Nensi Pelosi Tayvanga bormoqchi. Xitoy propagandachilari uning samolyoti urib tushirilishi bilan tahdid qilmoqda
AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri layneri Havayi orollarida to‘xtagan.
30 iyul kuni AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Osiyo mamlakatlari bo‘ylab safar uchun yo‘l oldi. So‘nggi kunlarda OAVda Pelosi turne davomida Tayvanga ham tashrif buyurishi haqida yozildi va bu xabarlar AQSh hamda Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarni keskinlashtirdi.
Amalda AQShda prezident va vitse-prezidentdan keyingi uchinchi shaxs bo‘lgan Pelosi xonim Tayvanga ham borishi mumkinligi haqida dastlab 19 iyul kuni The Financial Times gazetasi yozib chiqdi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Xitoy norasmiy kanallar orqali AQShni voqealarning bunday rivojining «jiddiy oqibatlari» haqida ogohlantirgan; keyinroq Pekindagilar bu ma’lumotni rasman tasdiqlashdi.
AQSh Pelosining Tayvanga tashrifi haqidagi ma’lumotni tasdiqlamadi va rad etmadi ham — tashrifning rasmiy dasturida faqat Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya va Singapur davlatlari ko‘rsatilgan. Pelosining o‘zi ham Tayvanga borishi ehtimoli bo‘yicha izoh berishni istamagan. Uning atrofidagi manbalar 28 iyul kuni bu borada yakuniy qaror hali qabul qilinmaganini aytishdi.
Pekindan xabar qilishlaricha, xuddi o‘sha kuni XXR raisi Si Jinping AQSh prezidenti Jo Bayden bilan telefon muloqotida Tayvan masalasida «olov bilan o‘ynashmaslik»ka chaqirdi. Si Baydenga AQSh «yagona Xitoy» tamoyilini hurmat qilishi kerakligini eslatgan. O‘shanda xitoyliklar armiyasi oldindan e’lon qilmagan holda Tayvan yaqinidagi Futszyan provinsiyasida (orol bilan o‘rtada bitta bo‘g‘oz ajratib turadi) harbiy mashg‘ulotlar boshladi. Bu yerga juda ko‘p miqdorda harbiy texnikalar yuborilmoqda, xususan, baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari joylashtirilgan.
O‘z navbatida, Tayvan armiyasi ham dengizda desant hujumiga qarshi mashg‘ulotlar boshladi. Tayvandagi xalqaro aeroport va boshqa fuqarolik obektlariga havo hujumidan mudofaa tizimlari o‘rnatildi.
Politico nashri yozishicha, Pentagonda Pelosining Tayvanga tashrifiga tayyorgarlik ko‘rishda davom etishmoqda va variantlardan biri sifatida uning harbiy samolyotda uchishi ko‘rib chiqilmoqda. Bu voqealar fonida 29 iyul kuni Xitoydagi eng nufuzli hukumatparast jurnalist, Global Times nashrining sobiq bosh muharriri Xu Sitszin ijtimoiy tarmoqlarda agar amerikaliklarning qiruvchi samolyotlari Pelosining Tayvanga safariga hamrohlik qilsa, bu bosqin sifatida qabul qilinishi — va bunday holatda amerikaliklarni havo kengligini tark etishga majburlash uchun xitoyliklar samolyotlari havoga ko‘tarilishi haqida aytdi. «Agar bu yetarli bo‘lmasa, men o‘ylaymanki, Pelosining samolyoti urib tushirilishi normal holat bo‘ladi», — deya qayd etgan u.
Bu vaqtda «Ronald Reygan» atom aviatashuvchisi Singapurdan Janubiy Xitoy dengizi tomon yo‘lga chiqdi. U Nensi Pelosining Tayvanga tashrifi davomida patrul ishlarini olib borishi aytilmoqda. Osmonda AQSh harbiy samolyotlari uchmoqda.
Pelosining samolyoti 30 iyul kuni Merilend shtatidagi Endryus aviabazasidan yo‘lga chiqqandi. Uning parvozini FlightRadar24 servisida jonli efirda 60 ming atrofidagi odam kuzatib borgan. 30 iyul kuni kechga yaqin samolyot Havayiga qo‘ndi. Shundan keyin FlightRadar24 bortning harakatini kuzatish imkoniyatini o‘chirib qo‘ydi.
Mavzuga oid
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
19:13 / 21.11.2024
Xitoyda 83 mlrd dollarlik oltin zaxirasi topildi
21:37 / 20.11.2024
«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘li bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichda – OAV
23:34 / 19.11.2024