Boltiqbo‘yida RF harbiy aviatsiyasi bilan bog‘liq hodisalar soni ko‘paydi
Rossiyaning Ukrainaga hujumi boshlanganidan beri NATOning Rossiya harbiy samolyotlari bilan qarama-qarshiligi holatlari tez-tez uchramoqda, deya ma’lum qildi Germaniya HHK bosh inspektori. Rossiya samolyotlari NATO havo hududiga yaqinlashgan.
RFning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan keyin hamda Moskva va NATO o‘rtasidagi munosabatlardagi keskinlik kuchayishi fonida, Boltiq dengizi ustida Rossiya harbiy samolyotlari bilan bog‘liq hodisalar soni ortdi. «Ha, biz buni aniq payqayapmiz, ko‘proq hodisalar kuzatilyapti», dedi Germaniya harbiy-havo kuchlari bosh inspektori Ingo Gerxars.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday hodisalar vaqtida Rossiya harbiy samolyotlari NATO havo hududiga yaqinlashgan, shundan so‘ng ularni Shimoliy Atlantika alyansi samolyotlari tutgan. Eng so‘nggi hodisa 19 avgust kuni, Rossiya razvedka samolyoti qiruvchi samolyotlar hamrohligida Kaliningraddan Boltiq dengizi ustidagi mintaqaga uchib o‘tganida yuz berdi. Tez orada Germaniya HHK samolyotlari osmonga ko‘tarildi, ular Rossiya samolyotlaridan ma’lum masofada harakatlandi, deb xabar berdi general-leytenant Gerxars.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya harbiy samolyotlarining xalqaro hududdagi parvozlari hech qanday me’yorlarni buzmaydi, biroq NATO o‘z havo hududi chegaralari Rossiya samolyotlari kesib o‘ta olmaydigan «qizil chiziq» ekanligini ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, Germaniya HHK qo‘mondoni NATO «favqulodda vaziyat yuzaga kelganda» Boltiqbo‘yi mintaqasi xavfsizligini har qanday hujumlardan himoya qila olishiga e’tibor qaratdi. U shu paytgacha betaraf bo‘lgan Shvetsiya va Finlandiyaning ittifoqqa kirishi rejalashtirilganini, buning natijasida NATO ushbu mintaqada qo‘shimcha harbiy aviatsiya kuchlariga ega bo‘lishini eslatdi.
Avgust oyi boshidan beri Germaniya Vengriya va Italiya bilan birgalikda NATOning Baltic Air Policing missiyasi doirasida Boltiqbo‘yi mamlakatlari havo kengliklarida patrullik qilmoqda. Beshta Eurofighter Typhoon qiruvchisi Estoniyaning Emarida joylashgan bo‘lib, ular kecha-yu kunduz shay turadi. Ularga Ispaniya qiruvchilari ham qo‘shilishi kutilmoqda. Germaniya HHKning yana bir favqulodda yordam bo‘linmasi Quyi Saksoniya federal yerida joylashgan. Bunda, yangi kontingentlar aprel oyidan buyon mintaqada patrullik qilayotgan Belgiya, Fransiya va Ispaniya bo‘linmalarini almashtirdi.
2004 yilda Estoniya, Latviya va Litva ittifoqqa qo‘shilganidan beri NATO ittifoqchilari Boltiqbo‘yi osmonini navbat bilan qo‘riqlab keladi. Bu uch davlatning o‘z qiruvchilari yo‘q. NATO missiyasi doirasida chet el samolyotlari parvoz qoidalariga rioya qilmasa yoki havo harakatini boshqarish organlari bilan aloqa qilmasa, qiruvchi samolyotlar osmonga ko‘tariladi. «NATO tezkor reaksiya bildiruvchi samolyotlari ittifoq havo kengliklariga tahdid solishi mumkin bo‘lgan har qanday samolyotni tutib olish uchun bir necha daqiqada havoga ko‘tarilishga tayyor», — deyiladi alyans xabarida.
Mavzuga oid
09:30 / 12.10.2024
Germaniya maxsus kuchlari Boltiqbo‘yi infratuzilmasini qo‘riqlash uchun yuboriladi
21:00 / 07.10.2024
Ramzon Qodirov migratsiya siyosatida «o‘rta asr yondashuvlaridan» voz kechishga chaqirdi
20:07 / 07.10.2024
Rossiyada sakkiz nafar general lavozimdan olindi - OAV
20:51 / 04.10.2024