaharlarida bolalar qayerda saqlanayotgani, ularning salomatligi qay ahvolda ekanini aniqlab, kerakli hujjatlarni to‘plagan. Safar davomida qabul qilib olingan bolalarning har biri SSV xodimlari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va ular vatanga olib kelindi.

“Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun 14-moddasida bolaning g‘ayriqonuniy ko‘chirilishdan himoyalanish huquqi kafolatlari belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra har bir bola g‘ayriqonuniy ko‘chirilishdan va chet eldan qaytarilmaslikdan himoyalanish huquqiga ega.

Bolaning chet elga safarlari faqat ota va ona yoki ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxslar roziligi bilan qonunchilikka muvofiq amalga oshirilishi mumkin. Ushbu masala bo‘yicha ota va ona yoki ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘rtasidagi har qanday kelishmovchilik sud tomonidan hal qilinadi.

Ota-ona yoki ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxslar bola yo‘qolgani haqida tegishli organlarga darhol xabar berishlari shart. Ota-ona yoki ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxslar hamrohligida bo‘lmagan bolalar ular yoniga kafolatli qaytarilish huquqiga ega.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid