Jahon | 08:43 / 12.08.2022
6118
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya kansleri rossiyaliklarga viza berishni butunlay taqiqlashga qarshi chiqdi

Germaniya kansleri bunday chaqiriqlarni yoqtirmasligini aytdi, chunki Ukrainadagi urush - bu «Putin urushi». Barcha rossiyaliklarni jazolash adolatdan emas, YeI allaqachon RF rahbariyatiga qarshi keng ko‘lamli sanksiyalarni joriy qilgan, deya ta’kidladi u.

Foto: AFP

Germaniya kansleri Olaf Shols Rossiyaning Ukrainaga qurolli bostirib kirishi sababli RF fuqarolariga viza berishni butunlay taqiqlash haqidagi chaqiriqlarga shubha bilan qaradi. «Bu Putinning urushi, shuning uchun menga bunday chaqiriqlar yoqmaydi», dedi u 11 avgust, payshanba kuni Berlinda bo‘lib o‘tgan yozgi yirik matbuot anjumanida.

Sholsning so‘zlariga ko‘ra, Yevroittifoq allaqachon Rossiya rahbariyati a’zolariga nisbatan keng qamrovli sanksiyalar joriy qilgan va «bu davom etadi». Shu bilan birga, federal kansler barcha rossiyaliklarga nisbatan jazo choralari joriy etishni adolatsizlik deb bilishini ta’kidladi. Estoniya hukumati Estoniya tomonidan berilgan Shengen vizasiga ega RF fuqarolarining mamlakatga kirishini taqiqlashga qaror qildi. 4 avgust kuni Latviya Rossiya fuqarolariga vizalar berishni noma’lum muddatga to‘xtatdi. Rossiya fuqarolarining YeI hududiga kirishini taqiqlash tashabbusi Yevroittifoq TIV rahbarlarining Pragadagi yig‘ilishida muhokama qilinadi. 

Bir kun avval Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba YeI va «katta yettilik» davlatlarini ruslarga viza berishni to‘xtatishga chaqirdi. «Men YeI va G7 barcha davlatlarini ruslarga viza berishni to‘xtatishga chaqiraman. Prezident Volodimir Zelenskiy buni to‘g‘ri ta’kidlamoqda. Rossiyaliklarning ko‘pchiligi Ukrainadagi urushni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ularni hurmat qilishni o‘rganmaguncha, xalqaro chegaralarni kesib o‘tish huquqidan mahrum qilish kerak», — deb yozdi Kuleba o‘zining Twitter mikroblogida. 

Mavzuga oid