O‘zbekiston | 07:45 / 31.08.2022
3143
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Belarus prezidentlari hamkorlikni kengaytirishni muhokama qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 avgust kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqot qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Suhbat avvalida Belarus rahbari Shavkat Mirziyoyev va ko‘p millatli xalqini yaqinlashib kelayotgan mustaqillik bayrami bilan muborakbod etdi, O‘zbekistonga tinchlik-osoyishtalik, barqaror taraqqiyot va ravnaq tiladi. O‘zbekiston prezidenti, o‘z navbatida, Belarus prezidentini tavallud kuni bilan qutlab, unga sog‘lik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va amaliy sheriklik loyihalarini ilgari surish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar oliy darajadagi kelishuvlar amalga oshirilishi tufayli O‘zbekiston-Belarus munosabatlarida yuksak darajaga erishilganini ta’kidladi.

O‘tgan yilda tovar ayirboshlash 44 foizga, joriy yil yetti oyida yana 12 foizga oshdi. O‘tgan hafta Minsk shahrida qo‘shma hukumatlararo komissiya navbatdagi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Iqtisodiyot turli tarmoqlariga doir ishlab chiqilayotgan yirik kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish muhimligi qayd etildi. Davlat rahbarlari faol madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini davom ettirish lozimligini ta’kidladi.

Mintaqaviy kun tartibi, joriy yil sentabr oyida Shanxay hamkorlik tashkiloti Samarqand sammitini o‘tkazish yuzasidan fikr almashildi.

Mavzuga oid