Jahon | 15:26 / 01.08.2022
7468
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya sudlari ukrainaliklarni deportatsiya o‘rniga ozod qilishni boshladi

Sudlangan ukrainaliklarni vataniga jo‘nata olmagani uchun Rossiya sudlari ularni tergov izolyatorlari va xorijliklarni vaqtincha saqlash joylaridan ozod qila boshladi, deb yozadi «Kommersant».

Foto: Picture Alliance

Rossiya sudlari Ukraina fuqarolarini o‘z vatanlariga chiqarib yuborish haqidagi qarorlarni «ularni ijro etishning haqiqiy imkoniyati yo‘qligi» sababli bekor qila boshladi, deb yozadi «Kommersant» gazetasi 1 avgust, dushanba kuni.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan ikki davlat o‘rtasida qidiruvdagi shaxslarni chiqarib yuborish bo‘yicha kelishuv to‘xtatilgan edi. Ukrainaliklarni uylariga jo‘natish jismonan imkonsiz bo‘lib qolgani sababli, 100 dan ortiq odam Rossiyaning chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markazlarida (ChFVSM) qolib ketgan, deya ta’kidlaydi gazeta.

Moskva Helsinki guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, sudlar kamida 21 kishini Moskva viloyati markazidan chiqarib yuborish to‘g‘risidagi qarorlarni allaqachon bekor qilgan. Bundan tashqari, Sankt-Peterburgda yana 30 nafar ukrainalik ozod etildi. Sud qarorlariga qaramay, ayrim Ukraina fuqarolarini ChFVSMdan ozod qilish rad etilmoqda, deya xabar berdi huquq himoyachilari.

Iyun oyi o‘rtalarida Rossiya tergov izolyatorlari va ChFVSMlarida 350 dan ortiq Ukraina fuqarolari bo‘lgan. Ulardan ba’zilari Ukraina tomonining iltimosiga ko‘ra qo‘lga olingan, chunki o‘z vatanlarida jinoyat sodir etgani uchun qidiruvda bo‘lgan. 

Moskva Jamoatchilik kuzatuv komissiyasi vakili Georgiy Ivanov urushdan oldin ukrainaliklarni chiqarib yuborish «juda tez» amalga oshganini ta’kidladi. Yangi Moskvada joylashgan Saxarova posyolkasidagi ChFVSMda avval bir vaqtning o‘zida 40 dan ortiq odam saqlanmagan bo‘lsa, iyun oyida esa markazda 113 ukrainalik bo‘lgan. 

Rossiya tergov izolyatorlari va maxsus hibsxonalaridagi ba’zi ukrainaliklar Rossiyani tark etishni xohlamayapti, chunki ularning oilalari bu yerda yashaydi, deb ta’kidlaydi JKK. Huquq himoyachilariga ko‘ra, ulardan ba’zilari boshpana olishga uringan, biroq rad javobi berilgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid