21:06 / 03.08.2022
26703

«Bolonya», «Torino», «Vulverhempton» – Shomurodov qaysi klubga ko‘proq kerak?

Foto: Getty Images

Joze Mourinoning Eldor Shomurodovni «Roma»ning mavsum oldi so‘nggi yig‘iniga olib bormagani ortidan futbolchining agenti o‘zbekistonlik hujumchining klubini o‘zgartirishga yaqin ekani haqida bayonot berdi. Shundan so‘ng Shomurodovning yangi klubi qaysi jamoa bo‘lishi haqidagi savol o‘zbek futboli muxlislarining diqqat markazida turibdi. Unga Italiyaning ikki jamoasi hamda Angliyaning «Vulverhempton» klubi qiziqish bildirayotgan bo‘lsa-da, Eldor ayni damda ko‘proq APL klubiga kerakdek, nazarimizda. 

«Roma» nimani xohlamoqda?

Joze Mourino Rim klubiga Paulo Dibalani taklif etgach, Shomurodovni yangi mavsum rejalaridan chiqargan. Eldor Isroildagi so‘nggi yig‘inga boradigan o‘yinchilar ro‘yxatidan tushib qolgach, klub sport direktori Tyago Pintu rimliklar 27 yoshli hujumchi borasida takliflarni ko‘rib chiqishga tayyorligini ma’lum qilgan. 

Dastlab, TuttoSport nashri «Roma» o‘zbekistonlik forvardini 18 million yevroga baholayotgani haqida ma’lum qilgandi. Bunda klub Eldor uchun 2021 yil «Jyenoa»ga to‘langan 17,5 mln yevro transfer xarajatini chiqarib olishni ko‘zlayotganini tushunish qiyin emasdi. Ammo, tan olish kerak, o‘tgan mavsum rimliklar safida jami 39 o‘yinda 5ta gol va 6ta assistga mualliflik qilgan ikkinchi raqamli 27 yoshli forvard uchun potensial xaridor ham buncha pul bermasligi aniq edi.  

«Bo‘rilar» bilan 2026 yilgacha shartnomasi bo‘lgan va yillik qariyb 2 million yevro maoshli futbolchini shunchaki tarkibda saqlab qolish esa klub foydasiga ishlamaydi. Natijada klub dastlabki muzokaralardayoq talabini ancha pasaytirgan – futbolchini 10 million yevro atrofida narxlab, sotib olish sharti bilan ijaraga berishga shay. Bir yillik ijaraga berib, qaytarish varianti ko‘rib chiqilmasligini klub sport direktori Tyago Pintu ma’lum qilgan. 

«Bolonya» – asosiy da’vogar

O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisining «Roma»ni tark etishi oydinlashgach, insayder Nikola Skira Shomurodovning yangi mavsumni «Bolonya»da boshlashi mumkinligi haqida yozdi. 

Ma’lum qilinishicha, bolonyaliklar Shomurodovni «Roma»dan 9 million yevroga sotib olish sharti bilan ijaraga olishga tayyor. Faqat bunda «Bolonya» rahbariyati majburiy sotib olish bandi Shomurodovning mavsumdagi natijalari – gollar va assistlari soniga bog‘liq bo‘lishini kelishuvda aks etishini istamoqda.  

Bu jamoada Eldorni nimalar kutadi?

«Bolonya» Eldorning Italiyadagi ilk klubi «Jyenoa» darajasidan nisbatan yuqoriroq jamoa. A Seriya 2021/22 yilgi mavsumini 46 ochko bilan 13-o‘rinda yakunlagan. Jamoaning asosiy goleadori avstriyalik Marko Arnautovich hisoblanadi – 33 o‘yinda 14ta golga mualliflik qilgan. Bolonyaliklar 33 yoshli goleadorni «Yuventus» va «Milan»ga qo‘yib yuborishga rozi bo‘lmaganliklarini inobatga olsak, Marko yangi mavsumda jamoaning 1-raqamli forvardi bo‘lib qolishi aniq. Arnautovichdan tashqari, klubda Orsolini, Barrou, Sansone singari hujum chizig‘i vakillari ham bor. Shunday ekan, asosan bir hujumchi bilan o‘ynashni afzal biladigan Sinisha Mixaylovich Shomurodovni ko‘proq qanot vingeri sifatida ko‘rayotgan bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, Eldor darajasidagi o‘yinchilari bor bo‘lgan bu klubning o‘zbek futbolchisi uchun asosiy da’vogar bo‘lib turganini tushunish qiyin. Yoki Arnautovichning unga qiziqish bildirgan «Yuventus» yoki «Milan»ga o‘tib ketish imkoniyati kun tartibidan olinmagan.  

«Torino» – Belotti o‘rniga o‘rinbosar

Eldor Shomurodov uchun Italiyadagi ikkinchi da’vogar sifatida «Torino» tilga olinmoqda. Insayder Di Marsio tomonidan yangragan variantga ko‘ra, Turin klubi jamoani erkin agent sifatida tark etgan Andrea Belotti o‘rniga «Roma»dan Eldor Shomurodovni taklif etmoqchi. Belotti esa Eldorning o‘rniga Joze Mourino jamoasidan joy olishi kutilmoqda. Yana bir jihati o‘zbekistonlik hujumchi rimliklar safini tark etmaguncha, «Roma» moliyaviy sabablar tufayli Belottini o‘z safiga qo‘sha olmaydi. 

