Jahon | 19:23 / 02.08.2022
49839
12 daqiqa o‘qiladi

Nensi Pelosining Tayvanga tashrifi: Xitoy va AQSh bunga qanday tayyorlanmoqda?

Oq uy Xitoy AQSh Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Tayvanga tashrifiga javoban harbiy provokatsiyalar qilishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi yaqin vaqt ichida Tayvan markazi Taybey shahriga tashrif buyuradi. Uning bu yerga kelishi haqida rasman anons qilinmagan.

Ayni vaqtda Pelosining samolyoti Tayvan havo kengliklariga kirgan, unga Tayvan qiruvchi samolyotlari hamrohlik qila boshlagan. 

Flightradar'ning ma’lum qilishicha, bortida Nensi Pelosi bo‘lgan samolyot Toshkent vaqti bilan soat 19:43da Tayvanga yetib boradi.

Bu AQShning bu kabi yuqori martabali amaldori so‘nggi o‘n yilliklarda ilk bor Tayvanga kelishi bo‘ladi.

Spikerning ushbu orol davlatga tashrif buyurish bo‘yicha rejalari orolni o‘zining ajralmas qismi deb hisoblaydigan Xitoyda keskin norozilik uyg‘otdi va rasmiy Pekin tomonidan tahdidlar yangray boshladi, shuningdek, Pelosi va ushbu tashrifni ma’qullamagan prezident Bayden o‘rtasida tushunmovchilik yuzaga keldi.

XXR rasmiylari bir necha bor Vashingtonni bunday tashrif oqibatlaridan ogohlantirdi, seshanba kuni esa AQSh buning uchun to‘lov qilishini bildirdi.

E’lon qilinmagan tashrif

Pelosi xonim seshanba kuni Malayziyaga keldi, Osiyo bo‘ylab turne bir kun oldin Singapurdan boshlangandi. Uning ofisida u Janubiy Koreya va Yaponiyaga ham borishini ma’lum qilishgan, ammo Tayvanga tashrif tilga olinmagan.

Reuters agentligi vaziyatdan xabardor manbalariga tayanib xabar berishicha, Pelosi chorshanba kuni faollar bilan uchrashishni rejalashtirgan. Uchrashuv, katta ehtimol bilan Nyu-Taybeydagi Inson huquqlari milliy muzeyida tashkillashtiriladi.

Pelosining uchrashuvlarining katta qismi, xususan Tayvan prezidenti Tsay Inven bilan uchrashuvi chorshanba kuniga rejalashtirilgan.

Tayvan tashqi ishlar vazirligi Pelosining tashrifi haqidagi xabarlarni izohlamagan.

«Borish huquqiga ega»

Pelosining tashrifi - Oq uy uchun katta diplomatik bosh og‘riq bo‘ldi. Prezident Jo Bayden ayni vaqtda amerikalik harbiylar Pelosining Tayvanga tashrifi «uncha ham yaxshi g‘oya emas deb hisoblashi»ni aytgandi.

Nensi Pelosi - AQSh hokimiyat tuzilmasidagi uchinchi raqamli shaxs hisoblanadi. Davlat rahbari va vitse-prezident o‘z majburiyatlarini bajarishga layoqatli bo‘lmay qolgan taqdirda, mamlakat boshqaruvi Vakillar palatasi spikeri qo‘liga o‘tadi.

Baydenning ma’muriyati Pelosining orolga tashrifini rasman qo‘llab-quvvatlamagan. Ammo dushanba kuni Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Jon Kirbi Pelosi Tayvanga borish huquqiga egaligi, Oq uy esa AQSh Kongressi mustaqilligini hurmat qilishini aytdi.

«Spiker Tayvanga tashrif buyurish huquqiga ega. AQShning ko‘p yillik siyosatiga muvofiq, Pekinda ushbu ehtimoliy tashrifni qandaydir inqirozga aylantirish uchun hech qanday sabab yo‘q», dedi u jurnalistlarga.

Kirbining so‘zlariga ko‘ra, Pelosining ehtimoliy tashrifi AQShning Tayvanga nisbatan siyosatini o‘zgartira olmaydi va Pekindagilar AQSh hokimiyatidagi vakolatlar taqsimlanishi Pelosi tashrif bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilishini anglatishini to‘g‘ri tushunishi kerak.

