O‘zbekiston Konstitutsiyasida Xabeas korpus va Miranda qoidalarini  ham aks ettirilishi hamda aybsizlik prezumpsiyasi kafolatlarni yanada kengaytirish taklif etilmoqda. Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi kafedra mudiri, yuridik fanlari doktori, professor Surayyo Rahmonova Kun.uz’ga bergan intervyusida kutilayotgan o‘zgarish oddiy o‘zbekistonliklar uchun nima berishi, qoidalar qog‘ozda qolib ketmay amal qilishi qanday kafolatlar berilayotgani haqida batafsil ma’lumot berdi.

– Konstitutsiyada aybsizlik prezumpsiyasi kafolatlariga oid qator normalarni mustahkamlash taklif etilmoqda. Mazkur qoidalar kundalik hayotimizda qanday ahamiyatga ega?

– Aybsizlik prezumpsiyasi – bu insoniyat sivilizatsiyasi tarixidagi shaxs huquqlariga oid eng buyuk kafolatdir. Nima uchun? Sababi, aynan ushbu prinsipga muvofiq, shaxs uning aybi sudning hukmi bilan aniqlanguniga qadar aybsiz hisoblanadi! Ya’ni, jamiyat uchun shaxsning sha’ni va qadr-qimmati uning aybi isbotidan ko‘ra muhimroq.

Tergov o‘zining funksiyasidan kelib chiqib, sudga mazkur shaxs jinoyat sodir etganligi haqida o‘zining versiyasinigina taqdim qiladi, biroq ushbu shaxs hatto jinoyat sodir etganida ushlangan bo‘lsa ham, uning aybi sudning hukmi bilan aniqlanguniga qadar u aybsizdir!

– Bu norma hozir ham qonunlarimizda bor, lekin amaliyotda har doim ham amal qilinavermaydi. Ya’ni ishlamaydi. Aybi hali dalillar bilan isbotlanmagan bo‘lsa-da, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari, xususan, tergovchi gumonlanuvchiga 100 foiz jinoyatchidek munosabat bo‘lishadi. Nega shunday?

– Amaliyotda muammolar borligi rost. Aslida qonun himoyachisi bo‘lishi kerak bo‘lgan shaxslarning ayrimlari tomonidan qonunlarga nomuvofiq munosabati tufayli jinoyat va uni tergovi haqida so‘z borganda odamlarimiz ichida shunday stereotip fikrlash keng tarqalgan: “Tergov organlariga kuning tushmasin, tushsa tamom, qutula olmaysan, tergov nima desa shuni qilishga majbur bo‘lasan”.

Endi esa tasavvur qiling, jinoyatda gumonlanayotgan yoki ayblanayotgan shaxs tergovchiga qarab “Aybdor yoki aybsizligimni isbotlashga majbur emasman, bu sizning majburiyatingiz!” deb tursa. Tan olaylik, bunday vaziyatni hatto tasavvur qilishimiz ham qiyin. Aslida esa aybsizlik prezumpsiyasi har bir shaxsga aynan shunday dadil pozitsiyada bo‘lishni kafolatlaydi!

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishga majbur emas. Bu nimani anglatadi?