Samimiy muloqotdan so‘ng davlat rahbarlarining rafiqalari Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Xalqaro inklyuziv hab faoliyati bilan tanishdi.

Tashrif davomida mehmonlarga habning inklyuziv kasbiy ta’limni rivojlantirish, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, yoshlarni, jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb va ko‘nikmalarga o‘qitishga qaratilgan faoliyati haqida ma’lumot berildi.

Birinchi xonimlar o‘quv ustaxonalari va amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishib, ta’lim olayotgan o‘quvchilar bilan muloqot qildi. Uchrashuv chog‘ida yoshlarning kasbiy salohiyatini oshirish va ularni jamiyat hayotiga faol jalb etishga qaratilgan tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi.

Elke Byudenbender O‘zbekistonda inklyuziv jamiyatni shakllantirish, kasbiy ta’limni rivojlantirish va yoshlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.