O‘zbekiston | 07:48 / 02.08.2022
2425
4 daqiqa o‘qiladi

Jismoniy tarbiya universitetida yangi mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi 

Prezidentning “Jismoniy tarbiya va sport universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Foto: uz-djti.uz

Sportni rivojlantirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Toshkent viloyati hokimligining O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish va sohada malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab quyidagilarni amalga oshirish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullanadi:

“sport diyetologiyasi” va “sport shifokori” mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish hamda mazkur mutaxassisliklar va sport faoliyati ta’lim yo‘nalishi o‘quv rejasiga “kardiomashg‘ulot” fanini kiritish, “sport muhandisligi” mutaxassisligi bo‘yicha O‘zbek-Belarus qo‘shma ta’lim dasturi asosida magistratura yo‘nalishini tashkil etish yuzasidan Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat komissiyasiga taklif kiritish;

sport faoliyati (faoliyat turlari bo‘yicha) ta’lim yo‘nalishiga hujjat topshiruvchi abituriyentlar kontingentini sport razryadi yoki sport unvoniga ega bo‘lgan nomzodlardan shakllantirish;

xalqaro toifadagi O‘zbekiston sport ustasi yoki xalqaro grossmeysteri hamda O‘zbekiston sport ustasi yoki O‘zbekiston grossmeysteri unvonlariga ega bo‘lgan abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalarining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ta’lim yo‘nalishlariga kasbiy (ijodiy) imtihonlarida maksimal ball berish amaliyotini joriy qilish.

Sportni rivojlantirish vazirligi:

2023 yil yakuniga qadar universitetning boshqaruv, o‘quv-uslubiy, ilmiy tadqiqot va ma’naviy-ma’rifiy faoliyatini raqamlashtirish orqali “Raqamli universitet” platformasini joriy qilish;

universitet huzurida mutaxassislik fanlardan video, audiovizual ta’lim kontentlarini va multimedia ta’lim mahsulotlarini tayyorlashga mo‘ljallangan “Sport IT” markazini yaratish;

2023/2024 o‘quv yiliga qadar mutaxassislik fanlaridan video, audiovizual ta’lim kontentlarini va multimedia ta’lim mahsulotlarini tayyorlashga mo‘ljallangan “Sport IT” markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda jihozlar bilan ta’minlash choralarini ko‘radi.

Bunda, universitetda ta’lim olayotgan hamda axborot-texnologiyalaridan keng foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan talabalarga o‘z iqtidorlarini namoyon etishi uchun markazda faoliyat olib borishiga shart-sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratiladi.

Sportni rivojlantirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi Paralimpiya sport turlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimini yanada rivojlantirish maqsadida:

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab Paralimpiya fakultetida tahsil olayotgan, jumladan eshitish va nutqida turli xil muammosi bo‘lgan talabalar sifatli ta’lim olishini ta’minlash uchun surdotarjimon shtatini joriy qilib, ularning oylik maoshini stajyor-o‘qituvchi lavozimiga tenglashtiradi;

2023/2024 o‘quv yilidan boshlab adaptiv jismoniy tarbiya va sport ta’lim yo‘nalishini tashkil etib, kadrlar buyurtmachilari talablari asosida qabul parametrlarini shakllantirish yuzasidan davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat komissiyasiga taklif kiritadi.

Universitet, Innovatsion rivojlanish vazirligi ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq o‘tkaziladigan tanlovlar natijalariga ko‘ra fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarga grant mablag‘lari ajratadi. Loyiha ijrochilari, grant loyihalari tadqiqotlaridan kelib chiqib ajratiladigan mablag‘lar hisobidan ilmiy laboratoriya bazasini rivojlantirish, ilg‘or texnologik jihozlar bilan ta’minlash hamda sohaga oid ilmiy-innovatsion tadqiqotlarni kengaytirish choralarini ko‘radi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid