Latviya Seymi Rossiyani terrorizm homiysi bo‘lgan davlat deb e’lon qildi
Latviyalik deputatlar Moskvani Ukraina xalqini qo‘rqitish va ruhiy tushkunlikka tushirishga urinayotganlikda ayblab, YeI davlatlarini ruslar va belaruslarga viza berishni darhol to‘xtatishga chaqirdi.
Latviya Seymi deputatlari 11 avgust, payshanba kuni Rossiyani terrorizm homiysi bo‘lgan davlat deb e’lon qilish to‘g‘risidagi bayonotni qabul qildi. Bayonotdan parchalar mamlakat parlamenti saytida chop etilgan.
«Seym Rossiyaning tinch aholiga nisbatan siyosiy maqsadlarda amalga oshirilayotgan zo‘ravonligini terrorizm, Rossiyani esa terrorizm homiysi bo‘lgan davlat sifatida tan oladi va boshqa hamfikr davlatlarni ham shunday bayonot berishga chaqiradi», — deyiladi axborotda. Latviyalik deputatlar, shuningdek, Yevroittifoq davlatlarini Rossiya va Belarus fuqarolariga sayyohlik va kirish vizalarini berishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi.
«Rossiya o‘zining noqonuniy, tajovuzkor urushi maqsadlariga erishish uchun Ukraina xalqi va qurolli kuchlarini qo‘rqitish hamda ruhiy tushkunlikka tushirishga, Ukrainani bosib olish uchun davlat faoliyatini falaj qilishga intilyapti, ya’ni Rossiya ushbu zo‘ravonlikni siyosiy maqsadlarga erishish uchun sodir etyapti», - dedi Seym tashqi ishlar komissiyasi raisi Rixard Kols.
AFP agentligiga ko‘ra, Rossiyaning Ukraina aholisiga qarshi harakatlari hujjatda «maqsadli genotsid» deb nomlanadi.
May oyida Litva Seymi Rossiya harbiylarining Ukrainaga bostirib kirishini genotsid, Rossiyaning o‘zini esa terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlat sifatida tan oldi. Iyul oyi oxirida The New York Times gazetasi AQSh Vakillar palatasi a’zolaridan iborat ikki partiyali guruh Rossiyani terrorizmga homiylik qiluvchi davlat sifatida tan olish to‘g‘risidagi hujjatni taqdim etgani haqida xabar berdi. Agar AQSh Kongressi tomonidan qabul qilinib, qonun kuchga kirsa, bu chora AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning qarshiligini chetlab o‘tish va RF allaqachon Shimoliy Koreya, Suriya, Kuba va Eronni o‘z ichiga olgan ro‘yxatga kiritish imkonini beradi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Vashington Rossiyani terrorizmga homiylik qiluvchi davlat deb e’lon qilgan taqdirda, AQSh bilan diplomatik munosabatlar uzilishi haqida ma’lum qildi.
Mavzuga oid
00:33 / 09.10.2024
Latviya mudofaa xarajatlarini qoplash maqsadida banklar uchun soliq joriy etadi
21:00 / 07.10.2024
Ramzon Qodirov migratsiya siyosatida «o‘rta asr yondashuvlaridan» voz kechishga chaqirdi
20:07 / 07.10.2024
Rossiyada sakkiz nafar general lavozimdan olindi - OAV
22:05 / 05.10.2024