Jahon | 20:07 / 28.07.2022
24603
8 daqiqa o‘qiladi

Nensi Pelosi Tayvanga kelmoqchi. Bu nega Xitoyning g‘azabini keltirmoqda?

Xitoy hukumati AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Tayvanga tashrif buyurishi mumkinligi haqidagi xabarlardan g‘azab otiga mindi va Vashingtonni bu safar ro‘y bersa, jiddiy oqibatlar bo‘lishidan ogohlantirdi. Nufuzli amerikalik siyosatchining tashrifi nima uchun geosiyosiy muammoga aylanishi mumkin?

Foto: Getty Images

Orolni va uning hukumatini nazorat qilmasa-da, Pekin Tayvanni Xitoy hududi deb hisoblaydi. Agar Pelosi avgust oyida Tayvanga tashrif bilan kelishi haqidagi ma’lumot tasdiqlansa, u 1997 yildan buyon AQShga keladigan eng yuqori martabali siyosatchi bo‘ladi.

Xitoy TIV Pelosining tashrifi Xitoy suverenitetiga daxl qilish deb baholanishi va AQSh buning uchun javobgar bo‘lishini aytdi.

AQSh Davlat departamenti Pelosi xonimning tashrifi haqida hech qanday rasmiy ma’lumot yo‘qligini, AQShning Tayvanga nisbatan siyosatida o‘zgarish yo‘qligini bildirgan.

Shu bilan birga, 25 iyul kuni «Ronald Reygan» atom aviatashuvchisi va boshqariluvchi raketalar joylashgan esminets va kreyserdan iborat guruh Singapurdan chiqqan va Janubiy Xitoy dengizi tomon yo‘l olgan. Amerikalik harbiylar kemalarning yakuniy manzili haqida ma’lumot bermagan, biroq «agar ular shu yo‘nalishda davom etsa, Tayvan bo‘g‘oziga yetib boradi».

Rasmiy diplomatik aloqalar yo‘qligiga qaramay, Vashington Tayvan bilan «mustahkam norasmiy aloqalar»ni saqlab kelmoqda va bu davlatga harbiy-texnik yordam ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, AQSh Tayvanni mustaqil davlat sifatida tan olmagan.

Pelosi nima uchun Tayvanga tashrif buyurmoqchi?

Kongressdagi 35 yillik faoliyati davomida Nensi Pelosi Xitoyning ashaddiy tanqidchisi bo‘lib kelgan. U inson huquqlari buzilishini qoralaydi, xitoylik dissidentlar bilan uchrashgan, 1989 yilda namoyishchilar o‘ldirilgan Tyananmen maydoniga qurbonlarni xotirlash uchun tashrif buyurgan.

Avvaliga Pelosi Tayvanga 2022 yil aprelida tashrif buyurmoqchi edi, ammo unda koronavirus aniqlangach, tashrif qoldirilgandi. Pelosi avgustda amalga oshishi kutilayotgan safari tafsilotlarini muhokama qilishni istamagan, ammo u o‘tgan haftada «Tayvanni qo‘llab-quvvatlashni namoyish etish muhimligi»ni aytdi.

Spiker Pelosi xitoylik dissidentlarning 2019 yilgi mitingida Tyananmen maydonidagi voqealarga bag‘ishlangan «tank qarshisidagi odam» haykalini ochmoqda. Foto: Getty Images

Tayvan hukumati doimiy ravishda Xitoyni orolga nisbatan harbiy provokatsiyalar uyushtirishda ayblaydi. Ukrainada urush boshlangach vaziyat keskinlasha boshlagan, qator ekspertlar XXR raisi Si Jinping Rossiya prezidenti Vladimir Putindan o‘rnak olib, orolda Xitoy hokimiyatini tan oldirish uchun «ozod etish amaliyoti» boshlashi mumkinligini taxmin qilishgan.

Tayvanning demokratik yo‘l bilan saylangan hukumati Xitoyning e’tirozlariga javoban orolda yashovchi 23 mln kishi o‘z kelajagini o‘zi hal qilishi va ular harbiy hujum ro‘y bergan taqdirda himoyalanishga tayyorligini bildirgan.

Xitoy tashrifga nega qarshi chiqmoqda va qanday oqibatlar bilan tahdid qilmoqda?

Pekin Tayvanni o‘z hududi deb hisoblaydi va bir necha bor zarurat tug‘ilsa uni annexia qilish bilan tahdid qilgan. Xitoy rasmiy shaxslari allaqachon Taybey va Vashington o‘rtasida diplomatik aloqalar kuchayib borayotganiga e’tirozlarini bildirishgan.

Xitoy tashqi vazirligi rasmiy vakili Chjao Litszyan agar Nensi Pelosi Tayvanga kelgudek bo‘lsa, mamlakat qat’iy va keskin choralar ko‘rishi haqida ogohlantirgan.

Foto: Reuters

Xitoy mudofaa vazirligi vakili esa harbiy javob qo‘llanishi ehtimolini istisno etmadi. Unga ko‘ra, Tayvan ustida parvozlardan xoli hudud tashkil etish va hatto keng ko‘lamli desant tushirish amaliyoti o‘tkazilishi ham mumkin.

