Latviya rossiyaliklarga viza berishni noma’lum muddatga to‘xtatdi
Latviyaning Rossiyadagi elchixonasi RF fuqarolari uchun viza arizalarini qabul qilishni to‘xtatdi. Yagona istisno - yaqin qarindoshining dafn marosimida qatnashish zarurati.
Latviya Rossiya fuqarolariga viza berishni to‘xtatdi. Bu haqda 4 avgust, payshanba kuni Latviyaning RFdagi elchixonasi va Latviya viza markazida ma’lum qilindi. «Latviyaning Rossiyadagi elchixonasi Rossiya Federatsiyasi fuqarolari uchun viza arizalarini qabul qilishni noma’lum muddatga to‘xtatdi», — deyiladi diplomatik missiyaning Twitter’dagi xabarida.
Elchixona saytida bu qaror «xalqaro vaziyat bilan bog‘liq holda» qabul qilingani aytilgan. Yagona istisno - yaqin qarindoshining dafn marosimida qatnashish zarurati, deya bildirdi diplomatik missiya Twitter’da.
Delfi portali eslatishicha, Rossiya Ukrainada urush boshlaganidan keyin Latviya rossiyaliklarga turistik vizalar berishni to‘xtatdi, ammo insonparvarlik nuqtayi nazaridan qisqa muddatli vizalar va ishlash huquqini beruvchi uzoq muddatli milliy vizalar olish imkoniyatini qoldirdi.
Portal ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyi boshiga qadar Rossiya mustaqil OAVning 247 nafar xodimi va ularning 206 nafar oila a’zolariga vizalar berilgan.
25 fevraldan 26 iyulgacha Latviya vakolatxonalarida qarindoshi kasalligi yoki dafn marosimi munosabati bilan, shuningdek, Latviya va YeI fuqarolari oila a’zolariga 654 ta viza berildi. Shu tariqa, ko‘rsatilgan davr mobaynida Latviya vakolatxonalarida Rossiya fuqarolariga 1107 ta viza taqdim etildi.
Ayni paytda, LRT radio va televideniye milliy xizmati xabar berishicha, Latviya Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) milliy xavfsizlikka Rossiya mustaqil OAV va Latviyada boshpana topgan ayrim jurnalistlardan kelib chiqadigan xavf haqida ogohlantirgan.
DXX ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya va Belarusdan har qanday shaxsning kirishi, uning kasbidan qat’i nazar, xavf bilan bog‘liq. Xizmat ta’kidlashicha, Rossiya mustaqil OAVning RF prezidenti Vladimir Putin rejimiga qarshi faoliyati Rossiya hukumatini Latviyaga e’tiborni kuchaytirishga majbur qiladi, bu esa RFning Rigaga qarshi razvedka-axborot faoliyatini oshirishi mumkin.
DXX Davlat chegarasini qo‘riqlash xizmati, Davlat politsiyasi, Fuqarolik va migratsiya ishlari boshqarmasi, boshqa xizmatlar bilan hamkorlikda Rossiya va Belarusdan Latviyaga kirib kelayotgan shaxslar ustidan nazoratni kuchaytirgan hamda boshqa chora-tadbirlarni amalga oshiryapti, bunda milliy xavfsizlikka xatarlarni kamaytirish maqsad qilingan, deya xabar berdi idora.
Parlament xalqaro ishlar bo‘yicha komissiyasining 2 avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida TIV parlament kotibi Zanda Kalninya-Lukashevitsa rossiyalik mustaqil OAV xodimlariga 247 ta viza berilganini tasdiqladi. Vizalarni, xususan, xalqaro ommaviy axborot vositalari - BBC, Deutsche Welle, «Ozod Yevropa radiosi/Ozodlik radiosi» va «Nastoyashcheye vremya», shuningdek, «Meduza», «Novaya gazeta. Yevropa» va «Dojd» kabi boshqa qator nashrlar vakillari oldi. Umuman olganda, gap 23 ta mustaqil OAV haqida ketmoqda.
Avvalroq, 28 iyul kuni Estoniya hukumati Rossiya fuqarolariga ushbu mamlakatda o‘qish yoki vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma hamda vizalar berishni taqiqlovchi qarorni tasdiqladi. Bundan tashqari, Rossiya va Belarus fuqarolari qisqa muddatli ishlash uchun ruxsatnomani faqat Estoniya tomonidan berilgan viza amalda bo‘lgan taqdirdagina olishi mumkin.
Agar boshqa YeIga a’zo boshqa davlat tomonidan yashash uchun ruxsatnoma berilgan bo‘lsa ham, RF va Belarus fuqarolari qonuniy ravishda qisqa muddatli ish topishi mumkin bo‘lmaydi, shuning uchun uzoq muddatli viza olish uchun ariza berish ehtimoli yo‘qqa chiqdi.
28 iyul kuni Finlandiyaning eng yirik nashri Helsingin Sanomat Yevrokomissiya (YeK) tushuntirishlarini chop etdi, unda YeI qoidalari Rossiya fuqarolariga vizalar berishni to‘liq to‘xtatmasligiga urg‘u berilgan. YeK qisqa muddatli Shengen vizalari uchun arizalarni ko‘rib chiqish har bir hujjat bo‘yicha «yakka tartibda» qaror qabul qilishi kerak bo‘lgan hamjamiyatga a’zo davlatlar vakolati ekanini ta’kidladi.
Mavzuga oid
18:48 / 05.11.2024
Green Card uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish 2 kunga uzaytirildi
00:33 / 09.10.2024
Latviya mudofaa xarajatlarini qoplash maqsadida banklar uchun soliq joriy etadi
22:05 / 05.10.2024
Shvetsiya o‘z harbiylarini Latviyaga yuboradi
22:25 / 04.10.2024