Qirg‘izistonda aholining 60% dan ortig‘i, O‘zbekistonda esa taxminan 50 foizi qishloqlarda yashaydi. Bu qishloqlar ko‘pincha sovet davrida qurilgan va toza, oqar suv ta’minoti tizimlariga ega emas.

Bu haqda Qirg‘iziston va O‘zbekistonning ayrim hududlaridagi suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha loyihalar natijasini o‘rgangan Jahon banki tadqiqotchilari xulosasida qayd etilgan.

Loyiha doirasida O‘zbekistondan Buxoro viloyatining Olot va Qorako‘l tumanlari tanlab olingan. Ta’kidlanishicha, bu ikki tuman aholisining aksariyati yillar davomida mamlakatda suv ta’minoti bilan bog‘liq eng xavfli vaziyatlarni boshdan kechirgan.

Olot va Qorako‘lda aholining 80 foizi qishloq joylarda istiqomat qiladi va ular sug‘orish kanallari hamda sho‘rlangan quduqlardan olinadigan xavfli suvga bog‘lanib qolishgan yoki tankerlar orqali yuqori narxga suv olib kelishgan, deyiladi hisobotda.

Quvurli suv taqsimlash tarmoqlari Olotning 23 foiz va Qorako‘l tumani aholisining bor-yo‘g‘i 15 foiziga yetib borgan, biroq mavjud bo‘lganda ham xizmat vaqti-vaqti bilan uziladi va odamlar filtrsiz, loyqa suvdan foydalanishga majbur bo‘ladi.

Salomatlikni xavf ostiga qo‘yish, imkoniyatlarni yo‘qotish

Olotdagi xonadonlarning biridagi suv sisternasiFoto: Jahon banki

Olot, Qorako‘l va Tamg‘a (Qirg‘iziston) tumanlarida suv ta’minoti tizimi yetarli darajada emasligi va toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmaganlik suvdan yuqadigan kasalliklar va parazitlar ko‘payishiga olib kelgan.

Tamg‘a qishlog‘i oilaviy shifokorlar guruhi bosh shifokori Elmira Imanovaning so‘zlariga ko‘ra, 2020 yilda 100 dan ortiq bola ana shunday kasallikka chalingan. Uning ta’kidlashicha, toza suv yo‘qligi sababli yomon gigiyena sharoitlari bunday epidemiyalarga olib kelgan.

Olot va Qorako‘ldagi bolalar ham suv ta’minoti tizimi noto‘g‘riligidan zarar ko‘rgan. Tadqiqotdan ma’lum bo‘lishicha, bu yerdagi aholi O‘zbekistonda suv orqali yuqadigan kasalliklarning eng yuqori ko‘rsatkichlariga duch kelgan, bolalar va qariyalar eng ko‘p jabrlangan. Olotdagi uy xo‘jaliklarining 83 foizi o‘z farzandlari to‘g‘ridan to‘g‘ri kanallardan keladigan ichimlik suvidan kasal bo‘lib qolganini ma’lum qilgan.