OTB ichimlik suv ta’minoti uchun 161 mln dollar ajratdi
Prezidentning “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida Toshkent viloyati shahar va tumanlarida ichimlik va oqova suv tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish (3-bosqich) loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjat Toshkent viloyati Angren, Bekobod, Olmaliq, Ohangaron, Chirchiq va Yangiyo‘l shaharlarida hamda Chinoz tumani markazida aholi va tadbirkorlik sub’yektlari ichimlik va oqova suv xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish, ushbu hududlar sanitariya-epidemiologik hamda ekologik holatini yanada yaxshilash, Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida qabul qilindi.
O‘zbekiston va OTB o‘rtasida Toshkent viloyati shahar va tumanlarida ichimlik va oqova suv tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish (3-bosqich) loyihasini amalga oshirish uchun 5 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan 25 yilda qaytarish sharti bilan 161 mln dollar miqdoridagi qarz bitimi imzolangan.
Loyihaning umumiy qiymati 185,8 mln dollarni, shu jumladan, OTB qarzi –161 mln dollar, loyihani amalga oshirishda O‘zbekistonning qo‘shilgan qiymat solig‘ini qoplash va bojxona imtiyozlari shaklida ulushi – 24,8 mln dollar, loyihani amalga oshirish davri 5 yilni (2022 – 2027 yillar) tashkil etadi.
“O‘zsuvta’minot” loyiha o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun zarur tashkiliy-texnik tadbirlar o‘z vaqtida o‘tkazilishini, OTB qarzidan maqsadli va samarali foydalanilishini ta’minlaydigan mas’ul ijro etuvchi organ etib belgilandi.
Toshkent viloyati hokimligi “O‘zsuvta’minot” bilan birgalikda loyiha sifatli amalga oshirilishi, belgilangan ko‘rsatkichlarga erishilishi va OTB qarzi qaytarilishi uchun javobgar hisoblanadi.
Quyidagilar tasdiqlandi:
- Toshkent viloyati shahar va tumanlarida ichimlik va oqova suv tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish (3-bosqich) loyihasini texnik-iqtisodiy asoslash asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari;
- loyiha doirasida Osiyo taraqqiyot banki qarzini qaytarish, foizlar va vositachilik haqini to‘lash prognoz jadvali;
- loyiha doirasida Osiyo taraqqiyot banki qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini qoplash bo‘yicha ulushlar taqsimoti prognozi;
- “Toshkent suv ta’minoti”ni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”.
Mavzuga oid
08:48 / 08.11.2024
Suv tannarxi oshib ketayotgan hududlar ma’lum qilindi
21:48 / 28.10.2024
Qirg‘iziston qo‘shni davlatlarga qancha suv berayotganini e’lon qildi
12:00 / 26.10.2024
Qishloq xo‘jaligida suv olish limiti xalq deputatlari kengashi tomonidan tasdiqlanadi
13:30 / 25.10.2024