U Pelosi Amerika harbiy-havo kuchlari samolyotida safar qilayotgani, va bu - Vashington to‘g‘ridan to‘g‘ri hujumdan xavfsiramayotgan bo‘lsa-da, noto‘g‘ri hisoblash yoki xato qilish xavfini oshirishini aytib o‘tdi.

Kirbining so‘zlariga ko‘ra, Pekinning reaksiyasi Tayvan atrofiga raketa uchirish, havoda yoki dengizda yirik harbiy amaliyotlar o‘tkazish yoki orolni Xitoyning materikdagi qismidan ajratib turuvchi Tayvan bo‘g‘ozi xalqaro suv yo‘li emasligini da’vo qilish bilan kechishi mumkin.

«Biz qarmoqqa ilinmaymiz va qurollarni yalang‘ochlamaymiz. Shu bilan birga, bizni qo‘rqitib bo‘lmaydi», degan Kirbi.

Harbiy faollikning oshishi

Xitoy harbiy samolyotlari allaqachon Tayvan bo‘g‘ozini ajratib turuvchi chiziq bo‘ylab bir necha bor namoyishkorona parvozlarni amalga oshirdi. Xitoyliklarning bir qancha harbiy kemalari 1 avgustdan buyon Xitoy va Tayvan o‘rtasidagi norasmiy chegara chizig‘i yaqinida turibdi.

China Times xabariga ko‘ra, xitoyliklarning aviatashuvchilari «Lyaonin» va «Shandun» joylashuv portlaridan dengizga chiqqan.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, xitoyliklarning qiruvchi samolyotlari bir necha bor taktik manyovrlar amalga oshirishgan, bir muddat tutashuv chizig‘iga «tegib o‘tgan» va bo‘g‘ozning Xitoy nazoratidagi hududiga qaytgan. Tayvan qiruvchilari ham o‘z tomonidagi havo kengligida navbatchilik qilmoqda.

Odatda ikki tomonning samolyotlari ham shartli chiziqni kesib o‘tmaydi.

Seshanba kuni Tayvan mudofaa vazirligi Tayvan yaqinidagi harbiy manyovrlardan to‘la xabardor ekan va «dushman tahdidlari»ga munosib tarzda javob qaytarilishini ma’lum qildi.

Xitoy janubi-sharqidagi Syamen shahri aholisi (bu shahar Tayvanga parallel joylashgan) seshanba kuni hududda zirhli texnikalar faollashgani haqida xabar berib, internetga bu haqdagi fotosuratlarni joylagan.

Tahdid va ogohlantirishlar

Dushanba kuni Xitoy tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Chjao Litszyan Pelosining Tayvanga tashrifi Xitoy ichki ishlariga qo‘pol aralashuv bo‘lishini aytdi va Xitoy xalq-ozodlik armiyasi qo‘l qovushtirib o‘tirmasligidan ogohlantirdi.

O‘tgan payshanba kuni ikki soatdan ortiq davom etgan telefon muloqoti chog‘ida XXR raisi Si Jinping Jo Baydenni Vashington yagona Xitoy tamoyilini hurmat qilishi kerakligini aytib, «olov bilan o‘ynashgan olovda kuyib qolishi»dan ogohlantirgandi.

Bayden bunga javoban Sini AQShning Tayvan bo‘yicha siyosati o‘zgarmasligiga ishontirgan, shu bilan birga Vashington orolning status-kvosini kuch bilan o‘zgartirish yoki Tayvan bo‘g‘ozidagi tinchlik va barqarorlikka putur yetkazishga qaratilgan bir tomonlama sa’y-harakatlarga keskin qarshilik ko‘rsatishini ta’kidladi.

Seshanba kuni Xitoy tashqi ishlar vazirligi yuqori martabali mulozimning tashrifi AQSh bilan bog‘liq ko‘rilishini aytib, Vashington mazkur masalaning jiddiyligi va nozikligini tushuna olishiga umid bildirdi.

Pekin Tayvanni o‘z hududi deb biladi va doim orolni kuch bilan o‘z nazoratiga olish niyatini yashirmaydi. Tayvan Xitoyning suverenitet haqidagi da’volarini rad etadi va orol taqdirini faqat uning xalqi hal qilishi mumkinligini bildiradi.

Xitoy AQSh rasmiylarining Tayvanga tashrifini orolda mustaqillik tarafdorlari lageri rag‘batlantirilishi sifatida ko‘radi. Vashington Tayvan bilan rasman diplomatik aloqalar o‘rnatmagan, ammo Amerika qonunchiigi orolga o‘zini o‘zi mudofaa qilish vositalari yetkazib berishni talab qiladi.

