Jahon | 10:49 / 27.08.2022
20665
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi konferensiya hujjatini imzolashdan bosh tortdi

YaQsh konferensiyasi yakuniy hujjat imzolanmasdan, Rossiya uning matniga rozi emasligini bildirganidan keyin yakunlandi.

YaQsh konferensiyasi / Foto: Hiona Shiraiwa

Rossiyaning Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomani (YaQsh) ko‘rib chiqish konferensiyasi natijalari bo‘yicha yakuniy hujjatni imzolashni istamasligi haqidagi bayonotidan so‘ng, 26 avgust, juma kuni BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida tadbirda ishtirok etuvchi davlatlarning uchrashuvi kommyunike imzolamay turib yakunlandi. «Men chuqur afsusdaman, bu konferensiyada hech qanday kelishuvga erishilmadi», dedi konferensiya prezidenti Gustavo Zlauvinen.

Hujjatni imzolashdan bosh tortishga Rossiya delegatsiyasi vakili, Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Yadro qurollarini tarqatmaslik va nazorat qilish departamenti direktori o‘rinbosari Igor Vishnevetskiyning hujjat matni mazmuniga e’tirozlari sabab bo‘ldi. Dpa ma’lumotlariga ko‘ra, u Rossiya yakuniy kelishuv loyihasining besh bo‘limi mazmunini ma’qullamasligini, yuzaga kelgan da’volar haqida aniq ma’lumot bermasdan turib, bu bayonotni boshqa ba’zi davlatlar qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Rossiya delegatsiyasining yana bir vakili ham xuddi shunday bayonot berib, boshqa davlatlar Ukrainaga qarshi boshlagan urush tufayli konferensiyadan «Rossiya bilan hisob-kitob qilish» uchun foydalanayotganiga ishora qildi. 

Vishnevetskiyning nutqidan so‘ng ko‘plab boshqa mamlakatlar vakillari yakuniy hujjat matniga rozi bo‘lishdi, biroq ularning bayonotlari vaziyatni o‘zgartirmadi. Shuni hisobga olib, 1-26 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan konferensiya hujjatning faqat YaQsh bo‘yicha navbatdagi konferensiyani o‘tkazish sanalarini belgilovchi protsessual qismini imzolash bilan yakunlandi – u 2026 yilda bo‘lib o‘tadi, unga tayyorgarlik ko‘rish tartibi tasdiqlandi. 

AFP agentligi tomonidan ko‘rilgan hujjat loyihasiga ko‘ra, konferensiya ishtirokchilari Ukraina atom elektr stansiyalari hududlarida, xususan, hozir rus qo‘shinlari tomonidan ishg‘ol qilingan va otishmalar ostidagi Zaporijjya atom elektr stansiyasi (ZAES)dagi harbiy amaliyotlardan «jiddiy tashvish» bildirmoqchi bo‘lishdi.

Hujjatda, shuningdek, Ukraina hukumati «ushbu harbiy harakatlar natijasida» ZAES ustidan nazoratni yo‘qotgani, bu esa mintaqa xavfsizligi uchun «salbiy oqibatlarga» olib kelishi tanqid qilingan. 

AEXA rahbari Rafael Grossi ham ZAES hududidan harbiy harakatlarni uzoqlashtirish zarurligi haqida gapirib, u yerdagi vaziyatni «tasavvur qilish mumkin bo‘lgan barcha mumkin bo‘lgan xavfsizlik qoidalari buzilishining kombinatsiyasi» deb ta’rifladi. 

Birlashgan millatlar tashkiloti Moskvaga ZAESga to‘siqsiz kirishni ta’minlash va stansiya atrofidagi zonani qurolsizlantirish iltimosi bilan bir necha bor murojaat qilgan, ammo Rossiya buni rad etgan. Rossiya TIV stansiyani bosib olishda davom etishning sababi sifatida uni «ko‘proq zaif» qilishni istamaslik niyati bilan bog‘ladi.

Shu bilan birga, Ukraina tomoniga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari ZAES hududini minalashtirgan va stansiyaning o‘zi o‘qqa tutilgandan so‘ng uskunalarning shikastlanishi sababli xavfsizlik standartlari buzilgan holda ishlayapti, Ukraina bunda Rossiyani ayblamoqda. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid