O‘zbekiston | 12:09 / 12.08.2022
8477
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘tgan yili 16 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan” - prezident Bekobodda metallurgiya bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 avgust kuni metallurglar shahri bo‘lgan Bekobodga tashrif buyurdi. Dastlab ishlab chiqarish jarayoni va yangi sex qurilishi jarayoni bilan tanishgan davlat rahbari zavod hududi soha vakillari hamda faollar bilan uchrashdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Bugun biz siz bilan metallurgiya sohasidagi yutuqlarimiz bardavom bo‘lishi uchun nimalar qilishimiz kerakligini muhokama qilib olishimiz lozim. Yutuqlar deganda bir raqamga e’tibor berishingizni so‘rayman – 2017 yilda 4 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 16 trln so‘mga yetdi. Lekin biz bu bilan ham to‘xtab qolmasligimiz kerak. Yangi sex tez va sifatli bitkazilishi kerak, chunki har bir kun biz uchun muhim. Iqtisodimizning talabi 4 mln tonna metall bo‘lsa, uning yarmini biz import qilib kelyapmiz. Iqtisodimiz o‘sishiga ko‘ra kelajakda, 2026 yilga borib bizga 6 mln tonna metall zarur bo‘ladi.

Mashinasozlik, qurilish sohalarini biz mahsulot bilan uzluksiz ta’minlab berishimiz kerak. Bundan tashqari jahon bozorida metallga bo‘lgan talab ham, uning narxi ham oshib boryapti. Shunday ekan soha muammolarini batafsil muhokama qilish va yechimlarini topish juda muhim”, – deya prezident so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma’lumot uchun, zavod hududida amalga oshirilayotgan loyiha qiymati 4,8 mln dollarni tashkil qiladi. Yillik quvvati: 500 ming tonna armaturaga teng. 

Loyihadan ko‘zlangan maqsad - yiliga 500 ming tonna import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan diametri 10-36 mm.li armaturalarni ishlab chiqarish.

Termo-mustahkamlangan armatura ishlab chiqarish jarayonida kimyoviy moddalarni tejash hisobiga armatura tannarxini 1 tonnasi uchun 142,6 ming so‘mga (5 mln 430 ming so‘mdan 5 mln 287 ming so‘mgacha) kamaytirish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid