Jahon | 08:33 / 31.08.2022
10045
3 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyaning Mitsui kompaniyasi «Saxalin-2»dagi ulushini saqlab qoladi

«Saxalin-2» operatori o‘zgarishidan oldin Mitsui kompaniyasining neft va gaz loyihasidagi ulushi 12,5 foizni tashkil etgan. Yaponiyaning yana bir kompaniyasi - Mitsubishi Corp. ham o‘z ulushini saqlab qolish niyatida. 

Foto: Global Look Press

Yapon kompaniyasining saytida 31 avgust, chorshanba kuni chop etilgan press-relizda aytilishicha, Yaponiyaning Mitsui shirkati Rossiya tomoni bilan «Saxalin-2» neft-gaz loyihasidagi o‘z ulushini saqlab qolishga kelishib oldi. Haqiqiy milliylashtirish va loyiha operatori o‘zgarishidan oldin Mitsui ulushi 12,5 foizni tashkil etgandi. 

Ushbu hajm saqlanib qoladimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum. Biroq, kompaniya Rossiya tomoni bilan muzokaralarni davom ettirishini, shuningdek, barcha manfaatdor tomonlar, shu jumladan Yaponiya hukumati va biznes hamkorlari bilan kelishuvga rioya qilish zaruratidan kelib chiqqan holda keyingi harakatlarini muhokama qilishini ta’kidlagan.

26 avgust kuni Rossiya hukumati «Saxalin-2» loyihasining yangi operatoridagi 12,5 foizni Dubayda ro‘yxatdan o‘tgan Mitsui shu’ba korxonasi MIT SEL Investment’ga o‘tkazishga ruxsat berdi. Yaponiyaning NHK mediakompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, loyihaning Yaponiyadan ikkinchi ishtirokchisi - Mitsubishi Corp. ham operator o‘zgarishidan oldin 10 foizni tashkil etgan «Saxalin-2»dagi ulushini saqlab qolish niyatida. 

30 iyun kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin farmonni imzoladi, unga ko‘ra «Saxalin-2» operatori «Saxalin Enerji Investment Kompani Ltd» Rossiya hukumati tomonidan yaratilgan yangi kompaniyaning mulkiga aylandi. Yangi kompaniyaga «Gazprom Saxalin xolding» (50 foiz plyus 1 aksiya) va korporatsiyaning o‘zi egalik qiladi, qolgan aksiyalar boshqa egalarga ularning ulushlariga mutanosib ravishda berilishi kerak edi.

Eski operator aksiyadorlariga yangi kompaniyaning ulushini olishga rozi bo‘lish-bo‘lmasligini hal qilish uchun bir oy muddat berildi. Aksiyadorlar orasida «Gazprom», Shell, Mitsui va Mitsubishi Corp. bor. Shundan so‘ng, 27,5 foiz minus bir ulushga ega bo‘lgan Britaniya-Niderlandiyaning Shell shirkati loyihani tark etishini e’lon qildi. Shu bilan birga, Tokio rasmiylari yapon kompaniyalaridan «Saxalin-2»ni tark etmaslikni so‘ragan. 

«Saxalin-2» loyihasi doirasida Rossiyada suyultirilgan gaz ishlab chiqaruvchi birinchi zavod ishga tushirildi. Loyiha Oxota dengizidagi uchta burg‘ilash platformasini, Saxalindagi texnologik kompleksni va orol janubidagi terminalni o‘z ichiga oladi. «Saxalin-2» yiliga 10 million tonna STG ishlab chiqaradi, olti million tonna Yaponiyaga jo‘natiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid