Jahon | 18:45 / 28.08.2022
16049
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh harbiy kemalari Tayvan bo‘g‘oziga kirdi

AQShning Yaponiyadagi 7-floti xabarida aytilishicha, Pekinning e’tirozlariga qaramay, Amerikaning ikkita harbiy kemasi Tayvan bo‘g‘ozidagi xalqaro suvlar bo‘ylab harakatlanmoqda. Bu avgust oyi boshida AQSh Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining orolga tashrifi vaqtida Tayvan va Xitoy o‘rtasida kuzatilgan keskinlikdan buyon o‘tkazilayotgan bu kabi ilk amaliyotdir.

«Chanselorsvill» kreyseri Sharqiy Xitoy dengizida / US 7TH FLEET

O‘shanda Xitoy bu tashrifga keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish bilan reaksiya qilgandi. Pelosining tashrifidan taxminan bir hafta o‘tib orolga besh nafar amerikalik qonunchilardan iborat guruh ham keldi, xitoylik harbiylar esa bunga javoban Tayvan atrofida qo‘shimcha mashg‘ulotlar boshlashdi.

So‘nggi yillarda AQSh harbiy-dengiz kuchlari kemalari, shuningdek, Britaniya va Kanada kabi G‘arbning boshqa mamlakatlari kemalari tez-tez bo‘g‘oz orqali harakatlanib, Pekinning g‘azabini keltirib turadi.

Vashingtonning ma’lum qilishicha, ikkita raketali kreyser xalqaro suvlarda suzish erkinligiga sodiqligini namoyish etmoqda. «Bu kemalar har qanday davlat hududiy suvlaridan tashqaridagi yo‘lak orqali o‘tmoqda. Tayvan bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovi AQShning Hind-Tinch okeanlari mintaqasidagi ochiqlik va erkinlik prinsipiga sodiqligini ko‘rsatadi. Amerikalik harbiylar xalqaro huquq ruxsat bergan barcha joylarda uchishadi, suzishadi va harakatlanishadi», deya AQShning bazasi Yaponiyada joylashgan 7-floti bayonotini keltiradi CNN.

Nisbatan ancha tor bo‘lgan Tayvan bo‘g‘ozi (180 kilometr) 1949 yilda kommunistlardan mag‘lub bo‘lgan Xitoyning avvalgi hukumati Tayvanga qochib o‘tganidan buyon tez-tez harbiy keskinliklar manbayi bo‘lib keladi. Xitoy Kommunistik partiyasi hech qachon orolni nazorat qilmagan.

AQSh harbiy-dengiz kuchlari xalqaro qonunga tayanadi (unga ko‘ra, mamlakat sohillaridan 12 dengiz mili - 22,2 kilometr masofadan hududiy suvlar chegarasi o‘tishi belgilangan) va muntazam ravishda bo‘g‘ozga kemalarini jo‘natib, buni suzish erkinligi amaliyotlari deb ataydi. Pekin bunday harakatlar provokatsiya ekanini aytadi va Tayvan oroli Xitoyning ajralmas qismi ekanini ta’kidlaydi.

Xitoy avgust oyi boshida Pelosining tashrifi ortidan Tayvan atrofida yirik harbiy mashg‘ulotlar boshlagandi. Keyin esa yangi mashg‘ulotlar haqida e’lon qilindi. Pelosining safari Pekin rasmiylarini qattiq g‘azablantirdi, buni AQShning Xitoy ichki ishlariga aralashishga urinish sifatida baholashdi.

Amerikaning rasmiy shaxslari shanba kuni Reuters’ga anonimlik sharti bilan «Chanselorsvill» va «Antiyetam» kreyserlari amaliyot boshlagani va bu davom etayotganini aytishdi. Qayd etilishicha, bunday amaliyot sakkiz soatdan 12 soatgacha davom etadi va xitoylik harbiylarning doimiy kuzatuvida bo‘lib turadi.

AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati tashriflar tufayli Vashington va Pekin o‘rtasida yuzaga kelgan keskinlikni yumshatishga harakat qiladi. Oq uy kongressmenlarga ta’sir ko‘rsata olmasligini, ammo ularning harakatlarini provokatsiya sanamasligini bildiradi.

Pelosi Tayvandagi demokratiyani qo‘llab-quvvatlamoqchiligini aytdi. «[Delegatsiya] bu yerga biz Tayvanni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha majburiyatimizdan voz kechmasligimizni va mustahkam do‘stligimizdan faxrlanishimizni ochiq ko‘rsatish uchun keldi. Hozir Amerikaning Tayvan bilan birdamligi har qachongidan ham muhim», dedi Pelosi Tayvan ma’muriyati rahbari Say Inven bilan uchrashuvda.

AQSh Tayvan bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatmagan, ammo qonun bo‘yicha orol davlatga o‘zini mudofaa qilish uchun zarur qurollar yetkazib berishi kerak. Xitoy Tayvan ustidan nazorat o‘rnatish uchun kuch ishlatish ehtimolini istisno etmaydi.

Mavzuga oid