Kirbi Vakillar palatasining Respublikachilar partiyasidan bo‘lgan spikeri Nyut Gingrich Tayvanga 1997 yilda tashrif buyurgani, boshqa amerikalik qonunchilar orolda o‘sha yil boshida bo‘lishganini qayd etadi.

«Hech narsa o‘zgarmadi. Bu yerda hech qanday dramaga o‘rin yo‘q. Vakillar palatasi spikeri Tayvanga borishi avval ro‘y bermagan hodisa emas», deydi u.

Ammo Xitoyning BMTdagi elchisi Chjan Tszyun Pelosining hozirgi tashrifi bilan 1997 yilgi tashrifni taqqoslab bo‘lmasligini va hozirgisi provokatsiya o‘laroq ko‘rilishini aytadi. U agar bu ro‘y bersa, Xitoy o‘z suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish uchun qat’iy choralarga qo‘l urishini ta’kidlagan.

BMTda chiqish qilgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Xitoyni Pelosining tashrifi masalasida bosiq bo‘lishga chaqirgan.

«Agar spiker borishga qaror qilsa va Xitoy qandaydir inqiroz yaratishga yoki boshqa yo‘l bilan keskinlikni kuchaytirishga harakat qilsa, buning uchun javobgarlik butunlay Pekin zimmasida bo‘ladi. Biz Xitoydan mas’uliyat bilan harakat qilishi va kelgusida hech qanday eskalatsiyada ishtirok etmasligini kutamiz», degan u.

Nensi Pelosi va Xitoy

Tayvan AQSh Kongressidagi ikki partiya tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanadi. Demokratik partiyadagi eng jiddiy figura bo‘lgan Nensi Pelosi esa ancha vaqtdan buyon Xitoy rahbariyatini tanqid qilib keladi, ayniqsa inson huquqlari masalasida.

1991 yilda, Pekindagi Tyananmen maydonidagi namoyishlar shafqatsizlik bilan bostirilganidan ikki yil o‘tib o‘shanda Kaliforniya shtatidan kongressmen bo‘lgan Pelosi Xitoy poytaxtiga kelgandi.

U rasmiy eskortdan ajralib chiqib, yana ikki nafar kongressmen bilan birgalikda Xitoy tomoni ruxsatisiz shahar maydoniga kirgan va kameralar qarshisida «Xitoydagi demokratiya uchun qurbon bo‘lganlar xotirasiga» yozuvi tushirilgan kichik qora bannerni ko‘tarishgandi.

Politsiya tezda amerikalik qonunchilarni maydondan chiqarib yuborgan. Keyinroq Xitoy TIV bu hodisani «oldindan tayyorlangan maynabozchilik» deb atagan.

2002 yilda o‘shanda Xitoy vitse-prezidenti bo‘lgan Xu Tszintao bilan uchrashgan Pelosi unga to‘rtta xat berishga harakat qilgan, ularda Xitoy va Tibetdagi faollarning qo‘lga olinishi va hibs qilinishi borasida xavotirlar hamda ularni ozod etishga chaqiriqlar aks etgandi.

Xu maktublarni olishdan bosh tortgan.

Yetti yil o‘tib Pelosi endi XXR raisi bo‘lgan Xu bilan uchrashgan va unga siyosiy mahbuslarni, jumladan Lyu Syaoboni ozod etish chaqirilgan maktubni topshiradi.

1993 yildayoq Pelosi Xitoyning Olimpiya o‘yinlari o‘tkazish bo‘yicha zayavkasini qoralagan hamda prezident Jorj Bushni 2008 yil Xitoy mezbonligidagi Olimpiya o‘yinlari ochilish marosimini boykot qilishga undashga uringan, ammo Bush baribir Xitoyga borgan.

Bu yil ham Vakillar palatasi spikeri Xitoydagi uyg‘urlarga qarshi harakatlar tufayli yana bir bor Pekindagi 2022 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlarini diplomatik boykot qilishga chaqirdi.

Pelosi o‘tgan hafta Tayvan mustaqilligini Tayvan xalqi hal qilishi kerakligini aytib o‘tdi.

«Agar siz Xitoydagi tijorat manfaatlaringiz tufayli inson huquqlarini himoya qila olmasangiz, istalgan joyda ularni himoya qilish uchun ma’naviy huquqingizni yo‘qotasiz», dedi Pelosi yaqinda bergan intervyusida.

Mavzuga oid