Bu jamoada Eldorni nimalar kutadi?

«Torino» o‘tgan mavsum A Seriyadagi o‘rnini zo‘rg‘a saqlab qoldi. Turin klubi 37 ochko bilan 17-o‘rinni egallab, ligada jon saqlashdi. «Torino»ning asosiy hujumchisi Andrea Belotti bilan erkin agent sifatida xayrlashgani va uning o‘rniga hali hujumchi taklif etmagani Shomurodov uchun yaxshi imkoniyat deyish mumkin. Italiyalik hujumchi o‘tgan mavsum turinliklar safida A Seriyada 22 o‘yinda 8ta gol va bitta assistga mualliflik qilgandi. 

Xorvatiyalik murabbiy Ivan Yurich qo‘l ostida hozirda paragvaylik hujumchi Antonio Sanabriya va xorvatiyalik forvard Marko Pyatsa bor. Eldor turinliklar safida ular bilan raqobatga kirisha olishiga ishonish mumkin. Har holda hamyurtimiz «Jyenoa»dagi faoliyati davomida Pyatsa bilan birga to‘p surib, raqobatda uni yenggani yodimizda. «Torino» «Atalanta»dan rossiyalik Aleksey Miranchuk bilan yarimhimoya chizig‘ini kuchaytirishga yaqin. Shunga qaramay, transferlardan qoniqmayotgan bosh murabbiy Ivan Yurichning yaqinda klub sport direktori Davide Vagnati bilan yoqalashib qolgani shov-shuvga aylangandi. Turinliklar Shomurodovni taklif etib, klubning transfer siyosatidan keskin norozi bo‘layotgan xorvatiyalik murabbiyni hovuridan tushirishi mumkin.  

«Vulverhempton» - Ximenes o‘rniga Eldor

Eldor Shomurodovga Angliya Premer-ligasidan ham da’vogar klub bor. Insayder va jurnalist Janluka Di Marsioning saytida xabar berishicha, O‘zbekiston milliy jamoasining 27 yoshli hujumchisi «Vulverhempton» safiga o‘tishi mumkin. Ingliz klubi Shomurodov uchun transfer kurashiga qo‘shilgan.

Angliyaning Sport Witness nashri xabariga ko‘ra, «Vulverhempton» klubi rahbariyati 27 yoshli hujumchi transferi masalasida «Roma» bilan muzokaralarda oldinga siljigan. Qayd etilishicha, «Roma» sport direktori Tiagu Pintu Angliya Premer-ligasi klubiga Shomurodov masalasida ijara varianti ko‘rib chiqilmasligi, Rim klubi Eldor bilan xayrlashmoqchi ekanini ma’lum qilgan. Inglizlar esa moliyaviy jihatdan A Seriya klublaridan manfaatli taklif bildirishi aniq. 

Bu jamoada Eldorni nimalar kutadi?

«Vulverhempton» APL o‘tgan mavsumini 10-o‘rinda yakunlagan bo‘lsa-da, hujum chizig‘ining samaradorligi bo‘yicha ligadagi eng yomon 4 jamoadan biri bo‘lgan – jami 38ta gol kiritgan. Portugaliyalik bosh murabbiy Brunu Lajyening hujum chizig‘idagi muammolari mavsum starti avvalida yanada jiddiylashgach, «bo‘rilar» hujumchi qidira boshlagan. 

Xususan, ingliz klubi yangi mavsum oldidan jarohatlar masalasida jiddiy muammolarga duch kela boshlagach, Shomurodov nomzodini ko‘rib chiqmoqda. Jumladan, 30 iyul kuni «Vulverhempton»ning «Beshiktosh»ga qarshi o‘rtoqlik bahsida (3:0) jamoaning asosiy forvardi Raul Ximenes jiddiy jarohat olib, birinchi bo‘limning o‘zida maydonni tark etishga majbur bo‘lgan. Angliyalik jurnalist Jon Persining klub shifokorlariga tayanib xabar berishicha, meksikalik forvard taxminan 8 haftaga safdan chiqqan. Natijada, klub bosh murabbiyi oldida jamoaga qaytgan vinger Adama Traoredan kamida ikki oy hujumchi sifatida foydalanish yoki yangi forvard taklif etish variantini ko‘rib chiqish qolgan. 

Ustiga-ustak «Vulverhempton» ikki hafta oldin Fabiu Silvani «Anderlext» klubiga ijaraga berib yubordi. Ikki yil avval «Portu»dan 40 mln yevroga sotib olingan portugaliyalik 20 yoshli hujumchi klub tarixidagi eng qimmat futbolchi sanaladi. Tarkibda hujumkor yarimhimoyachi Neto va zaxirada qolib ketgan Kutrone bo‘lsa-da, Ximenesning ikki oyga safdan chiqqani Shomurodov uchun o‘zini APLda ko‘rsatishga yaxshi imkoniyat bo‘lardi. 

Yuqoridagilarni inobatga olib aytish mumkinki, chindanam Eldorga ushbu uch jamoa qiziqish bildirayotgan va tanlash imkoniyati Shomurodovda qolgan bo‘lsa, APLga o‘tish varianti har qaysidan ham jozibaliroq ko‘rinmoqda. 

Usmon Ibodov

Top