Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Ayrim sudyalar ehtiyot chorasini tanlayotganda biz keltirgan dalillarni inobatga olishmaydi” - advokatlar
Advokatlar Ilyos Yusupov va Zafar Usmonov Kun.uz'ga bergan intervyusida qonunlar boshqa, amaliyot boshqa ekanini aytib, bu muammolarning ayrimlari konstitutsiyaviy islohotlardan so‘ng barham topishiga umid bildirishdi.
— Konstitutsiyaga fuqaroni ushlab turishga, hibsga olishga va hibsda saqlashga yoki ozodlikni boshqacha tarzda cheklashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yilishi, shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ko‘p muddat ushlab turilishi mumkin emasligi haqidagi norma kiritish taklif etilmoqda
Yana ta’kidlanadiki, agar hibsga olish yoki ozodlikni boshqacha tarzda cheklash to‘g‘risidagi qaror belgilangan muddatda sud tomonidan qabul qilinmasa, shaxs darhol ozod qilinishi kerak. Ayni paytda fuqarolarning bu boradagi huquqlari ta’minlanmaganmi? Adashmasam, bu norma amaldagi jinoyat-protsessual qonunchiligimizda o‘z aksini topgan, u ishlaydimi o‘zi?
Zafar Usmonov, advokat:
— Ayrim joylarda guvohi bo‘lamizki, fuqaro ushlangan paytdayoq sudga gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish bilan bog‘liq ehtiyot chorasi qo‘llash haqida iltimosnoma oldindan tayyorlab qo‘yilgan bo‘ladi. Yana shunday holatlar bo‘ladiki, ayrim ishlar yakshanba kunlariyam sudda ko‘riladi, bunday ishlarni ko‘radigan sudyalarni “dejurniy sudyalar” deyishadi.
Ayrim sudyalarning gumonlanuvchi, ayblanuvchiga nisbatan qamoq bilan bog‘liq ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi iltimosnomalarning istisnosiz qanoatlantirishini ko‘rib chiqish kerak. Chunki amaliyotda bunday muammoga ko‘p duch kelyapmiz. Ayrim sudyalar tomonidan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashda qonun hujjatlarida belgilangan me’yorlardan chetga chiqish holatlari bor, lekin bu masala jamoatchilik e’tiboridan chetda qolib ketmoqda.
Prokuror yo tergovchining iltimosnomasiga ko‘ra ehtiyot chorasi tanlanayotganda, himoyamiz ostidagi shaxslar manfaatini ko‘zlab sud jarayonida qatnashamiz va qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashga zarurat yo‘qligini tasdiqlovchi dalillarni sudga taqdim etamiz. Masalan, himoyamiz ostidagi shaxs qochishga urinmagani, sud tergovi vaqtida albatta kelib qatnashishi, tergovdan yoki suddan qochib yurishiga hech qanday asos yo‘qligini isbotlab bergan holatlarimizda ham, yoki bo‘lmasa oilaviy sharoitini inobatga olib garov ehtiyot chorasini qo‘llashni so‘raganimizda ham, ko‘pincha sud tomonidan keltirilgan dalillarimiz yoki qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi iltimoslarimiz qanoatlantirilmasdan prokuror va tergovchilarning iltimosnomasi qanotlantirilmoqda.
Yo‘qsa, JPKda ehtiyot chorasini qo‘llash uchun qanday asoslar mavjud bo‘lishi kerakligi yozib qo‘yilgan. Bu jarayonda tergovchi tomonidan amalga oshiriladigan protsessual harakatlar bor. Shu harakatlar qonunda belgilangani kabi to‘liq bajarilmagan bo‘lsa-da, ayrim sudyalarimiz ularning iltimosnomalarini rad etishmayapti. Bu esa qonunga zid.
Ochiq aytaman, ba’zida ehtiyot chorasini tanlash bo‘yicha sudlarda qanday qaror qabul qilinishi oldindan ma’lum bo‘lib qoladi.
— Shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ko‘p muddat ushlab turilishi mumkin emasligi haqidagi norma qonunchiligimizda bor ekan, u nega Konstitutsiyaga kiritilyapti? Ishlamayotgani uchunmi?
Ilyos Yusupov:
— Yo‘q, ishlamayotgani uchun deb aytolmayman. Chunki bitta narsani hisobga olaylik, bu – Xabeas korpus instituti, ya’ni inson huquqini cheklash bilan bog‘liq harakat. 48 soatlik muddat o‘tib ketgandan so‘ng qo‘yib yuborish, umuman olganda, JPKda ham belgilangan. O‘sha muddat tugagandan so‘ng shaxs darhol ozod etilishi, nafaqat 48 soat, bundan-da oldin uning qaysidir bir jinoyat sodir etilishiga aloqasi yo‘qligi aniqlanadigan bo‘lsa, tergovchi 48 soat o‘tishini kutmasdan ham ozod etishi mumkinligi qonunda bor.
Lekin JPK, ma’lum bir qonunlar yoki boshqa hujjatlarda ushbu harakatlar belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, ayrim mansabdor shaxslar tomonidan bu holatga yo‘l qo‘yilmagani, menimcha, bu inson huquqiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qilayotganini va shu bilan bir qatorda Konstitutsiyamizning respublikamizda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha bosh qonunimiz bo‘lgani sababli ham mazkur o‘zgartirishning kiritilishini yoqlayman. Chunki Konstitutsiyaga amal qilish, uning talablariga bo‘ysunish barcha uchun birday majburiy hisoblanadi. Shuning uchun ham bu masala Konstitutsiyada ifodasini topadigan bo‘lsa, o‘ylaymanki, bu harakatni amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan shaxslar qonunlarga qat’iy rioya qila boshlashadi.
Suhbatni to‘liq ushbu havola orqali ko‘rishingiz mumkin.
Jamshid Niyozov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
18:40 / 23.06.2026
Falajlikda o‘tgan 4 yil yoxud Islomov rahbarligi davrida sud tizimi
10:00 / 17.06.2026
Sud jarayonlarida advokatlar vakolatlari kengaytirilishi mumkin
09:00 / 16.06.2026
Firibgarlar sud organlari nomidan SMS yubormoqda
09:31 / 13.06.2026