Jahon | 07:55 / 17.08.2022
3784
5 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy rossiyaliklarning YeIga kirishini taqiqlashni «yaxshi sanksiyalar» deb atadi

Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, RF fuqarolarining YeIga kirishini taqiqlash «mol-mulk yoki hayotdan mahrum qilmaydi». WP nashri Volodimir Zelenskiy bilan suhbatdan parchalar stenogrammasini chop etdi.

Foto: Picture Alliance

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Xerson oblastida psevdoreferendumning oldini olish uchun RFga qarshi sanksiyalar ko‘rinishidagi «qattiq va aniq qadamlar» zarurligiga ishonch bildirdi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, bunday cheklovchi chora «masalan, RF barcha fuqarolariga YeI mamlakatlariga kirishni taqiqlash» bo‘ladi. Zelenskiyning YeI chegaralarini ruslar uchun yopib qo‘yish talabi The Washington Post (WP) jurnalisti tomonidan berilgan «referendum» savoli kontekstida paydo bo‘ldi. 16 avgust, seshanba kungi nashr ushbu intervyudan parchalarning «tarjima qilingan va biroz tahrirlangan stenogrammasi»ni chop etdi. Ushbu suhbatning birinchi, qisqa parchasi gazetada 8 avgust kuni e’lon qilingan. 

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, bunday qadam «yaxshi sanksiyalar», «juda yaxshi va tinch sanksiyalar» misoli bo‘ladi. «Ushbu sanksiyalarda mol-mulk yoki hayotdan mahrum qiladigan hech narsa yo‘q», - deya ma’lum qildi u.

«Men boshidan aytgandim, fikrimcha, eng muhim sanksiyalar chegaralarni yopishdir, chunki ular (RF fuqarolari) boshqalarning hududlarini tortib olyapti», — deya ta’kidladi Zelenskiy. «Mayli, falsafasini o‘zgartirmaguncha, o‘z dunyosida yashashsin. Davlatlar chegaralarni yopishi va energiya tashuvchilarga embargo qo‘yishi kerak. Menimcha, qolgan hamma javob zaifroq. Hozir energiya tashuvchilarni yetkazib berishga embargo to‘liq qo‘yilmagan va chegaralar yopiq emas», — dedi Ukraina rahbari. 

Ukraina prezidenti RF fuqarolarining farzandlari xorijdagi maktab va universitetlarda o‘qishini ta’kidladi. «Rossiyaga ketishsin. Xavotirga o‘rin yo‘q, o‘sha yerga borishsin», - deya ma’lum qildi Zelenskiy. U taqiqning keyinroq bekor qilinishi mumkinligiga ishora qildi. «Shunda ular tushunishadi», deya qo‘shimcha qildi u. 

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada urush boshlangani uchun jamoaviy javobgarlik zarur. «Ular (ruslar) bu odamlarni saylaganlar, endi ular bilan urishishmayapti, ular bilan bahslashishmayapti va ularga baqirishmayapti. Urushga oshkora qarshilik qilayotgan ruslar - bu alohida holatlar, va bu odamlar qamoqda. Shunday ekan, ruslar uylariga ketsin, hamma Rossiyaga ketsin», dedi Ukraina rahbari. 

«Siz bu izolyatsiyani xohlaysiz, shunday emasmi? Butun dunyoga u sizning qoidalaringiz bo‘yicha yashashi kerakligini aytyapsiz. Xo‘sh, unda u yerga keting va o‘sha yerda yashang», - dedi u RF fuqarolariga. 

Ukraina davlati rahbarining ta’kidlashicha, bu RF prezidenti Vladimir Putinga ta’sir qilishning yagona yo‘li. Zelenskiyning versiyasiga ko‘ra, Rossiya yetakchisining hayoti unga RF aholisi tomonidan tahdid bor-yo‘qligiga bog‘liq. Ukraina prezidentining fikricha, bu - juda «tushunarli» va «juda oddiy» sanksiyalar. Ular - «pul, gaz yoki quvurlar, qishda issiqliksiz qoladigan nemislar haqida emas». «Chegaralarni bir yilga yoping, natijani ko‘rasiz», — deya xulosa qildi Zelenskiy. 

Avvalroq Finlandiya sentabrdan boshlab Rossiya fuqarolariga beriladigan vizalar sonini keskin qisqartirishi ma’lum bo‘lgan edi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Pekka Haavisto Yle milliy teleradiokompaniyasi efirida ma’lum qildi. Haavistoning so‘zlariga ko‘ra, yangi choralar Finlandiya qonunchiligiga o‘zgartirishlar kiritishni talab qilmaydi. Sayyohlik vizalarini ko‘rib chiqish muddati yo ma’lum kunlar yoki kuniga soatlar bilan cheklanadi, bu ularning sonini sezilarli darajada kamaytiradi, dedi vazir.

Latviya bosh vaziri Krishyanis Karinsh boshchiligidagi hukmron koalitsiya Rossiya fuqarolariga mamlakatda vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnomalar (VYaR) faqat alohida holatlarda uzaytirilishiga kelishib oldi, deb xabar berdi Delfi.lv. Kelgusi haftalarda hukumatning aniq qarorlari qabul qilinadi, dedi Karinsh. Latviya TIV nikohni istisno holatlar sifatida tasniflash mumkinligiga aniqlik kiritdi.

Bungacha Latviya prezidenti Egils Levits YeI darajasida rossiyaliklarga shengen vizalari berilishini cheklash zarurligiga ishora qilgan edi. Latviya 24 fevral, Rossiyaning Ukrainaga to‘liq bosqinining birinchi kunida ruslarga sayyohlik vizalari berishni to‘xtatdi, biroq rossiyalik sayyohlar hali ham boshqa shengen davlatlaridan vizalar bilan kelishmoqda, dedi u. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid