Gruziya NHT rossiyaliklar uchun zudlik bilan viza rejimini joriy etishga chaqirdi
Rossiyaliklar kirishini nazorat qilish Gruziya milliy xavfsizligi masalasidir. Bu haqda Gruziya NHT ma’lum qildi. Ularga ko‘ra, RF bilan viza rejimini joriy qilish uchun yetarli asoslar mavjud.
Gruziyadagi nodavlat inson huquqlari tashkilotlari mamlakat rasmiylarini Rossiya fuqarolari uchun zudlik bilan viza rejimini joriy etishga chaqirdi. «Biz Rossiya fuqarolari va korxonalarining Gruziyaga kirishini nazorat qilish mamlakat milliy xavfsizligi masalasidir, deb hisoblaymiz», deya ma’lum qildi Gruziyadagi 19 ta NHT. Bu haqda 17 avgust, chorshanba kuni qo‘shma murojaatdan iqtibos keltirgan holda «Novosti-Gruziya» internet portali xabar berdi.
Gruziyalik huquq faollari joriy yil boshidan buyon o‘z mamlakatiga kelayotgan rossiyaliklar soni keskin oshganiga ishora qilishdi. Bundan tashqari, 2022 yil fevral oyi oxiridan beri - Rossiyaning Ukrainaga hujumidan so‘ng Gruziyada 6400 ga yaqin rus kompaniyasi ro‘yxatga olingan, bu 2021 yilga nisbatan yetti baravar ko‘p. Shu bilan birga, murojaat mualliflari RFga qarshi keng ko‘lamli xalqaro sanksiyalar fonida Gruziyadan Rossiyaga eksport hajmi sezilarli darajada oshganidan xavotir bildirgan. Gruziyaga rossiyaliklar va rossiyalik tadbirkorlarning ko‘plab kirib kelishi bu davlatdan «Rossiya Federatsiyasiga qarshi xalqaro sanksiyalar ta’sirini yumshatish» uchun foydalanilayotganidan dalolat beradi, deyiladi murojaatda.
«Rossiya Federatsiyasi tomonidan Gruziyada amalga oshirilgan bosqinchilik, etnik tozalash, insoniyatga qarshi sodir etilgan jinoyatlar, Ukrainada davom etayotgan mojaro va RF tomonidan tez-tez qo‘llaniladigan yondashuv - o‘z fuqarolarini himoya qilish bahonasida xorijiy davlatga aralashuv - viza rejimini o‘rnatish uchun yetarli asos yaratadi», - deya ta’kidlab o‘tdi NHT vakillari.
Ular bosqinchi yoki dushman davlat fuqarolari huquqlarini cheklash odatiy amaliyot ekanini hamda xalqaro inson huquqlari standartlariga zid emasligini qayd etdi. «Yuqorida aytilganlarning barchasidan kelib chiqib, biz Rossiya fuqarolari uchun zudlik bilan viza rejimini o‘rnatishni va mamlakatga kirib kelganlarning huquqiy holatini qayta ko‘rib chiqishni talab qilamiz», — deya qo‘shimcha qilgan murojaat mualliflari.
Shu bilan birga, Gruziya NHT Ukraina xalqini ozodlik uchun kurashda «to‘liq qo‘llab-quvvatlashi»ni bildirdi hamda RFning Ukraina va Gruziyaga qarshi harakatlari urush olib borish sohasidagi xalqaro huquq tomonidan taqiqlanganini bildirdi. Bundan tashqari, Rossiya Gruziyaning hududiy yaxlitligini buzishda davom etmoqda, deya eslatgan huquq faollari.
Murojaatni imzolaganlar orasida Gruziyaning «Ochiq jamiyat» fondi, Fuqarolik jamiyati instituti, Gruziya yosh huquqshunoslar uyushmasi, Tenglik uchun harakati, WISG ayollar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash guruhi, Yevropa jamg‘armasi, Ijtimoiy fanlar markazi va Gruziya sudi qo‘riqchilari (Court Watch) vakillari bor.
Gruziya Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan beri ruslar eng ko‘p yo‘l olgan davlatlardan biri. RF fuqarolari Gruziyada bir yil davomida vizasiz qolish huquqiga ega.
Mavzuga oid
23:10 / 26.10.2024
Gruziyada parlament saylovlari yakunlandi. Hukmron partiya va muxolifat o‘z g‘alabasini e’lon qildi
21:11 / 21.10.2024
«GRU» va «FSB» hakerlari Gruziya hukumati hamda kompaniyalarini kuzatib kelgan - Bloomberg
22:42 / 07.10.2024
Gruziya parlamenti prezidentning impichmentini qayta boshlaydi
21:00 / 07.10.2024