Jahon | 09:20 / 19.08.2022
13592
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Zaporijjya AESdan qo‘shin va qurollarni olib chiqishdan bosh tortdi

BMT ZAES zonasini demilitarizatsiya qilish taklifi qabul qilinishi mumkin emas, chunki bu elektr stansiyasini yanada himoyasiz holga keltiradi, deya ma’lum qildi Rossiya TIV. 

Foto: Picture Alliance

Rossiya BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning RF qo‘shinlari tomonidan bosib olingan Zaporijjya atom elektr stansiyasi atrofidagi hududni demilitarizatsiya qilish taklifini rad etdi. Zaporijjya AES atrofida qurolsizlantirilgan hudud yaratish taklifi «qabul qilib bo‘lmaydi», chunki bu stansiyani yanada zaiflashtiradi, dedi 18 avgust, payshanba kuni TIV axborot va matbuot departamenti direktori o‘rinbosari Ivan Nechayev. 

Shu bilan birga, u Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) mutaxassislarining ZAESga kirishiga RF roziligini e’lon qildi. «Biz yaqin kelajakda AEXA ekspertlarining Zaporijjya AESga safarini kutamiz, bu haqda iyun oyida to‘liq kelishib olingan edi», — deya Nechayev so‘zlaridan iqtibos keltirgan TASS agentligi. 

G‘arbda Rossiya haqiqatda AEXA ekspertlarining Zaporijjya AESga tashrif buyurishiga to‘sqinlik qilmoqda, deb hisoblanyapti. Rossiya TIV qurollarni tarqatmaslik va nazorat qilish departamenti direktori o‘rinbosari Igor Vishnevetskiy 16 avgust kuni jurnalistlarga AEXA missiyasini Kiyev orqali Zaporijjya AESga yetkazish xavfsiz emasligini, chunki u yerdan front oldingi chizig‘i o‘tganini aytdi. «Agar AEXA delegatsiyasi front chizig‘idan o‘tsa, hamma narsa yuz berishi mumkin edi. Masalan, ularga qarata o‘q uzilishi yoki boshqa biror narsa qilinishi ehtimoldan xoli emasdi. Buni Rossiya provokatsiyasi sifatida ko‘rsatish uchun bu odamlar hamma narsaga tayyor», - deya tushuntirdi. Vishnevetskiy. 

17 avgust kuni NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Moskvani zudlik bilan elektr stansiyasi AEXA ekspertlari tomonidan tekshirilishini ta’minlashga va u yerda joylashgan barcha rus qo‘shinlarini olib chiqib ketishga chaqirdi. Ukrainaga tegishli AES Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olinishi uning faoliyati xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi va yadroviy avariya yoki hodisa xavfini oshiradi, bu Ukraina aholisi, qo‘shni davlatlar va jahon hamjamiyatiga xavf tug‘diradi, dedi u. Ayni damda Lvivga tashrif buyurgan Guterrish bir hafta oldin ZAES zonasini demilitarizatsiya qilish taklifini bildirgan edi. 

Rossiya qo‘shinlari mart oyi boshida Zaporijjya AESni egallab olgan, shundan so‘ng ukrainalik xodimlar u yerda ishlashda davom etgandi. Iyul oyining oxiridan boshlab Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi bo‘lgan Zaporijjya AES muntazam ravishda o‘qqa tutib kelinmoqda, shuningdek, OAVda u RF qo‘shinlari tomonidan minalab qo‘yilgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. AEXA ham yadroviy qirg‘in xavfi haqida ogohlantirdi. Bir necha kun avval xalqaro agentlik rahbari Rafael Grossi BMT Xavfsizlik kengashi favqulodda yig‘ilishida AEXA ekspertlarini zudlik bilan elektr stansiyasiga kiritishni talab qilgan edi. Ukrainaning «Energoatom» davlat kompaniyasi rahbari Petr Kotinning DW’ga aytishicha, Ukraina tomoni ZAESning yadroviy va radiatsion xavfsizligini to‘liq nazorat qilmayapti. 

Mavzuga oid