Bayram kunlari ob-havo o‘zgarishi kutilmaydi - «O‘zgidromet»
Hafta birinchi yarmida va bayram kunlari O‘zbekiston barcha hududlarida quruq va biroz issiq ob-havo saqlanib turadi.
“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, hafta birinchi yarmida havo harorati 33-35 daraja issiq atrofida bo‘ladi.
Qayd etilishicha, bayram kunlari 33-37 darajagacha biroz issiqroq bo‘ladi. Kechalari va ertalabki soatlarda 13-18 daraja iliq atrofida bo‘lgan qulay harorat kuzatiladi.
Bundan oldin Gidrometeorologiya markazi O‘zbekiston bo‘yicha 30 avgust, seshanba kuni kuzatiladigan ob-havo ma’lumotini e’lon qilgandi.
Unga ko‘ra, Toshkent shahrida havo biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi 16-18 daraja iliq, kunduzi 33-35 daraja issiq bo‘ladi.
Respublika tog‘li hududlarida havo biroz bulutli bo‘ladi, ba’zi joylarda o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 7-12 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi 10-15 daraja iliq, kunduzi 22-27 daraja issiq bo‘ladi.