Jahon | 09:34 / 11.08.2022
10825
2 daqiqa o‘qiladi

Navalniy jamoasi RF mudofaa vaziri o‘rinbosarining AQSh bilan aloqalari haqida ma’lum qildi

RF mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksey Krivoruchkoning qizlari AQSh fuqaroligiga yoki uni olish huquqiga ega, bu haqda Aleksey Navalniy tarafdorlarining yangi surishtiruvda aytilgan. Amaldorning o‘zi Rublyovkada uyga ega.

Aleksey Krivoruchko

10 avgust, chorshanba kuni muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniyning tarafdorlari Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksey Krivoruchko va uning AQSh bilan aloqalari bo‘yicha surishtiruvni e’lon qildi. 10 avgust, chorshanba kuni Navalniyning YouTube-kanalida e’lon qilingan 11 daqiqalik videoda amaldor xizmatga kirishdan oldin Mayamida qanday yashab, qizlarini Amerika pasporti bilan ta’minlagani haqida hikoya qilinadi. 

Surishtiruvchilar ma’lumotlariga ko‘ra, Mudofaa vazirligiga ishga tayinlanishidan oldingi olti yil ichida Krivoruchko AQShda 26 marta, ko‘pincha - Mayamida bo‘lgan. 2011 yilda u yerda 5256 Fisher Island Drive kompaniyasini ochgan, unga kvartirani ro‘yxatdan o‘tkazgan va unda ta’mirlash ishlarini olib borgan. 255 kvadrat metrlik kvartira bir necha million dollarga baholanmoqda. Keyinchalik Krivoruchko uni o‘z kompaniyasining xodimi Mixail Tiraturyanning nomiga qayta rasmiylashtirgan. Bloomberg agentligining 2018 yilda xabar qilishicha, Tiraturyan AQShda Krivoruchko boshchiligidagi Rossiyaning «Kalashnikov» konserni mahsulotlarini sotishni tashkil qilishi kerak edi. 

Mayamiga safarlarida RF mudofaa vaziri o‘rinbosariga tez-tez rafiqasi - «Miss Moskva-2001» unvoni sohibi Yekaterina Toropova hamroh bo‘lgan, u 2007 yilda erining familiyasiga pasport olgan. Navalniy jamoasi aniqlashicha, 2012 yil 4 avgust kuni AQShda er-xotinning Sofiya ismli qizi tug‘ilgan, bu unga Amerika fuqaroligini olish imkonini bergan. Krivoruchkoning 2016 yil 23 sentabrda tug‘ilgan ikkinchi qizi Anna ham AQSh fuqaroligini olish huquqiga ega. O‘sha paytda Yekaterina Krivoruchko aynan AQShda bo‘lgan.

Rossiyada ham Krivoruchkoning bir qancha hashamatli mulki bor, deydi Navalniyning tarafdorlari. 2019 yilda u Rublyovkada 1492 kvadrat metrlik uy va 35 gektar yerni 500 million rubldan ortiqqa sotib olgan. Yana 116 sotix deklaratsiya qilinmagan yer uning kompaniyasi tomonidan uzoq muddatli foydalanishda. 

Mavzuga oid