08:00 / 23.08.2022
4186

«Yandeks.Novosti» sobiq rahbari muqobil servisni ishga tushirdi

Tadbirkor Lev Gershenzon «Yandeks.Novosti»ga muqobil loyihani ishga tushirdi. Hozircha bu The True Story yangiliklar agregatorining beta-versiyasi bo‘lib, u OAV materiallaridan syujyetlarni to‘playdi.

Lev Gershenzon / Foto: Russkiye norm / YouTube

«Yandeks.Novosti» yangiliklar agregatorining sobiq rahbari, tadbirkor Lev Gershenzon The True Story muqobil servisining beta-versiyasini ishga tushirdi. Bu haqda u 22 avgust, dushanba kuni Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi. 

«Bu beta-versiya - ya’ni har doim ham hamma narsa ishlamaydi yoki hamma narsa ham biz xohlagandek ishlamaydi. Biz yangi funksiyalar qo‘shamiz, asosiy algoritmlarni tuzatamiz va xatolarni tuzatamiz», deb yozadi Gershenzon. 

Unga ko‘ra, OAV materiallaridan tashqari, ijtimoiy tarmoqlardagi postlar va muayyan voqea bilan bog‘liq har qanday boshqa kontent muayyan mavzularda joylashtiriladi. 

«Bizning vazifamiz kunning asosiy voqealarini ko‘rsatish va har bir voqea haqida qisqacha ma’lumot taqdim etish, voqea haqida batafsil yozadigan turli OAV materiallariga havolalar berishdir», deb tushuntirdi tadbirkor. 

Uning ta’kidlashicha, yangi loyihasi allaqachon dastlabki investitsiyalarni jalb qilgan - taxminiy yillik budjetning deyarli 5 foizi topilgan. The True Story jamoasi hozirda potensial investorlar bilan muzokaralar olib bormoqda. 

«Bugungi taqdimot, umid qilamanki, bu ajoyib hikoyaning boshlanishi. The True Story’ni o‘qing, taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashing, yaxshilanishlarni taklif qiling. Taklif qanchalik yaxshi va konstruktiv bo‘lsa, uni amalga oshirish ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi», deb yozadi Gershenzon. 

Eslatib o‘tamiz, mart oyida, Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan ko‘p o‘tmay, «Yandeks» bosh direktori Tigran Xudaverdyanga qarshi sanksiyalar joriy etilgan edi. Bunda Gershenzonning «Yandeks.Novosti» rossiyalik foydalanuvchilardan sodir bo‘layotgan voqealarning to‘liq tafsilotini yashirayotgani haqidagi bayonotlari ham muhim rol o‘ynadi. 

Mavzuga oid
Top