Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Chexiya YeIga rossiyaliklarga soddalashtirilgan tartibda viza berishni bekor qilish taklifi bilan chiqadi
Agar Yevropa ittifoqi davlatlari Praga taklifini qabul qilsa, Rossiya fuqarolari uchun viza olish imkoniyati saqlanib qoladi, lekin ularni berish tartibi yanada murakkablashadi.
Yevropa ittifoqiga raislik qilayotgan Chexiya avgust oyining oxirida Yevropa ittifoqi tashqi ishlar vazirlarining norasmiy yig‘ilishida Rossiya va Belarus fuqarolariga Shengen vizalarini berishning soddalashtirilgan tartibini butunlay bekor qilishni taklif qiladi, deb xabar bermoqda 25 avgust, payshanba kuni Bloomberg Chexiya tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiyga tayangan holda.
Agar Praga taklifi qabul qilinsa, ruslar va belaruslar hali ham YeIga viza olishlari mumkin bo‘ladi, ammo ularni berish tartibi qiyinlashadi: ro‘yxatdan o‘tish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar soni, shuningdek, arizalarni ko‘rib chiqish vaqti va konsullik yig‘imi (35 yevrodan 80 yevrogacha) oshadi, deb yozadi Bloomberg.
Agentlik suhbatdoshlari sammitda viza cheklovlari ko‘lami bo‘yicha «qattiq munozara» bo‘lishini kutmoqda, chunki Germaniya, Avstriya va Yevropa ittifoqining turizmdan pul topayotgan ayrim janubiy davlatlari qattiq choralarga qarshi chiqishi mumkin. Bloomberg manbasining ta’kidlashicha, vizani soddalashtirish bo‘yicha kelishuvning to‘liq to‘xtatilishi «birinchi zarur qadamdir». Agentlik bu qarorni «murosa» deb atamoqda.
Yig‘ilish ishtirokchilari uning yakunlari bo‘yicha rasmiy bayonotlar bermaydi va har qanday yakuniy qaror sammit tugaganidan bir necha hafta o‘tgach qabul qilinadi, deb ta’kidlaydi Bloomberg.
Chexiya 25 fevral kuni - Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlangan kunning ertasiga rossiyaliklarga sayyohlik vizalari berishni to‘xtatdi va boshqa Yevropa ittifoqi davlatlarini ham shunga amal qilishga chaqirdi. Chexiyadan tashqari, Estoniya, Litva va Latviya rossiyalik sayyohlar uchun kirishni yopishni faol qo‘llab-quvvatlamoqda. «Rossiyaliklarga turistik vizalar berishni to‘xtating. Yevropaga tashrif buyurish inson huquqi emas, imtiyozdir», - dedi Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas.
18 avgustdan boshlab mamlakat Estoniya Shengen vizasiga ega bo‘lgan Rossiya fuqarolarining o‘z hududiga kirishini taqiqladi. Taqiq boshqa Shengen davlatlari tomonidan berilgan ruxsatnomalarga taalluqli emas. Avgust oyi boshida Latviya rossiyaliklarga har qanday viza berishni to‘xtatdi, bunda yaqin qarindoshining dafn marosimiga borish istisno qilindi.
Yevropa komissiyasi bir qator davlatlarning chaqiriqlariga javoban, Shengen kelishuvining amaldagi normalari butun Yevropa ittifoqi darajasida qisqa muddatli vizalar berishni to‘liq to‘xtatishga imkon bermasligini ta’kidladi. «Har doim viza berilishi kerak bo‘lgan odamlar guruhlari bor. Gap gumanitar ishlar, oila a’zolari (Yevropa ittifoqi mamlakatlari fuqarolarining - tahr.), jurnalistlar va dissidentlar haqida ketmoqda», - deya ma’lum qildi YeK.
Yevropa ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel ham to‘liq taqiqga qarshi chiqdi. «Barcha rossiyaliklarga kirishni taqiqlash yaxshi fikr emas. Biz tanlab olishimiz kerak», - dedi u.
Germaniya kansleri Olaf Shols ham Rossiya fuqarolarining kirishini butunlay taqiqlashga qarshi chiqdi va bunday chora oddiy rossiyaliklarga ta’sir qilishini ta’kidladi. «Bu Putinning urushi, shuning uchun menga bunday chaqiriqlar yoqmaydi», dedi u avgust oyi boshida. «Biz qabul qilayotgan barcha qarorlar bu odamlarning Rossiyadagi diktaturadan qutulish uchun ozodlik izlashi va mamlakatni tark etishini qiyinlashtirmasligi kerak», dedi keyinchalik Shols.
Mavzuga oid
10:40
YeI va Kreml o‘rtasida norasmiy aloqalar bo‘lgani xabar qilindi
08:45
G7 bayonotidan so‘ng Kiyev yana hujumga uchradi
08:29
Putinga yaqin deb hisoblangan biznesmen qamoqqa olindi
22:32 / 17.06.2026