Jahon | 12:14 / 06.08.2022
19707
11 daqiqa o‘qiladi

«Futbol urushi»: Ikkita davlat o‘rtasidagi qurolli mojaroga millionlar o‘yini sabab bo‘lganmidi?

1969 yil 12 iyulda Markaziy Amerikada joylashgan Salvador va Honduras davlatlari o‘rtasida urush boshlanadi. Mazkur urush bor-yo‘g‘i 6 kun davom etgan bo‘lsa ham ancha odamlarning halok bo‘lishiga va ko‘plab aholi maskanlarning vayron bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Har ikki davlat o‘rtasidagi kelishmovchilik avvaldan bo‘lsa ham, bu urushga futbol muxlislarning kaltaklanishi sabab bo‘lgandi.

Sport har doim tinchlik elchisi hisoblangan. Ammo tarixda sport musobaqalari urush va janjallarga ham sabab bo‘lgan. Ular orasida hatto ikkita davlat o‘zaro urushgan hodisa ham bor.

1969 yilda futbol muxlislari o‘rtasida kelib chiqqan mojaro tufayli Salvador va Honduras o‘rtasida urush sodir bo‘ladi. Qurolli to‘qnashuvlarda har ikki tomondan ancha odam halok bo‘ladi. Ko‘plab aholi punktlari vayron qilinadi. Odamlar qochoqqa aylanadi.

1970 yilda Meksikada o‘tkaziladigan navbatdagi futbol bo‘yicha jahon chempionatiga yo‘llanma beruvchi o‘rinlar uchun Shimoliy, Markaziy Amerika va Karib havzasi davlatlari futbol federatsiyasiga a’zo 12 ta davlat to‘rtta guruhga bo‘lingan holda o‘zaro bahslashadi.

Foto: latribuna.hn

Guruhlarda birinchi o‘rinni olgan Salvador, AQSh, Haiti, va Honduras keyingi bosqichga yo‘llanma oladi. Pley-offda AQSh Haitiga, Salvador Hondurasga qarshi bahs olib borishi oydinlashadi. O‘sha paytlarda to‘plar nisbati inobatga olinmas, mabodo ikkita o‘yinda jamoalar bittadan g‘alaba qozonishsa, hal qiluvchi o‘yin o‘tkazilardi.

Qur’aga ko‘ra, birinchi o‘yin 1969 yil 8 iyun kuni Honduras poytaxti Tegusigalpe shahrida o‘tkaziladi va unda Honduras 1:0 hisobida g‘alaba qozonadi. Azaldan har ikki davlat o‘rtasidagi kelishmovchiliklar tufayli salvadorlik muxlislar bu mag‘lubiyatni hazm qila olishmaydi va o‘yin tugagach honduraslik muxlislar bilan janjallashishadi.

ilfattoquotidiano.it

Salvador poytaxtida o‘tkazilishi lozim bo‘lgan javob o‘yinidan avval salvadorlik muxlislar tomonidan Honduras terma jamoasi futbolchilari va ularni qo‘llab-quvvatlash uchun kelgan honduraslik muxlislar kaltaklanadi. Ko‘chalarda Honduras bayroqlari yoqib yuboriladi.

Bunga javoban Hondurasda yurgan salvadorliklar kaltaklanadi. Salvadorning Hondurasdagi konsulligiga hujum qilinadi.

1969 yil 15 iyun kuni o‘tkazilgan o‘yinda Salvador 3:0 hisobida g‘alaba qozonadi. Shu tariqa jamoalar o‘rtasidagi hisob 1:1 bo‘ladi.

Tomonlarning roziligi bilan uchinchi, hal qiluvchi o‘yin 26 iyun kuni Meksika poytaxti Mexiko shahrida o‘tkazilishi belgilanadi. Bu o‘yinda Salvador 3:2 hisobida g‘alaba qozonadi va saralash o‘yinlarining finaliga chiqadi. Keyingi raqib Gaiti edi va bu jamoa ustidan qozonilgan g‘alaba Salvadorni jahon chempionatiga olib chiqardi.

Mojaroning boshlanishi

Ikkinchi o‘yinda Salvador g‘alaba qozongandan so‘ng Honduras tashqi ishlar vazirligi Inson huquqlari bo‘yicha Amerika tashkilotiga murojaat qilib, o‘z fuqarolariga salvadorliklar tomonidan zo‘ravonliklar sodir etilganini tekshirish va aybdorlarga chora ko‘rishni so‘rab murojaat qiladi.

