19:49 / 23.08.2022
79712

G‘alvir suvdan ko‘tarildi. Abituriyentlarning yarmi ham minimum o‘tish ballini yig‘olmagan

​​​​​​​Bu yil jami 1 million 73 ming abituriyent testga kirgan bo‘lsa, ularning 51,2 foizi hatto minimal o‘tish ballini ham yig‘olmadi. Eslatib o‘tamiz, 11-sinf bitiruvchilaridan yakuniy attestatsiya olishni DTMga o‘tkazish belgilangan. Bu esa agar sinovlar avgust imtihonlaridek shaffof bo‘lsa, maktab bitiruvchilarining katta qismi davlat attestatini qanday qilib oladi degan savolni o‘rtaga chiqarmoqda.

Foto: Kun.uz

Davlat test markazi ma’lumotiga ko‘ra, bu yil bakalavriatga qabulda o‘tgan yilgidan 180 ming nafar ko‘p abituriyent ishtirok etgan. 2021 yil 892 710 nafar abituriyent testga kirgan bo‘lsa, ular bu yil 1 073 821 nafarni tashkil qilgan.

Test topshiruvchilarning soni oshgan, lekin ularning bilimi haqida bunday deb bo‘lmaydi.

Maksimal va minimal ballar

2022 yilgi tartibga ko‘ra, abituriyentlar majburiy 3ta fan: ona tili, matematika va O‘zbekiston tarixidan 10 tadan test yechib, jami 30ta testdan maksimal 33 ball yig‘ishlari mumkin edi.

Tanlangan yo‘nalishga mos 2 ta fan bo‘yicha esa quyidagicha:

  • 1-fan – 30 ta savol, har biri uchun 3,1 balldan, maksimal ball – 93 ball
  • 2-fan – 30 ta savol, har biri uchun 2,1 balldan, maksimal ball – 63 ball.

Shunda jami fanlarni qo‘shganda abituriyent maksimal 189 ball (33+93+63) olishi mumkin bo‘ladi. Bu raqamning:

  • 36 foizi, ya’ni 68,0 – davlat granti asosida o‘qishga qabul uchun minimal o‘tish balli,
  • 30 foizi, ya’ni 56,7 – to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul uchun minimal o‘tish balli deb belgilangan.

Bu yilgi natijalar

Davlat test markazi ma’lumotlari

DTM ma’lumotiga ko‘ra, bu yil 550 102 nafar abituriyent, ya’ni jami abituriyentlarning yarmidan ko‘pi – 51,2 foizi o‘tish ballini yig‘olmagan.

O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 36 foiz bo‘lgan. Foizlar oshishiga bu yil abituriyentlar soni o‘tgan yilgidan 180 mingga ko‘proqligi, majburiy blokdagi oson savollarga beriladigan ballar kamaytirilib, mutaxassislik faniga ko‘proq ball berilgani ham sabab bo‘lgan.

Yuqori va past natija qayd etgan hududlar

Jadvalga ko‘ra, eng past o‘tish ballini ham yig‘olmagan abituriyentlarning eng ko‘p qismi Toshkent viloyatiga to‘g‘ri keladi. Bu yerda 101 239 nafar abituriyent testga kirgan bo‘lsa, ularning 56 587 nafari, ya’ni 55,9 foizi o‘tish ballini yig‘olmagan.

Jami 9 ta hudud: Toshkent, Sirdaryo, Navoiy, Qoraqalpog‘iston, Surxondaryo, Andijon, Qashqadaryo, Jizzax va Namangan viloyatlarida abituriyentlarning 50 foizdan ko‘prog‘i 56,7 balldan past ball olishgan. Nisbatan yaxshi natija – 55,8 foiz esa Toshkent shahriga to‘g‘ri kelgan.

Bu nimani anglatadi?

Foto: Kun.uz

Yuqorida aytilganidek, 56,7 ball – bu to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori 189 ballning 30 foizi degani. Ya’ni abituriyent hech bo‘lmasa 30 foiz bilimga ega bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkichni to‘play oladi.

Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev bu natijani akademik reyting tizimiga taqqoslab, har ikkita abituriyentdan biri 1 baho ham ololmaganini qayd etdi.

“30 foiz bilim reyting tizimidan qiyos olsak, hatto 2 baho ham emas! 1 baho desak to‘g‘ri bo‘lar balki.

Ya’ni 2 bahoga o‘qiganlar ham taxminan 35-55 foiz natija ko‘rsata olishi kerak (66 balldan yuqori)”, – deydi u.

O‘rtacha eng yuqori ball

DTM statistikasiga ko‘ra, abituriyentlarning o‘rtacha eng yuqori balli Buxoro viloyatida – 70 ballga to‘g‘ri kelgan.

Bitiruvchilari o‘rtacha eng yuqori ball qayd etgan ta’lim muassasasi esa Navoiy shahridagi matematika, fizika va ingliz tiliga ixtisoslashtirilgan maktab internati bo‘lgan.

Bu maktabdan jami 50 nafar bitiruvchi o‘qishga topshirib, o‘rtacha eng yuqori ball 159,99 ni tashkil qilgan.

Maktab bitiruvchilari kesimidagi statistikaga ehtiyoj bor

Davlat test markazi e’lon qilgan statistika jami abituriyentlarga oid. Ya’ni maktabni shu yil tamomlagan yoshlar qanday natija ko‘rsatganiga oid alohida raqamlar hozircha ochiqlanmadi.

Hozirda 11-sinf bitiruvchilari yoz oylarida ikki marta: maktabni bitirish uchun va oliygohga kirish uchun imtihon topshiryapti. Yaqin yillarda ana shu ikki imtihon unifikatsiya qilinadi, ya’ni birlashtirib yuboriladi. Bu prezident imzolagan bir nechta hujjatlarda qayd etilgan.

Kutilayotgan yangi tizimda yakuniy davlat attestatsiyasini maktabning o‘zi emas, Davlat test markazi tashkillashtiradi. Agar bu amalga oshsa va attestatsiya imtihonlari ham avgust imtihonlaridek shaffof o‘tishi ta’minlansa, so‘nggi yillardagi natijalardan kelib chiqib bitiruvchilarning ma’lum qismi imtihonni topshira olmasligini taxmin qilish mumkin.

Bunday tizimga o‘tish haqida 2020 yildagi prezident qarorida belgilangan edi. Shu qarorga muvofiq, o‘sha yili DTM yangi tartibning mexanizmini belgilovchi qaror loyihasini ishlab chiqib, muhokamaga qo‘ygandi.

O‘tgan oyda shunga doir yana bir qaror loyihasi e’lon qilindi. Unda 11-sinflardan yakuniy imtihonni DTM oladigan tizimga 2024 yildan o‘tilishi ko‘zda tutilgan. DTM direktori Majid Karimov bu yangilik 2023 yildan joriy etilishi ham mumkinligini aytgan.

Loyihaga ko‘ra, attestatsiyada topshirgan testi natijalari bo‘yicha maktab bitiruvchilariga elektron milliy sertifikat beriladi. Bu sertifikat 3 yil muddatga amal qiladi.

Top