«Agar Amerika tomoni o‘z yo‘lidan qaytmasa, Xitoy harbiylari hech qachon qo‘l qovushtirib o‘tirmaydi hamda shubhasiz, tashqi kuchlarning har qanday aralashuvi va «Tayvan mustaqilligi» to‘g‘risidagi ayirmachiliklarning oldini olish uchun keskin choralar ko‘radi», — dedi China Daily bilan suhbatda polkovnik Tan Kefey.

Pelosining tashrifi nega Tayvan uchun foydali?

Tayvan AQSh, Yevropa va Osiyodan kelgan barcha xorijlik yuqori martabali shaxslarning tashriflarini yuqori baholaydi, bu tashriflardan Xitoyga qarshi himoya sifatida foydalanadi hamda uning diplomatik izolyatsiya kampaniyasiga qarshi kurashadi.

Shu bilan birga, Tayvan mamlakatning muhim iqtisodiy hamkori bo‘lib qolayotgan Xitoy bilan qarama-qarshilik avj olishini istamay, bunday tashriflarga reaksiya bildirishdan tiyilishga harakat qiladi. Qolaversa, Xitoyning materikdagi qismida bir millionga yaqin tayvanlik istiqomat qiladi.

Shu haftada Tayvanda yillik harbiy mashg‘ulotlar boshlandi. Foto: EPA

Tayvan jamoatchiligi Xitoyning birlashish haqidagi talablarini qat’iyan rad etadi, ammo orol qurolli kuchlari Xitoy tajovuzidan AQSh yordamisiz himoyalanishi juda qiyin, shu tufayli orol hukumati Vashington bilan munosabatlarni mustahkamlashi va qurol olish imkoniga ega bo‘lishi juda muhim.

AQSh ma’muriyatidagilar nima demoqda?

«Harbiylar hozir bu yaxshi g‘oya emas deb hisoblashmoqda. Ammo men Pelosining bu safari qanday maqomda ekanidan bexabarman», dedi o‘tgan haftada AQSh prezidenti Jo Bayden.

Pentagonda izoh berishlaricha, «juda ham yaxshi g‘oya emas»ligi haqidagi so‘zlar shuni anglatadiki, harbiylar Vashingtondagi qaror qabul qiluvchilarni xavf-xatar ehtimolidan, ya’ni Xitoy nima qilishi mumkinligi va AQSh qanday harakat qilishi haqida xabardor qilgan.

Shuningdek, OAV Bayden ma’muriyati Vakillar palatasi spikerini tashrifdan voz kechishga undayotgani haqida yozgan. Shu bilan birga, Oq uy xitoyliklarning ushbu safar borasidagi ritorikasini «foydasiz va keraksiz» deb atagan.

82 yoshli Nensi Pelosi uchun Tayvanga tashrif uning siyosiy faoliyatidagi yakunlovchi safarga aylanishi mumkin. Foto: EPA

«Pelosining safari foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirishi mumkinmi?»
BBC’ning Taybeydagi muxbiri Rupert Uingfild-Heyzning izohi

Agar siz - ittifoqchilari ko‘p bo‘lmagan, BMT tomonidan tan olinmagan va muntazam ravishda qudratli qo‘shnining bostirib kirishi xavfi ostida yashaydigan kichik davlat bo‘lsangiz, AQShdagi ta’sir doirasi bo‘yicha uchinchi raqamli shaxsning tashrifi siz uchun yoqimli hodisa bo‘ladi, shunday emasmi?

Mana shuning uchun Tayvan hukumati AQSh Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosiga oroldan nariroq bo‘lishni aytmoqchi emas.

Tayvan prezidenti Tsay Inven allaqachon AQSh bilan hamkorlikni yuqori darajaga olib chiqishga chaqirib keladi. Ammo nega Pelosi aynan hozir kelayotgani va uning bu safari foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirishi mumkinligi bo‘yicha xavotirlar ham bor.

So‘nggi bir yilda prezident Jo Bayden uch marta agar Xitoy bosqini ro‘y bersa, AQSh vaziyatga aralashib, Tayvanni qo‘llab-quvvatlashi haqida aytgan. Ammo keyin uning xodimlari vaziyatni yumshatishga harakat qilib, AQShning bu masaladagi siyosati o‘zgarmasligini ta’kidlashiga to‘g‘ri kelgan.

Pelosining Tayvanga safari haqida ma’lumot tarqalganda, prezident Bayden uni qo‘llab-quvvatlamadi, buning o‘rniga shunday dedi: «Mudofaa vazirligi hisoblashicha, bu unchalik ham yaxshi g‘oya emas».

Pekinda bu zaiflik sifatida ko‘riladi, Taybeyda esa - sarosimaga tushish. Ammo AQSh hukumatining orolga nisbatan haqiqiy siyosati qanday?

Nensi Pelosi allaqachon 82 yoshda, kuzda u pensiyaga chiqishi kerak. U Tayvanga chindan ham yordam berish maqsadida kelmoqdami yoki bu siyosiy nayrangmi? Bularning bari juda noaniq.

Mavzuga oid