O‘z navbatida, Salvador ham Honduras hududida bo‘lib turgan salvadorliklarga va konsullikka hujum qilingani yuzasidan tekshiruvlar o‘tkazilishi lozimligini aytib chiqadi.

Shuningdek, har ikki davlat bir-birini ayblab bir necha martadan bayonot berishadi. Bu bayonotlar mojaroni battar avj oldiradi.

24 iyun kuni Salvador va Honduras o‘z qurolli kuchlarini shay holga keltirishni boshlaydi.

26 iyun kuni hal qiluvchi o‘yinda Honduras futbolchilari mag‘lubiyatga uchrab jahon chempionatiga chiqish imkoniyatidan mosuvo bo‘lgach Salvador bu davlat bilan diplomatik aloqalarni uzganini e’lon qiladi.

27 iyun kuni Honduras ham Salvadordan o‘z elchilarini chaqirib oladi. Shu tariqa har ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar uzilib, vaziyat qaltis holatga kelib qoladi.

1969 yil 3 iyul kuni Hondurasga tegishli transport samolyoti va ikkita qiruvchi samolyotga Salvador hududidan zenit raketalari bilan zarba beriladi.

Shundan so‘ng Honduras o‘z harbiy texnikalarini Salvador bilan bo‘lgan chegaraga joylashtira boshlaydi.

Foto: insider.com.

Urushning boshlanishi

1969 yil 12 iyul kuni har ikki davlat o‘rtasidagi chegara bo‘ylab qurolli to‘qnashuvlar boshlanadi. 14 iyul kuni Salvador armiyasi hujumga o‘tadi va Honduras hududiga bostirib kiradi. Shu tariqa ikki davlat o‘rtasida urush boshlanadi.

Bir tomonda quruqlikdagi qo‘shinlar o‘rtasida jang ketayotgan paytda, har ikki davlatning harbiy aviatsiyasi o‘zaro jangga kirishadi. Harbiy samolyotlar shahar va qishloqlarni, aerodromlarni bombardimon qila boshlaydi.

Urushning ikkinchi kuni Amerika davlatlari tashkiloti har ikkala davlatga urushni zudlik bilan to‘xtatish haqida murojaat yo‘llaydi. Salvador va Honduras bu murojaatni e’tiborsiz qoldiradi va urush davom etadi.

Bu urushda Salvador harbiylari biroz ustunlikka ega bo‘ladi. Ular 1969 yil 17 iyulgacha Honduras chegarasidan 70 kilometr ichkariga kirib borishadi va viloyat markazlaridan birini qamal qilishadi.

18 iyul kuni Amerika davlatlari tashkiloti tomonlarga 21 iyul kuni soat 22:00 gacha harbiy harakatlarni to‘xtatish talabini qo‘yadi. O‘sha kuni tomonlar 6 soat davom etgan muzokaralarda harbiy harakatlarni to‘xtatish haqidagi dastlabki kelishuvga erishadi. Tomonlar o‘q uzishni to‘xtatishadi.

Ammo Salvador harbiylari Honduras pozitsiyalarini o‘qqa tutgach urush qaytadan boshlanadi. 19 iyul kuni Salvador harbiylari anchadan buyon qamal qilinayotgan Hondurasdagi viloyat markazi Nueva Okotepeke shahrini egallashadi va markaziy maydonga o‘z bayroqlarini ilib qo‘yishadi.

Shundan so‘ng harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar qayta tiklanadi va tomonlar o‘zaro kelishuvga ko‘ra 20 iyul kuni o‘t ochishni to‘xtatishadi.

Bu paytga kelib urushda ustunlik qilgan Salvador armiyasi Hondurasning to‘rtta departamenti va o‘nga yaqin shahrini bosib olgan va 400 kilometr kvadrat hududni egallab olgan edi.

Foto: 24chasa.bg

Shundan so‘ng keyingi o‘n kun davomida Amerika davlatlari tashkiloti vakillari va Salvador hukumati o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Amerika davlatlari tashkiloti Salvadordan zudlik bilan Honduras hududidan qo‘shinlarini olib chiqishni talab qiladi. Salvador esa ularga shart qo‘yib, Honduras tovon puli to‘lab bersa, qo‘shinlarni olib chiqishini ma’lum qiladi.

Oxir-oqibat, Amerika davlatlari tashkiloti Salvador Hondurasdan qo‘shinlarini olib chiqmasa iqtisodiy sanksiyalar qo‘llashi haqida ogohlantiradi. Bu po‘pisadan so‘ng Salvador Hondurasdan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishga rozi bo‘ladi.

