Bozorlardagi tarozilarning 24 foizi foydalanishga yaroqsiz ekani aniqlandi
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi hududiy tuzilmalari tomonidan respublikadagi 190 dan ortiq bozorlar o‘rganildi. Bu iste’molchilarga chakana savdoni amalga oshiruvchi 51 mingga yaqin savdo majmualari va bozorlar savdo joylarini qamrab oldi.
O‘rganishlarda qo‘llanilayotgan olti mingga yaqin (5981) tarozidan 1474 tasi (24 foiz holatda) foydalanishga yaroqliligi tasdiqlanmadi. Ularda o‘z vaqtida ko‘rikdan o‘tkazilganini tasdiqlovchi belgi mavjud emas. Bunday tarozilar me’yorda xizmat ko‘rsata olmasligi mumkin, o‘lchovlar aniqligi ham kafolatlanmagan.
Bildirilishicha, agentlikka iste’molchilar tomonidan xarid qilish chog‘ida tarozilar noto‘g‘ri o‘lchayotgani yuzasidan shikoyatlar kelib tushyapti. Iste’molchi tomonidan sotib olingan mahsulotlar qayta tortib ko‘rilganida vazni kam chiqqani ma’lum bo‘lgan.
Agentlikning hududiy tuzilmalari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda sotuvchilar tomonidan savdo davomida tarozilarni o‘rnatish talablari buzilgani ham aniqlandi. Xaridorlar tarozilar o‘rnatilgan joy atrofi turli tovarlar yoki inventarlar bilan to‘sib qo‘yilgani bois o‘lchab tortish jarayonini kuzatish iloji bo‘lmagan.
“Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun 4-moddasiga ko‘ra, iste’molchi ish, xizmatlar, ijrochi, sotuvchi to‘g‘risida ishonchli va to‘liq ma’lumot olish huquqiga ega.
Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan, savdo operatsiyalari o‘lchash-tortish vositalaridan (tarozilar, tarozi toshlari, o‘lchovli sig‘imlar, metrlar va boshqalardan) foydalangan holda amalga oshiriladigan bozorlarda metrologik qoidalar va normalar talablariga muvofiq bo‘lgan o‘lchov anjomlari mavjud bo‘lishi shart.
Tarozilar va boshqa o‘lchov anjomlari sotuvchi ish joyida tortib ko‘rish, qiymatini aniqlash va tovarni berish bo‘yicha barcha jarayonlar ko‘rinib turishi ta’minlangan holda o‘rnatilishi kerak.
Mavzuga oid
12:10
O‘zbekiston uy-joy bozorida faollik darajasi pasaydi
17:13 / 01.11.2024
Prezident bozorlarda narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishni buyurdi
08:00 / 07.10.2024
Toshkentdagi Ibn Sino bozori binosi sotuvga qo‘yildi
17:25 / 24.08.2024