Shu bilan birga Amerika davlatlari tashkiloti o‘z maxsus vakillarini Honduras hududida joylashtirishni va ular bu davlatda yashayotgan salvadorliklarning xavfsizligini ta’minlashni o‘z zimmasiga oladi.

1969 yil 2 avgust kuni Salvador Honduras hududidan o‘z qo‘shinlarini olib chiqa boshlaydi.

Tomonlarning talafotlari

Garchi qisqa muddat davom etgan bo‘lsa ham bu urush har ikki davlatning ancha talafot ko‘rishiga sabab bo‘ladi.

Urushda har ikki tomondan 6 ming odam halok bo‘ladi. 12-15 ming odam yaralanadi. Ularning katta qismi tinch aholi vakillari edi.

Bu urush ayniqsa Honduras uchun og‘ir oqibatlarni keltirib chiqaradi. Mamlakat urushga katta mablag‘ sarflaydi. Urush vaqtida 60 mingdan 130 minggacha Honduras aholisi qochoqlarga aylanadi.

Foto: bt.com

Buning ustiga 1969 yil sentabr oyida sodir bo‘lgan Franselin to‘foni mamlakatga katta zarar yetkazadi.

Urush va tabiiy ofat keltirgan talafotlar Honduras aholisining sabr kosasini to‘ldirib yuboradi. Hondurasning turli shaharlarida Salvador bilan qarama-qarshiliklarni to‘xtatish va davlat bilan do‘stona aloqalar o‘rnatishni talab qilib ko‘p ming sonli odam namoyishlarga chiqadi.

Mojarolarning davom ettirilishi

Garchi har ikki davlat vakillari tinchlik to‘g‘risidagi kelishuvni imzolaganiga qaramasdan ular o‘rtasidagi mojarolar yana ancha yillar turli ko‘rinishda davom etadi.

Keyingi mojarolar urushgacha yetib bormaydi va har ikki davlat chegarasida harbiylarning bir-biriga o‘q uzishi ko‘rinishida bo‘ladi.

Shuningdek, har ikki davlat bir-biridan yer da’vo qilib, diplomatik urush olib boradi.

1976 yilda chegarada boshlangan o‘zaro otishma bir hafta davom etadi. Bu orada har ikki davlat ham Markaziy Amerika mudofaa kengashidan chiqib ketadi.

1980 yilda Peru poytaxti Lima shahrida Salvador va Honduras o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolanadi. Ammo o‘zaro mojarolar yana davom etaveradi.

1992 yil BMT vakillari ishtirokida har ikki davlat o‘rtasidagi chegara liniyasining barcha uchastkalari aniqlanadi. Shundan so‘ng har ikki tomon yer uchun da’volar va uning ortidan kelib chiqayotgan mojarolarni to‘xtatadi.

Jahon chempionati yo‘llanmasi taqdiri nima bo‘ldi?

Salvador terma jamoasi uchta o‘yin natijasiga ko‘ra Hondurasni 2:1 hisobi bilan ortda qoldirgach jahon chempionatiga yo‘llanma beruvchi o‘rin uchun Haiti terma jamoasi bilan bellashadi.

1969 yil 21 sentabr kuni o‘tkazilgan ilk o‘yinda Salvador futbolchilari, 28 sentabr kuni o‘tkazilgan o‘yinda haitiliklar g‘alaba qozonishadi va o‘zaro hisob 1:1 bo‘ladi.

Hal qiluvchi o‘yin 8 oktyabr kuni Yamayka poytaxti Kingston shahridagi o‘yingohda bo‘lib o‘tadi. Unda Salvador terma jamoasi 1:0 hisobida g‘alaba qozonadi va 1970 yil Meksikada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.

KONKAKAFning ikkinchi yo‘llanmasi musobaqa mezboni sifatida Meksikaga berilgandi.

1970 yil 31 maydan 21 iyulgacha bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida Salvador 1-guruhda SSSR, Meksika va Belgiya bilan bir guruhda joylashadi. Garchi jahon chempionatiga yo‘llanma urush, vayronagarchiliklar va qurbonlar evaziga qo‘lga kiritilgan bo‘lsa-da, Salvador terma jamoasi guruh bosqichidagi uchta o‘yinda ham yirik hisoblarda mag‘lubiyatga uchraydi.

Foto: elsalvador.com

Jamoa raqiblar darvozasiga birorta ham to‘p kirita olmagan salvadorlik futbolchilar o‘z darvozasidan to‘qqizta gol o‘tkazib yuboradi va guruhda so‘nggi o‘rinni egallab, uyga qaytib keladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid